G‘ayridinlar nima uchun bilishmaydi?

Assalomu alaykum! Eshitishimcha Qur’ondan oldinga kitoblarda payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida aytib ketilgan ekan. Ya’ni keyingi avlod shu insonga ergashishlari haqida aytilgan ekan. Nega boshqa din vakillar Injil deb nomlangan kitoblarni bilishadi, lekin payg‘ambarimizga ergashish kerakligini bilishmaydi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Alloh taolo “Baqara” surasida marhamat qiladi:  وَلَئِنْ أَتَيْتَ الَّذِينَ أُوْتُواْ الْكِتَابَ بِكُلِّ آيَةٍ مَّا تَبِعُواْ قِبْلَتَكَ وَمَا أَنتَ بِتَابِعٍ قِبْلَتَهُمْ وَمَا بَعْضُهُم بِتَابِعٍ قِبْلَةَ بَعْضٍ وَلَئِنِ اتَّبَعْتَ أَهْوَاءهُم مِّن بَعْدِ مَا جَاءكَ مِنَ الْعِلْمِ إِنَّكَ إِذَاً لَّمِنَ الظَّالِمِينَ۝ 145. Agar kitob berilganlarga barcha hujjatlarni keltirsang ham, sening qiblangga ergashmaslar. Sen ham ularning qiblasiga ergashuvchi emassan. Va ular bir-birlarining qiblasiga ergashuvchi emaslar. Agar senga kelgan ilmdan keyin ham ularning havoyi nafslariga ergashsang, u holda, albatta, sen zolimlardan bo‘lursan.
Ushbu oyati karimada ahli kitoblarning tabiati, fe’lidagi muhim nuqta tushuntirilmoqda:
«Agar kitob berilganlarga barcha hujjatlarni keltirsang ham, sening qiblangga ergashmaslar».
Ularga hech qanday hujjat kerak emas, ularning Islomga nisbatan dushmanliklari dalil va tushunchaning etishmasligidan emas, balki bilib, tushunib turib qilinayotgan dushmanlikdir. «Ahli kitoblar qiblangga ergashmaydilar», – deyilishidan ham qibla butun boshli din va millatning ramzi ekani ko‘rinib turibdi. Shuning uchun ham:
«Sen ham ularning qiblasiga ergashuvchi emassan», – deyilmoqda.
«Va ular bir-birlarining qiblasiga ergashuvchi emaslar» degan jumladagi «ular» «Ahli kitob» degan umumiy nom ostiga birlashgan yahudiy va nasroniylardir. Ular Islomga qarshi dushmanliklari tufayli birga tuyulsalar-da, ularning o‘zaro ziddiyatlari nihoyatda kuchlidir. Tabiiyki, haqiqiy qiblaning egasi ularning qiblasiga hech qachon ergashmaydi.
Musulmonlar bu haqiqatni yaxshi tushunib olmoqlari lozim.
Yahudiylar hech qachon nasroniylarning qiblasiga ergashmaydilar, ularning oralarida doimiy dushmanlik hukm suradi. Shuningdek, nasroniylar ham yahudiylarga dushmandirlar. Kamiga, yahudiylarning turli firqalari bir-birlari bilan doimiy dushmanlikdadirlar. Nasroniylarning firqalari orasidagi o‘zaro dushmanlik haqida so‘z ochmasak ham bo‘ladi. Ulardagi har bir mazhab o‘zini alohida din hisoblaydi. Shunday bo‘lgandan keyin, qanday qilib ular bir-birlarining qiblalariga ergashsinlar?!
Hamma narsa ochiq va ravshan. To‘g‘ri yo‘lni ham, ilmni ham Allohning O‘zi bergan. Shundan keyin ham boshqalarning havoyi nafsiga ergashgan odam, albatta, zulm qilgan bo‘ladi.
«Agar senga kelgan ilmdan keyin ham ularning havoyi nafslariga ergashsang, u holda, albatta, sen zolimlardan bo‘lursan», – deyilishining boisi ham shu.
Xo‘sh, nima uchun ahli kitoblar Muhammad alayhissalomga iymon keltirmayaptilar? Yoki ular u zotni tanimayotganmikanlar? Yo‘q!!! Unday emas! الَّذِينَ آتَيْنَاهُمُ الْكِتَابَ يَعْرِفُونَهُ كَمَا يَعْرِفُونَ أَبْنَاءهُمْ وَإِنَّ فَرِيقاً مِّنْهُمْ لَيَكْتُمُونَ الْحَقَّ وَهُمْ يَعْلَمُونَ۝ 146. Biz kitob berganlar uni xuddi bolalarini tanigandek tanirlar. Va albatta, ulardan bir guruhlari bilib turib, haqni berkitarlar.
Inson o‘z bolasini hammadan yaxshi taniydi. Chunki bola uning jigarbandi, unda o‘zining qoni, his-tuyg‘ulari va butun vujudi aksini topgan. Ba’zi hollarda bolaning o‘zi u yoqda tursin, hididan ham taniydi. Shunga qiyosan, zarbulmasal qilib aytilyaptiki,
«Biz kitob berganlar uni xuddi bolalarini tanigandek tanirlar».
Chunki ularning muqaddas kitoblari – Tavrot va Injilda oxirzamon Payg‘ambari haqida ochiq-oydin xabarlar kelgan. Yahudiylardan insoflilari o‘sha xabar asosida Nabiy alayhissalomga iymon keltirib, sahobalik baxtiga muyassar bo‘lganlar.
O‘shalardan biri Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhu:
– Men uni o‘g‘limdan ham yaxshi taniyman, – deganlar. Hazrati Umar roziyallohu anhu:
– Nima uchun? – deb so‘raganlarida:
– Muhammadning payg‘ambar ekaniga mening hech shubham yo‘q, ammo o‘g‘limning onasi xiyonat qilgan bo‘lishi mumkin, – deganlar. Shunda hazrati Umar u kishining boshlaridan o‘pganlar.
«Va albatta, ulardan bir guruhlari bilib turib, haqni berkitarlar».
Lekin ahli kitoblardan bir guruhlari haqni bilib tursalar-da, hasad qilib, berkitadilar. Shu jumladan, Muhammad alayhissalomning haq payg‘ambar ekanliklari va qibla haqidagi ilmni ham. Ulardagi mavjud hasad doimo o‘zini ko‘rsatib turadi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:29 | Savol-javoblar | 155 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar