Manbasi aniq va o‘zi to‘liq bo‘lmagan rivoyat

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, Alloh ilmingizni ziyoda qilsin. Savolim manbasi aniq va to‘liq bo‘lmagan bir rivoyat haqida. Bir tanishim bilan suhbatlashib o‘tirganimizda bir rivoyat aytib berdi. Men aytib bergan narsasi uchun hech narsa deya olmadim va ustozlardan so‘rab bilib beraman dedim. Rivoyat shuki: bir inson Makkaga haj safariga yo‘l oladi va yo‘lda uxlab qoladi. Uyg‘onsa atrofda hech zot yo‘q faqat qumliklar, osmon, quyosh. Shu payti oldida bir chiroyli qiz paydo bo‘libdi. Qiz tila tilagingni deya so‘raganida boyagi inson men hech narsa kerak emas deb yo‘lida davom etibdi. Oradan yillar o‘tib insonni umr soati tugab vafot etibdi. Savol javobga borganida amallariga qaramasdan o‘sha qizga yo‘q deganligi uchun do‘zaxga kiribdi. Mana shu rivoyat ishonchlimi yoki ilmsizlikdan o‘ylab topilgan oddiy uydurmami? Ustozlar savolim noo‘rindir lekin Alloh sizlardan rozi bo‘lsin tanishimga bilib beraman deb aytib qo‘ydim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Buni to‘qimaligi yuzga-yuz aniq. Shu o‘rinda muhim bir e’tiqodiy masalaga e’tibor berishimiz kerak. Qodiri mutloq yakkayu yagona Alloh taoloning O‘zidir. Bu borada Allohning eng muqarrab farishtasi bo‘lgan Jabroil alayhissalom ham payg‘ambarlarning sayyidi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Alloh taologa sherik bo‘lolmaydi. Faqatgina Alloh bera oladigan narsani Allohdan o‘zgadan so‘rash shirk hisoblanadi. Bunga xalq tilidagi “tilla baliq”lar ham kirib ketadi. Xalq bilmasdan o‘sha narsalarni Allohga tenglashtirib qo‘ygan bo‘ladi. Tilakni bajarish yolg‘iz Alloh taoloning qo‘lidadir, o‘zgalar duo qilishlari mumkin. Xalq ichida “Hizrga yo‘liqsam falon so‘rardim, bir kishiga yo‘liqqanida tila tilagingni deganida tilaganlarini bergan ekan” degan gaplar yuradi. Tilakni bajo keltirish Hizr alayhissalomning qo‘llarida ham emas. U zot duo qilsalar ijobat bo‘lishi mumkin degan e’tiqodda bo‘lish kerak. “Tillo baliqni tutib olsam falon narsani tilar edim” deb aytish hazillashib Allohga shirk keltirish bo‘ladi. Bundan saqlanishimiz kerak. Musulmon kishi hazillashib gapirsa ham e’tiqodga zid bo‘lgan narsani gapirmaslik kerak. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:45 | Savol-javoblar | 132 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar