Me’roj xaqida "besunnatlar"

Assalomu alaykum! Buxoriyda Isro xaqida hadislar bor, ammo Quddusdagi me’roj yo‘q. Buxoriy rivoyatlarida Muhammad alayhissalom Makkadan to‘g‘ri osmonga chiqqanlari xaqida aytiladi. Muslimda esa Payg‘ambar alayhissalom avval Quddusga kelib, so‘ng osmonga ko‘tarilganlari xaqida aytilgan. Bundan avval Isro voqeasi ba’zi hadislarda kelgan, ammo Me’roj bironta hadis manbasida yo‘q. Me’roj eng avval musulmonlar e’tiqodiga xijriy 235 yildan boshlab kiritildi. Yana bir qiziq nuqta, Buxoriy va Muslimda Payg‘ambar alayhissalom nubuvvatdan (Payg‘ambar bo‘lishlaridan) avval xam me’rojga ko‘tarilganlari xaqida xabarlar bor. Me’roj xaqidagi butun xabarlar 2 ta Madinalik bolalarga, Said al-Xudriy va Anas bin Molikka taqaladi. Ular, u vaqtda, Anas 10 yosh, al-Xudriy 12 yoshli bolalar edilar. Qandaydir xulosadan yoki ta’kidlardan kochib, yana bir ajoyib faktni keltirmoqchiman: Bu Avesto Getalari (Arta Viraf Namak)da kelgan, Zardusht «Payg‘ambar(?)»ni Me’roj voqeasi. Zardusht 30 yoshga to‘lganda, bir kuni farishta «Keruv aravasi» ni olib keladi va Zardusht unga minib Azarbayjon tog‘laridan farishta bilan birga osmonga ko‘tarilgan. Ular osmon tabaqalarida aylanadilar. Har bir tabaqada alohida afsonaviy zotlar kutib oladilar va ular har tabaqaga kelganlarida, «Xush kelibsan ey Arta Viraf, shu o‘limli dunyoda dog‘siz erga kelibsan!» deydilar. So‘ng, u zot (mukaddas Sarosh), «ey farishta Azar, Asta Virafni olib muqaddaslar yurti, go‘zal taxtlarni va gunoxkorlar jazosini ko‘rsat!»- dedi. Unga jannat va jahannamni ko‘rsatadilar. So‘ngra Alloh huzuriga keladilar. U Zardushtga o‘z ruxidan puflaydi. Unga ilm beradi. Qaytishda farishtalar Zardushtni ko‘ksini yoradilar. Qalbini chiqarib olib shaytoniy vasvasalardan tozalaganlar. So‘ng mis ip bilan uni ko‘ksini tikadilar. Zardusht shu shaklda Me’rojga chiqib «payg‘ambar» bo‘ladi. Meni sizlarga savollarim: - Nega bu qadar muhim voqea, agar xaqiqatda sodir bo‘lgan bo‘lsa, hijriy 235 yildan avvalgi bironta hadis manbalarida kelmagan? - Nega bu qadar muhim voqea fakatgina 10 yoshli bolalarga taqaladi, u vaqtda kibor saxobalar qaerda edilar? Nega ulardan bironta xabar yo‘q? - Nega Me’roj to‘g‘risidagi Buxoriy va Muslim Ahmad bin Hanbal variantlari keskin farq qiladi? - Nega Me’roj voqeasi, Avestoda kelgan Zardusht Payg‘ambar xaqidagi uydirma mistik ertaklar bilan bir xil? - Zardusht Me’rojga chiqib so‘ng payg‘ambar bo‘lganiga, bizda xam Payg‘ambarimiz alayhissalom nubuvvatdan avval me’rojga «chiqarilmadilarmikin»? Yoki Payg‘ambarimizni nubuvvatdan oldingi me’rojlarini qanday izohlash mumkin? Shaxsiy xulosam: Hijriy 2-asrgacha yashab o‘tgan sahoba va tobeinlar Me’roj degan voqea xaqida eshitmaganlar, bunday narsa keyinchalik diniy e’tiqod sifatida tarqalishi xaqida tasavvur xam qilmaganlar. Abdurrahmon Abdusalomov, tarixchi, mustaqil tadqiqotchi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Bu tadqiqot emas butun ummat ulamolari, xususan imom Buxoriy  va imom Muslimdek zotlarni afsona tarqatuvchi, ertakchiga chiqarishku. Ma’roj voqe’asi sahih hadislarda sobit bo‘lgan. Buni inkor qilish kufr bo‘lmasada fosiqlik hisoblanadi. Makkai Mukarramadan Baytul Maqdisga sayr qildirish oyat bo‘lan sobit bo‘lgan. Buni inkor qilish kufr hisoblanadi. Bu borada so‘z yuritishga hech qanday hojat yo‘q. chunki sahobalar va butun ummat ulamolari haqligiga iymon keltirgan dalillarini to‘laligicha o‘rganib chiqishgan. Qolaversa bu kabi masalalarni hal qilish tarixchilarning ishi emas. Bir voqe’ani egizak Hasan Husan rivoyat qilganda ham ma’nosi bir so‘zlari boshqa chiqishi tayin. Bu tadqiqot musulmonlarni e’tiqodini shubhaga solish uchun qilingan bir urinishdan boshqa narsa emas. Me’roj voqe’asi ikki bor sodir bo‘lgan. Biri uyquda ikkinchisi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyg‘oq hollarida muborak jasadlari bilan sodir bo‘lgan. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:45 | Savol-javoblar | 157 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar