Tahajjud nomozining rakaatlari xaqida

Assalomu alaykum! Muxtaram ustozlar, bir qori aka maruzalarida Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning taxajjud nomozlarini oxirida toq rakaat bilan tugatganlar degan ekan. Qori akamizning aytishlaricha 11-13 rakaat qilib tugatgan ekanlar va shunday toq rakaat bilan tugatinglar deb maslaxat berdi. Shu qanchalik to‘g‘ri? Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! عَنْ أَبِي سَلَمَةَ بْنِ عَبْدِ الرَّحْمَنِ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ سَأَلَ عَائِشَةَ: كَيْفَ كَانَتْ صَلَاةُ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي رَمَضَانَ؟ فَقَالَتْ: مَا كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَزِيدُ فِي رَمَضَانَ وَلَا فِي غَيْرِهِ عَنْ إِحْدَى عَشْرَةَ رَكْعَةً، يُصَلِّي أَرْبَعًا فَلَا تَسَلْ عَنْ حُسْنِهِنَّ وَطُولِهِنَّ، ثُمَّ يُصَلِّي أَرْبَعًا فَلَا تَسَلْ عَنْ حُسْنِهِنَّ وَطُولِهِنَّ، ثُمَّ يُصَلِّي ثَلَاثًا، فَقُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، أَتَنَامُ قَبْلَ أَنْ تُوتِرَ؟ فَقَالَ: يَا عَائِشَةُ، إِنَّ عَيْنَيَّ تَنَامَانِ وَلَا يَنَامُ قَلْبِي. رَوَاهُمَا الْخَمْسَةُ  Abu Salama ibn Abdurrahmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «U kishi Oisha roziyallohu anhodan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ramazondagi namozlari qandoq bo‘lgan?» deb so‘ralganda. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda ham, undan boshqa paytda ham o‘n bir rak’atdan ziyoda qilmas edilar. Avval to‘rt rak’at o‘qirdilar. Ularning go‘zalligi va uzunligidan asti so‘rama. Keyin yana to‘rt rak’at o‘qir edilar. Ularning go‘zalligi va uzunligidan asti so‘rama. So‘ngra uch rak’at o‘qir edilar. Men: «Ey, Allohning Rasuli, Vitr o‘qishdan oldin uxlaysizmi?» dedim. U zot: «Ey, Oisha, albatta, mening ko‘zlarim uxlar, qalbim uxlamas», dedilar». Beshovlari rivoyat qilgan.
Sharh: Ushbu hadisi sharif «Ro‘za kitobi»da ham keladi. Ana o‘shanda Allohning xohishi va yordami ila yaxshilab o‘rganamiz. Hozir esa kechasigi namozga tegishli ma’lumotlarni o‘rganib turamiz:
1. Kechasigi namozni to‘rt rak’atdan o‘qisa ham joiz.
Imom Abu Hanifa ushbu hadisni hujjat qilib, kechasigi namoz to‘rt rak’atli bo‘lgani afzal, deydilar.
2. Kechasigi namozni uzun va chiroyli qilib o‘qish kerakligi.
3. Vitr namozining uch rak’at ekanligi.
4. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ko‘zlari uxlasa ham qalblari uxlamasligi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:50 | Savol-javoblar | 136 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar