2 marta jahl ustida taloq berilgan

Assalomu alaykum! Alloh rozi bo‘lsin sizlardan. Ushbu savolni opachamdan bir dugonalari bilib berishimni so‘rab murojaat qilibdilar. Oldindan rahmat. 2 marta jahl ustida taloq berilgan, 3-si ko‘p martalab ket yo‘qol degan kalimalar jahl ustida bo‘lgan. Shunda taloq 3marta bo‘ladimi? Boshqa yashashga yo‘l qolmaydimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! “Bor yo‘qol” so‘zidan taloq qilishni niyat qilgan bo‘lsangiz taloq tushadi. Agar  “Bor yo‘qol”  so‘zidan “menga bunaqa gaplarni gapirma, nariroq tur” deyishni iroda qilgan bo‘lsangiz taloq tushmaydi. Savolingizga "Kifoya" kitobidan iqtibos keltiramiz.
Kinoyali taloq uning va undan boshqa narsaning ehtimoli bor narsadir.
Bunda taloqni ham, boshqa ma’noni ham anglatadigan lafzni xotiniga nisbat berib ishlatiladi.
«Bas», «chiq», «ket», «tur» kabilarda rad va javob ehtimoli bor.
Ya’ni xotinning savolini rad qilish yoki ijobiy javob berish ehtimoli bor.
«Xolisan», «begonasan», «ajragansan», «kesilgansan» va «haromsan»ga o‘xshashlarda so‘kish ehtimoli bor.
Ya’ni «yaxshilikdan xolisan», «toatdan begonasan», «to‘g‘ri yo‘ldan ajragansan», «yaxshi axloqdan kesilgansan», «suhbatga haromsan» kabilar bo‘lishi mumkin.
«Sana», «bachadoningning tozaligini bil», «sen bittasan», «sen hursan», «ixtiyoringni qilaver», «ishing o‘z qo‘lingda», «yo‘lingni ochib qo‘ydim» va «sendan ajradim» kabilarda ikkisining ham ehtimoli yo‘q.
Ya’ni javobning ham, so‘kishning ham ehtimoli yo‘q. Bunga o‘xshash lafzlarda taloqning yoki boshqa narsaning ma’nosi bo‘lishi mumkin.
Masalan, «Sanayver», deganda «Alloh taoloning senga bergan ne’matlarini sana», degan bo‘lishi ham, «Taloqsan, iddangni sana», degan bo‘lishi ham mumkin.
Shuningdek, «Bachadoningning tozaligini bil»da «Agar toza bo‘lsa, taloq qilmoqchiman» ma’nosi ham, «Seni taloq qildim, endi bachadoningning tozaligini bilgin» legan ma’no ham bo‘lishi mumkin.
«Sen bittasan», deganda «Sen bittasan, sendan boshqa yo‘q», degan bo‘lishi ham, «Sen bitta taloqsan», degan bo‘lishi ham mumkin.
«Sen hursan», deganda «Sen cho‘rilikdan hursan», degan bo‘lishi ham, «Sen nikoh bog‘lanishidan hursan», degan ma’noda gapirgan bo‘lishi ham mumkin.
«Ixtiyoringni qilaver»da «Xohlagan ishingni qilaver», degan bo‘lishi ham yoki «Taloqda ixtiyoringni qilaver», degan bo‘lishi ehtimol.
«Ishing o‘zingning qo‘lingda», deganda «Bilgan ishingni qilaver», degan bo‘lishi ham yoki «Taloq ishi sening qo‘lingda, xohlasang, o‘zingni o‘zing taloq qilaver», degan bo‘lishi ham ehtimol.
«Yo‘lingni ochib qo‘ydim» va «Sendan ajradim»da ma’no oydin.
Bas, rizolikda hammasi, g‘azabda avvalgi ikkisi va taloq muzokarasi bo‘lib turganda birinchisi niyatga qarab bo‘ladi.
Mazkur jumlalardan kinoya lafzlari uch qismga bo‘linishi bilinadi:
1. Xotinning taloq haqidagi savoliga javobning ehtimoli bor lafzlar.
2. So‘kish ehtimoli bor lafzlar.
3. Mazkur ikki ma’nodan boshqa ma’nolarning ehtimoli bor lafzlar.
Shuningdek, kinoya lafzlarining aytiladigan holatlari ham uch xil bo‘ladi:
1. Rozilik holati.
2. Fazab holati.
3. Taloqning muzokarasi bo‘lib turgan holat.
Agar kinoya lafzlarining uch turi ham rozilik holatida, g‘azab yoki taloq to‘g‘risida gap-so‘z bo‘lmay turib aytilgan bo‘lsa, taloq tushmaydi. Ammo er: «Men bu gapni taloq niyati bilan aytdim», desa, taloq tushadi.
Agar g‘azab, urush-janjal holati bo‘lsa, birinchi va ikkinchi qismdagi lafzlar bilan darhol taloq tushmaydi, balki erning niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Taloqni niyat qilgan bo‘lsa, tushadi, bo‘lmasa, yo‘q. Ammo g‘azab holatida «sanayver» kabi savolga radni yoki so‘kishdan boshqa ma’noni ifoda qiladigan lafzlarni aytganda taloq tushadi. Mazkur lafzlarni g‘azab ustida aytgan er keyinchalik: «Men taloqni niyat qilmagan edim», desa, gapi qabul qilinmaydi.
Er-xotin orasida taloq masalasi o‘zaro bahs qilib turilganda er mazkur uch xil lafzlardan birini aytsa, birinchi toifadagi lafzlarda niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Qolgan ikkisida to‘g‘ridan-to‘g‘ri taloq tushaveradi.
Bas, agar uchtani niyat qilgan bo‘lsa, ular tushadi. Undan boshqa holatda bir boin taloq tushadi.
Kinoya lafzlarini aytgan kishi ularni aytayotgan paytida uch taloqni niyat qilgan bo‘lsa, uch taloq tushadi. Ammo hech narsani niyat qilmagan, bir yoki ikki taloqni niyat qilgan bo‘lsa, bir boin taloq tushadi.
«Idda sana», «bachadoningning tozaligini bil», «sen bittasan»larda bir raj’iy taloq tushadi.
Baynuna va hurmatni erga nisbat berish bilan ham boin taloq tushadi. Erga taloq nisbatini berish bilan tushmaydi.
Er xotiniga: «Men senga boinman» yoki «men senga haromman», desa va taloqni niyat qilsa, taloq tushadi. Ammo er «Men senga taloqman», desa, tushmaydi. Chunki taloqni erga nisbat berib bo‘lmaydi. Uni faqat ayolga nisbat beriladi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 04:57 | Savol-javoblar | 247 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar