O‘zga din vakili bilan do‘stlik

Assalomu alaykum! O‘zga din vakili bilan do‘stlashsa bo‘ladimi? Rahmat domla.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Nafaqat do‘stlashish balki sevib ularning (eri bo‘lmagan) ayollariga uylanish ham joiz. Alloh taolo “Moida” surasida marhamat qiladi:  الْيَوْمَ أُحِلَّ لَكُمُ الطَّيِّبَاتُ وَطَعَامُ الَّذِينَ أُوتُواْ الْكِتَابَ حِلٌّ لَّكُمْ وَطَعَامُكُمْ حِلُّ لَّهُمْ وَالْمُحْصَنَاتُ مِنَ الْمُؤْمِنَاتِ وَالْمُحْصَنَاتُ مِنَ الَّذِينَ أُوتُواْ الْكِتَابَ مِن قَبْلِكُمْ إِذَا آتَيْتُمُوهُنَّ أُجُورَهُنَّ مُحْصِنِينَ غَيْرَ مُسَافِحِينَ وَلاَ مُتَّخِذِي أَخْدَانٍ وَمَن يَكْفُرْ بِالإِيمَانِ فَقَدْ حَبِطَ عَمَلُهُ وَهُوَ فِي الآخِرَةِ مِنَ الْخَاسِرِينَ۝ 5. Bugungi kunda sizlarga barcha pok narsalar halol qilindi. Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir. Sizning taomingiz ular uchun haloldir. Iffatlari saqlangan mo‘minalar va sizdan oldin kitob berilganlardan bo‘lgan iffatlari saqlangan ayollar ham, agar iffatingizni saqlagan, zinoga bormagan va o‘ynash tutmagan holingizda mahrlarini bersangiz, (sizga haloldir). Kim iymonni inkor qilsa, uning amali habata bo‘ladi va u oxiratda ziyon ko‘ruvchilardandir.
Musulmon erkak kishiga iffati saqlangan muslimaga, iffatli bo‘lib, zinokor bo‘lmay va o‘ynash tutmay, mahrini berib uylanishi shart bo‘lganidek, ahli kitobdan bo‘lgan iffati saqlangan, pokiza ayollarga uylanishida ham mazkur narsalar shart qilindi.
Avval aytib o‘tganimizdek, bir jamiyatda yashayotgan ikki dindagi shaxs o‘rtasida uylanish masalasi ham ko‘tarilishi mumkin. Shuning e’tiboridan Islomda musulmon erkakning ahli kitob ayolga uylanishiga ruxsat berilgan. Bunday nikohda xotin o‘z istagiga binoan, dinini ushlab qolishi mumkin. U o‘z dinining ko‘rsatmalariga amal qilaveradi. Islom dini uning hamma haq-huquqlarini himoya qiladi. Bunday bag‘rikenglik jamiki insoniyatning baxtiga kafolat beruvchi mukammal din bo‘lmish Islomga xos, xolos. Bu hukmning naqadar insonparvar ekanini anglab etish uchun boshqa dinlarga bir nazar solishning o‘zi kifoya. ("Tafsiri Hilol" kitobidan).
Islomda insonning zotidan nafratlanish yo‘q. Islomga zid sifatini inkor qilish va yomon ko‘rishi kerak. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 05:06 | Savol-javoblar | 144 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar