Aloqa xizmatida ishlash

Assalomu alaykum! Sall centre ya’ni aloqa xizmatida ishlash ayollar uchun joizmi? Bu ishda biznesdagi mijozlarga ma’lumotlar va savollarga javob beriladi. Asosan erkak kishilar telefon qilishadi. Rasmiy tilda xushmuomalalik bilan so‘zlashiladi. Shu ishdan topilgan pul halolmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Qoida shuki, ayol kishi begona erkak bilan gaplashganida uni fitnaga soladigan tarzda gapirmasligi lozim.
Alloh taolo "Ahzob" surasida marhamat qiladi:   يَا نِسَاء النَّبِيِّ لَسْتُنَّ كَأَحَدٍ مِّنَ النِّسَاء إِنِ اتَّقَيْتُنَّ فَلَا تَخْضَعْنَ بِالْقَوْلِ فَيَطْمَعَ الَّذِي فِي قَلْبِهِ مَرَضٌ وَقُلْنَ قَوْلًا مَّعْرُوفًا۝ 32. Ey Nabiyning ayollari! Sizlar ayollardan birortasi kabi emassiz. Agar taqvo qilsangiz, mayin so‘z qilmang, yana qalbida kasali bor bo‘lgan tama qilib yurmasin. Va ma’ruf gapni gapiringlar.
Ovozingizni mayin, nazokatli qilib, erkak kishiga ta’sir etadigan holatda gapirmang.
«...yana qalbida kasali bor bo‘lgan tama qilib yurmasin».
Munofiq va iymoni zaiflar sizning mayin ovozingizni eshitib, fisqu fujurni boshlab qolmasinlar.
«Va ma’ruf gapni gapiringlar».
Amri ma’ruf bo‘ladigan, kishilarni taqvoga, yaxshilikka chaqiradigan gaplardan gapiringlar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

11 May 2022, 20:24 | Savol-javoblar | 149 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar