Eshak go‘shti halolmi

Assalomu alaykum! Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan eshak go‘shtini bilmasdan tanavvul qilsa gunohkor bo‘ladimi? 2). Eshak go‘shtidan bilmasdan tanavul qilsa shu go‘sht kuchi bilan ibodat qilsa ibodatga putur etadimi? Javob uchun rahmat. Olloh rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Ibodatga putur etmaydi. عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ اللهَ وَضَعَ عَنْ أُمَّتِي الْخَطَأَ وَالنِّسْيَانَ وَمَا اسْتُكْرِهُوا عَلَيْهِ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ  Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, Alloh mening ummatimdan xatoni, unutilgan va majbur qilingan narsani kechirgandir», dedilar».
Ibn Moja rivoyat qilgan.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga Alloh taolo tomonidan bo‘lgan ulkan marhamat haqida so‘z ketmoqda. Ya’ni, musulmon kishi beixtiyor sodir etgan gunohlari uchun javobgar bo‘lmasligi bayon etilmoqda. Bu hadis o‘zida ulkan ma’noni mujassam qilgandir. Insonning haqiqiy aybdor yoki aybdor emasligini aniqlashdagi katta va asl qoidani bayon etmoqda. Fuqaholarimiz ushbu hadisi sharifdan fiqhiy hukmlarni ishlab chiqishda keng foydalanganlar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadislarida Alloh taolo u zotning ummatlaridan uch narsani kechib yuborganligi haqida bayon bermoqdalar.
1. Xato, ya’ni bir narsani bilmasdan qilib qo‘yish. Misol uchun, bir ishni qilsa bo‘ladi, deb tushungan holda qiladi, keyin shariatda man qilinganligi ayon bo‘ladi. Shuningdek, bir niyat bilan qilsa, natija aksincha chiqadi. Misol uchun, ovlash maqsadida hayvonga otgan o‘qi odamga tegib ketishi mumkin. Bunga o‘xshash holatlarda inson xato qilgan bo‘ladi. Uning xatosi kechiriladi. Chunki bu narsa uning ixtiyoridan tashqari sodir bo‘ldi. Sodir etilgan xato Allohning haqqi bo‘lsa, butunlay kechib yuboriladi. Bandaning haqqi bo‘lsa, engillashadi. Masalan, inson bir kishini xato tufayli o‘ldirgan bo‘lsa, oldingi misolda aytilganidek, hayvonga otgan o‘qi odamga tegib ketsa, qasos uchun o‘qni otgan kishi o‘ldirilmaydi, balki u o‘gan kishi uchun xun to‘laydi.
2. Unutish, ya’ni yodidan ko‘tarilib, taqiqlangan ishni qilib qo‘yish. Misol uchun, falon ishni qilmayman, deb qasam ichsayu, qasamini unutib, o‘sha ishni qilib qo‘ysa, gunoh bo‘lmaydi. Xato va unutish tufayli moddiy zarar etkazilsa, to‘lanadi. Bir amal unutish tufayli bajarilmagan bo‘lsa, eslagan zahoti darhol uni bajarish lozim bo‘ladi. Misol uchun, birov namozni unutib qo‘ygan bo‘lsa, eslashi bilan darhol o‘qib oladi.
3. «Majbur qilingan narsa», ya’ni bir odamni boshqalar kuch bilan majburan gunoh ishni qildirsa, majburlangan odamga gunoh bo‘lmaydi. Majbur qiluvchilar esa gunohkor bo‘ladilar. Majbur qilib ro‘zasini ochdirish, namoz o‘qitmaslik, dinga qarshi gaplarni aytdirish va boshqalar bunga misol bo‘ladi.
Shu bilan birga, majburlash majbur qilinayotgan odamning joniga yoki biror a’zosiga tahdid solishi shart. Bundan past darajadagi majburlash gunoh ishni qilaverishga yo‘l ochmaydi. Oylik maoshining kamayishi yoki ishdan bo‘shatilishi va shunga o‘xshash narsalar uzr hisoblanmaydi. Faqat o‘lim xavfi yoki tanasidagi a’zolaridan birining yo‘q bo‘lishi, mayib bo‘lishi kabi xavflargina shar’iy e’tibordagi majburlash hisoblanadi.
Bularga qo‘shimcha ravishda, ba’zi hadislarda uxlab qolish ham uzr hisoblangan. Ya’ni bir kishi uxlab qolib, namoz vaqtini o‘tkazib yuborsa, uyg‘ongan zahoti o‘qib oladi.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Islomning osonlik dini ekanligi.
2. Xato bilan sodir etilgan gunohning kechirilishi.
3. Unutish tufayli sodir etilgan gunohning kechirilishi.
4. Majburlash ila sodir etilgan gunohning kechirilishi.
Bu narsalarning hammasi Alloh tomonidan musulmonlar uchun ulkan marhamatdir. Agar Alloh taolo mazkur holatlarda ham gunohni hisobga olishni xohlasa, haqqi bor edi. Ammo bandalariga og‘irlikni xohlamaganidan kechib yubordi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 05:15 | Savol-javoblar | 190 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar