Muztarib nima

Assalomu alaykum! Hadis istilohida «muztarib» deb nimaga aytiladi
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! «Al-Muztarib» A) Ta’rifi: lug‘atda «Al-iztirob» kalimasidan ism foil bo‘lib, ma’nosi «ishning chalkash bo‘lishi» va «nizomining buzilishi», deganidir. Ulamolar istilohida esa: Quvvat jihatidan barobar ikkita bir-biriga zid bo‘lgan har xil yo‘llar bilan kelgan rivoyatga aytiladi. Ya’ni, ikkita bir-biriga qarama-qarshi hadis bo‘lib, ularning o‘rtalarini muvofiqlashtirib bo‘lmasa, birini ikkinchisidan tarjih qilishning imkoni ham bo‘lmagan rivoyatga aytiladi. B) Hadisni «muztarib», deb nomlash uchun ikkita shart topilishi kerak: 1) Rivoyatlari har xil bo‘lishi bilan ularning o‘rtalarini jam qilish mumkin bo‘lmasa. 2) Rivoyatlarning hammasi bir xil quvvatli bo‘lib, birini ikkinchisiga tarjeh qilish mumkin bo‘lmasa . Ammo agar birini ikkinchisiga tarjih qilish mumkin bo‘lsa yoki ularning o‘rtasini jam qilish imkoni topilsa, u holda «muztarib» hadisligi zoil bo‘lib, maqbul rivoyatga aylanadi va rojih bo‘lgan hadisga  amal qilish vojib bo‘ladi. V) Qismlari: 1)  Muztarib as-sanad; 2)  Muztarib al-matn; «Muztarib as-sanad»ga misol: Abu Bakr roziyallohu anhu: «Qarib qoldingizmi, yo Rasululloh sallallohu alayhi vasallam?» dedi. Shunda Payg‘ambarimiz: «Meni Hud va uning axavotlari qaritib yubordi», dedilar. Hud Voqi’a, Mursalot, Naba’ va Takvir suralariga o‘xshagan suradir. Doraqutniy shunday deganlar: «Bu hadis muztarib, chunki u faqat Abu Ishoq yo‘llarida rivoyat qilingan». Ba’zisi «Mursal», yana ba’zisi «Mavsul», ba’zilari Abu Bakrga, ba’zilari Sa’dga va yana ba’zilari Oishaga nisbat berganlar. Ularning hammalari siqa ishonchli. Ammo ba’zisini ba’zisiga tarjeh qilib bo‘lmaydi va jam qilish uzrlidir. «Muztarib al-matn»ga misol: Imom Termiziyning rivoyatida Fotima binti Qaysdan rivoyat qilinadi. U Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan zakot haqida so‘radi. U zot: «Zakotdan tashqari mollarda haq bordir», dedilar. Imom ibn Moja rivoyatlarida esa «Zakotdan tashqari mollarda haq yo‘q», deganlar. Iroqiy: «Bu muztarib, hech qanday ta’vilga yo‘l yo‘q», deganlar. G) Eng mashhur kitob: Hofiz ibn Hajarning «Al-Muqtarib fiy bayoni al-muztarib» kitoblari. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 06:04 | Savol-javoblar | 178 | Ta’lim va muta’allim
|
Boshqa savol-javoblar