Surlarni o‘qish

Assalomu alaykum! Kim juma kuni "Kahf" surasini o‘qisa yuzidan nur chiqib turadi degan shu hadis sahihmi? Keyin “Duxon” surasini o‘qishni tavsiya qiladi. Bu ham hadisda kelganmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Hadisda quyidagicha keladi:عَنْ أَبِي الدَّرْدَاءِ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَفِظَ عَشْرَ آيَاتٍ مِنْ أَوَّلِ سُورَةِ الْكَهْفِ عُصِمَ مِنَ الدَّجَّالِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَلَفْظُهُ: مَنْ قَرَأَ ثَلَاثَ آيَاتٍ مِنْ أَوَّلِ الْكَهْفِ عُصِمَ مِنْ فِتْنَةِ الدَّجَّالِ. وَفِي رِوَايَةٍ: مَنْ حَفِظَ مِنْ خَوَاتِيمِ سُورَةِ الْكَهْفِ عُصِمَ مِنَ الدَّجَّالِ Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Kim «Kahf» surasining avvalidan o‘n oyatini yodlasa, Dajjoldan saqlanadi», dedilar».
Muslim, Abu Dovud va Termiziylar rivoyat qilganlar.
Termiziyning lafzida:
«Kim «Kahf» surasining avvalidan uch oyatini o‘qisa, Dajjolning fitnasidan saqlanadi», deyilgan.
Boshqa bir rivoyatda:
«Kim «Kahf» surasining oxiridan yodlasa, Dajjoldan saqlanadi», deyilgan.عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ قَرَأَ سُورَةَ الْكَهْفِ لَيْلَةَ الْجُمُعَةِ أَضَاءَ لَهُ مِنَ النُّورِ ما بَيْنَ الْجُمُعَتَيْنِ. وَفِي نُسْخَةٍ: أَضاءَ لَهُ النُّورُ مَا بَيْنَهُ وَبَيْنَ الْبَيْتِ الْعَتِيقِ. رَوَاهُ الْحَاكِمُ وَالْبَيْهَقِيُّAbu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Kim «Kahf» surasini Jum’a kechasida qiroat qilsa, unga ikki Jum’a orasicha nur ziyo sochadi», dedilar».
Boshqa nusxada:
«U bilan Baytul Atiyq orasicha nur ziyo sochadi», deyilgan.
Hokim va Bayhaqiylar rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifni dalil qilib, ko‘pchilik Jum’a kuni «Kahf» surasini qiroat qilishni odat qilib olgan. Imom Shofe’iy rahmatullohi alayhi «Kahf» surasini Jum’a kuni qiroat qilish mandub», deganlar. «Kahf» surasi haqida Payg‘ambarimiz sollAllohu alayhi vasallamdan bir qancha hadisi sharif rivoyat qilingan. Ulardan ba’zilarini eslab o‘tsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Imom Buxoriy, imom Muslim va imom Ahmadlar rivoyat qilgan hadisda Abu Ishoq quyidagilarni aytadilar: «Al-Barrosning quyidagilarni aytayotganini eshitdim: «Bir kishi «Kahf» surasini o‘qidi. Hovlida hayvon bor edi. Hayvon bezovta bo‘la boshladi. Odam qarasa, uni bulut o‘rab turibdi. Bo‘lgan hodisani Rasululloh sollAllohu alayhi vasallamga aytib bergan edik, u zot: «Ey falonchi, o‘qiyver, u Qur’on tilovati uchun tushgan sakiynadir», dedilar. Hofiz Abu Bakr ibn Murdavayh Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollAllohu alayhi vasallam: «Kim «Kahf» surasini Jum’a kuni o‘qisa, qiyomat kuni uning qadami ostidan nur chiqib, osmonu falakni yoritadi va uning ikki Jum’a orasidagi xatolari kechiriladi», deganlar. Shu ma’noda bir-birini quvvatlovchi hadislar anchagina kelgan. «Kahf» surasini o‘rganib chiqqanimizdan keyin bu surani tez-tez o‘qib turishga targ‘ib etuvchi hadislarning ahamiyatini yana ham ko‘proq tushunamiz. Chunki bu surai karimada har bir inson hayoti davomida uchrashi mumkin bo‘lgan fitnalar, mol-dunyo ishqi, dunyo hodisalari va boshqa fitnalar haqida, ulardan chetlashish zarurligi xususida bahs yuritilgan. Demak, har bir inson mazkur fitnalardan omon yurishi uchun ushbu hadisi shariflarga amal qilib, har kuni «Kahf» surasining avvalidan o‘n oyat, har Jum’a avvalidan oxirigacha tadabbur ila tilovat etib turishni o‘ziga vazifa qilib olsa, juda ham yaxshi bo‘ladi.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ قَرَأَ ﭑ الدُّخَانَ فِي لَيْلَةٍ أَصْبَحَ يَسْتَغْفِرُ لَهُ سَبْعُونَ أَلْفَ مَلَكٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Kim «Haa miym» – «Duxon»ni kechasi qiroat qilsa, tong otguncha unga etmish ming farishta istig‘for aytib chiqadi», dedilar».
Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharifda «Duxon»ni kechasi qiroat qilsa» degan jumlada qanday kecha ekani aytilmagan. Bu qaysi kecha ekanini kelgusi hadisi sharifdan bilib olamiz.وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ قَرَأَ ﭑ الدُّخَانَ فِي لَيْلَةِ الْجُمُعَةِ غُفِرَ لَهُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّYana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Kim «Haa miym» – «Duxon»ni Jum’a kechasi qiroat qilsa, u mag‘firat qilinadi», dedilar».
Termiziy rivoyat qilganlar.
Sharh: Ana endi aniq aytildi. «Duxon»ni Jum’a kechasi qiroat qilgan odam mag‘firat qilinar ekan. Ulamolarimiz o‘sha mag‘firat qilinadigan gunohlar sag‘ira – kichik gunohlar ekanini alohida ta’kidlaganlar.وَلِلطَّبَرَانِيِّ: مَنْ قَرأَ ﭑالدُّخَانَ فِي لَيْلَةِ جُمُعَةٍ أَوْ يَوْمِ جُمُعَةٍ بَنَى اللهُ لَهُ بَيْتًا فِي الْجَنَّةِTobaroniyning rivoyatida:
«Kim «Haa miym» – «Duxon»ni Jum’a kechasi yoki Jum’a kuni qiroat qilsa, Alloh unga jannatda bir uy bino qiladi», deganlar».
Sharh: «Duxon» surasi faqat ertaga Jum’a, degan kechasi emas, Jum’a kuni kunduzi o‘qilsa ham bo‘ladi. Uni o‘sha vaqtda qiroat qilgan bandaga Alloh taolo jannatda bir uy bino qilar ekan. Imkonini topgan kishilar ushbu hadisi shariflarga amal qilib yursalar, albatta, katta savobga ega bo‘ladilar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 06:26 | Savol-javoblar | 187 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar