Yosh bola safda

Assalomu alaykum! Masjidda xufton namozida taxminan 10-12 yoshlardagi 3ta bola 1-safda turganida imom bolalarga sekingina “eng orqada turinglar” dedilar. Bu ishning hikmati bormi? Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Avval erkaklar, keyin bolalar, so‘ngra xunasalar va ulardan keyin ayollar saf tortadilar. Buning dalili quyidagi hadislardir: عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ صَلَّى النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي بَيْتِ أُمِّ سُلَيْمٍ، فَقُمْتُ وَيَتِيمٌ خَلْفَهُ، وَأُمُّ سُلَيْمٍ خَلْفَنَا رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ummu Sulaymning uyida namoz o‘qidilar. Men va bir etim bola u zotning orqalarida turdik. Ummu Sulaym esa bizning orqamizda turdi». To‘rtovlari rivoyat qilishgan. وَعَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَمَّهُ وَامْرَأَةً مِنْهُمْ، فَجَعَلَهُ عَنْ يَمِينِهِ، وَالْمَرْأَةَ خَلْفَ ذَلِكَ رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga va ulardan bir ayolga imomlik qildilar. Bas, uni o‘ng tomonlariga, ayolni esa uning orqasiga qo‘ydilar». Muslim va Abu Dovud rivoyat qilishgan. عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ «لِيَلِنِي مِنْكُمْ أُولُو الْأَحْلَامِ وَالنُّهَى، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ ثَلَاثًا وَإِيَّاكُمْ وَهَيْشَاتِ الْأَسْوَاقِ» رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Menga sizlardan etuklik va aql egalari yaqin tursin. So‘ngra ularga yaqin keladiganlar, – deb uch marta aytdilar. – Bozorlarning shovqinidan ehtiyot bo‘ling», dedilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Demak, jamoat namozida imomga eng yaqin turadigan kishilar har jihatdan etuk va aql egasi bo‘lishlari kerak. Boshqacha qilib aytganda, imom namozni ado etishda yoki qiroatda adashib qolsa, uni tuzatib qo‘yadigan yoki biror sababga ko‘ra namozni tark etadigan bo‘lsa, o‘rniga o‘tib, kelgan joyidan namozga imomlik qilib keta oladigan shaxslar bo‘lishlari kerak. Har kim imomning orqasiga yoki unga yaqin joyga o‘zini urib, safga turib olaverishi ham durust emas. عَنْ أَبِي مَالِكٍ الْأَشْعَرِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَصُفَّ الرِّجَالَ أَوَّلًا ثُمَّ الْغِلْمَانَ خَلْفَهُم رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ وَلَفْظُهُ وَيَجْعَلُ الرِّجَالَ قُدَّامَ الْغِلْمَانِ، وَالْغِلْمَانَ خَلْفَهُمْ، وَالنِّسَاءَ خَلْفَ الْغِلْمَانِ Abu Molik al-Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam safga avval erkak kishilarni, so‘ngra o‘g‘il bolalarni tizar edilar». Abu Dovud rivoyat qilgan. Ahmadning lafzida: «Erkaklarni o‘g‘il bolalardan oldin, o‘g‘il bolalarni ularning ortiga va ayollarni o‘g‘il bolalar ortiga qo‘yar edilar», deyilgan. Takbiri tahrima va adoda ikkovlari sherik bo‘lgan mutlaq namozda ayol kishi (safda) erkakka tenglashib qolsa va u (erkak) ayolga imomlikni niyat qilgan bo‘lsa, erkakning namozi fosid bo‘ladi (buziladi). Chunki erkak oldinga o‘tish haqidagi amrni bajarmadi. ("Kifoya" kitobidan). 1-2ta bola kattalarning safida tursa ham zarari yo‘q. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 06:55 | Savol-javoblar | 162 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar