Oyat va hadisdan makkorona foydalanish

Assalomu alaykum! Ochiq Xat kitobidan quyidagi xulosani chiqardim: Islom dushmanlari Islomga zarar berishda Oyat va hadisdan makkorona foydalanishyapdi. Alloh nega O‘z kalomini yovuz maqsadlar yo‘lida foydalanilishini istadi. Buning hikmati nima? Bu xolatlar tarixda ham bo‘lganmi? Bu hodisalardan biz qanday xulosa chiqarishimiz kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Mutoffifin” surasida marhamat qiladi : إِذَا تُتْلَى عَلَيْهِ آيَاتُنَا قَالَ أَسَاطِيرُ الْأَوَّلِينَ۝ 13. Qachon unga oyatlarimiz tilovat qilinsa, «Avvalgilarning afsonalari», – der. Ularning halokatlarining boshlanishi shu erda. Alloh taolo barchani hidoyatga boshlash uchun O‘z oyatlarini Qur’on sifatida nozil qildi. Ularga Qur’on oyatlari tilovat qilib berildi. Ular Allohning oyatlarini tingladilar. Aslida, Qur’on oyatini tinglaganlaridan keyin unga iymon keltirib, amal qilishlari kerak edi. Mazkur yolg‘onga chiqaruvchilar esa uni «o‘tganlarning afsonasi», deb tuhmat qildilar. Afsona asli yo‘q, xayolda to‘qib olingan safsata, deganidir. Holbuki, Alloh taoloning kalomi hurmat qilinmog‘i, to‘g‘ri baholanmog‘i, unga iymon keltirilmog‘i va dasturulamal qilib olinmog‘i kerak edi. Allohning kalomiga shunchalar hurmatsizlik qilgan nobakor haddan oshishi, o‘ta gunohkor bo‘lishi turgan gap. Oqibat esa ma’lum. Ha, qiyomat kunini yolg‘onga chiqaruvchilar, ularga Alloh taoloning oyatlari tilovat qilinsa, «Bu o‘tganlarning afsonalari», – deydilar. كَلَّا بَلْ رَانَ عَلَى قُلُوبِهِم مَّا كَانُوا يَكْسِبُونَ۝ 14. Yo‘q! Ularning qilgan kasblari qalblariga mog‘or bo‘lib o‘rnashib qolgandir. Yo‘q!!! Ular bizning oyatlarimizni «o‘tganlarning afsonasi» deyishdan qaytsinlar. Ish ular aytgandek emas. Ayb Qur’onda emas. Aksincha, ularning qilgan gunohlari tufayli qalblarini mog‘or bosib qolgan. Shu sababli Alloh taoloning oyatlari tilovatini eshitsalar ham qalblari ta’sirlanmaydigan bo‘lib qolgan. Demak, ayb Qur’onda emas, ayb ularning mog‘or bosgan qalblarida. Ha, inson gunoh ishlarni qilaversa, qalbini mog‘or bosib, hech narsa ta’sir qilmaydigan bo‘lib qoladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan bir hadisi sharif vorid bo‘lgan: «Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, qalbida bir qora nuqta paydo bo‘ladi. Agar tavba qilib, u gunohdan butunlay qaytsa, istig‘for aytsa, qalbi poklanadi, agar gunohni ziyoda qilsa, qalbidagi qora ham ziyoda bo‘ladi. Mana shu Qur’ondagi «Kallaa bal rona ala quluubihim» deganidir». ("Tafsiri hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 07:57 | Savol-javoblar | 142 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar