Jelatin qo‘shilgan dori

Assalomu alaykum! Koreyada yashovchi yaqinim immunitetni oshiruvchi va quvvat beruvchi tabletka olgan ekan. Dori tarkibida mol jelatini mavjud bo‘lib, ushbu dorini iste’mol qilish mumkinmi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!Fuqaholar: teri xoh u go‘shti eyiladigan bo‘lsin, yoki go‘shti eyilmaydigan hayvonlar bo‘lsin(to‘ng‘iz bundan mustasno) pok bo‘ladi – deganlar. Barchamizga ma’lumki, bir narsani pok bo‘lishi boshqa, pokligi bilan birga, eyish halol bo‘lishi boshqadir. Ulamolar oshlangan terilarni pokligiga ittifoq qilganlar, eyishga halol bo‘lishi to‘g‘risida ixtilof qilganlar. Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh nazdlarida o‘limtikning(mol, qo‘y, echki, shuningdek go‘shti halol bo‘lgan hayvonlar) terisi oshlanganidan keyin ham pok, ham eyishga halol bo‘ladi – deganlar. Hanafiy ulamolaridan bo‘lgan bir rivoyatda ham “halol bo‘ladi” deganlar. Lekin bu qavl zaif bo‘lib, bunga fatvo berilgan emas. Hanafiylar qavliga ko‘ra o‘limtiklarning terisi oshlangach pok bo‘ladi. Undan kiyim yoki joynamoz qilib foydalansa bo‘ladi. U terilarni eritib yog‘ sifatida badaniga surtsa ham joiz. Og‘izga solib eyishga kelsak, joiz emas. Ammo omma shunga mubtalo bo‘lib, har bir taomiga bular aralashgan bo‘lsa, imom Shofe’iy rahmatullohi alayhning qavllarini ixtiyor qilinib, hanafiylar nazdlaridagi zaif qavlni olib, og‘izga solib, iste’mol qilish joizligiga ham fatvo bersa bo‘ladi. Shuning uchun ulardan tayyorlangan jelatin ishlatilib, dorilar tayyorlangan bo‘lsa, yuqoridagi gapga binoan ite’moli joiz bo‘ladi. To‘ng‘izdan boshqa o‘limtiklarning suyaklari oshlanmasdan ham pok hisoblanadi. Chunki ularda xuddi sochlardagi kabi hayot bo‘lmaydi. Ya’ni qirqilganda og‘rimaydi. Shuning uchun o‘limtiklarning suyaklaridan tayyorlangan jelatinlar ham pok, hanafiylarning zaif qavllariga binoan ham halol hisoblanadi. Fuqaholarning nazdidagi baloi omma vaqtida zaif qavlga amal qilish mumkin. Vallohu a’lam!Muhammad Taqiy Usmoniy. 

28 Aprel 2022, 09:41 | Savol-javoblar | 198 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar