Hadislarni rivoyat qilganlar

Assalomu alaykum! Ko‘p hadislarning so‘ngida «beshalovlari rivoyat qilgan» yoki «to‘rtalovlari rivoyat qilgan» degan iboralarni uchratamiz. Jumlada kelayotgan beshalovlari va to‘rtalovlari sahih hadislarni jamlashgan muhaddislarmi? Shu ulomolar qaysilar va ismlari nima?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Siz zikr qilgan iboralar "Hadis va hayot" kitobining asosi bo‘lgan «At-toj ul-jome’ lil-usul fiy ahadiysir-Rasul» kitobining muallifi Shayx Mansur Ali Nosifning istilohlari bo‘lib, quyida ularning sharhini keltiramiz: "Eng yaxshi uslubdan foydalanish maqsadida, ixtiyor qilgan hadisni naql qilishda Buxoriy yoki Muslim hadisni rivoyat qilishda boshqalar bilan ishtirok etgan bo‘lishsa, ikkovlarining lafzini ixtiyor qildim. Agar Buxoriyning o‘zi Muslimdan boshqalar bilan ishtirok qilgan bo‘lsa, Buxoriyning lafzini oldim. Agar Muslim Buxoriydan boshqalar bilan ishtirok qilgan bo‘lsa, Muslimning lafzini oldim. Sharh: Boshqa muhaddislar ham shundoq qiladilar. Chunki mazkur besh kitobning ichida eng mo‘’tabari Buxoriy, keyingisi esa Muslimning kitoblaridir. Shuning uchun bir hadisni bir necha muhaddis o‘z kitobida keltirgan bo‘lsa, eng yaxshi lafzini zikr qilish ishtiyoqida Buxoriy qandoq lafz bilan rivoyat qilgan bo‘lsa shundoq keltiriladi-da, orqasidan «bu hadisni falonchilar ham rivoyat qilgan», deb qo‘yiladi. «Agar hadis sunan sohiblari tomonidan rivoyat qilingan bo‘lsa, Abu Dovudning lafzini keltirdim». Sharh: Chunki Abu Dovud uchinchi martabadadir. Abu Dovud, Termiziy, Nasaiylarning kitoblari «Sunan» deb nomlanadi. Agar Abu Dovuddan boshqasidan naql qilgan bo‘lsam, uni bayon qildim. Ko‘pincha: «Termiziy va uning ikki sohibi rivoyat qilgan», dedim. Agar: «Ikki shayx rivoyat qilgan», desam, Buxoriy va Muslimni ko‘zlagan bo‘laman. Agar: «Uchovlari rivoyat qilgan, desam, ikki Shayx va Abu Dovudni, «to‘rtovlari», desam, avvalgi uch kishi va Termiziyni qasd qilgan bo‘laman. Agar: «Beshovlari rivoyat qilgan», desam, mazkur to‘rtlikka Nasaiy ham qo‘shilgan bo‘ladi. Agar, sunanlar sohiblari, degan bo‘lsam, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiyni qasd qilgan bo‘laman. Agar bu nizomdan boshqacharoq bo‘lsa alohida bayon qilaman. Sharh: Boshqa muhaddislar ham xuddi shu yo‘lni tutadilar. Chunki hadis kitoblarining va hadislarning martabalari tartibi hamma uchun ma’lum va mashhur. Shuning uchun ham kuchli muhaddislar va kuchli hadislar muqaddamga suriladi. Kuchsizlari oxirda qoladi. Ba’zi bir hadislar mansux bo‘lib amaldan qolgan bo‘lsa, albatta, uning nosuxi – amaldan qoldirgan hadis – undan keyin kelgan bo‘ladi. Xuddi shu kabi, ba’zi bir hadisda bir masala mujmal – umumiyroq zikr qilinib, boshqa birida mufassal bayon qilingan bo‘ladi. Tabiiyki, bunday payt-da oldin mujmal, keyin mufassal bayoni bor hadis keltiriladi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:29 | Savol-javoblar | 234 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar