Farzandning qulog‘iga azon aytish

Assalomu alaykum! Men hozirda Rossiyadaman. Bugun juma namoziga borganimizda imom amru maruf qildilar. O‘shanda “tug‘ilgan chaqaloqning qulog‘iga azon ayttirish shartmas” dedilar. Shu gap qanchalik to‘g‘ri? Javobingiz uchun rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! U imom nimani iroda qilib gapirgani bizga noma’lum. عَنْ أَبِي رَافِعٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: رَأَيْتُ النَّبِيَّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم أَذَّنَ بِالصَّلَاةِ فِي أُذُنِ الْحَسَنِ بْنِ عَلِيٍّ حِينَ وَلَدَتْهُ فَاطِمَةُ  رَضِي اللهُ عَنْهُما. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَصَحَّحَهُ Abu Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Fotima (roziyallohu anho)ning tuqqan bolasi Hasan ibn Ali roziyallohu anhumning qulog‘iga azon aytayotganlarini ko‘rdim». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar. Termiziy sahih, degan. Sharh: Ushbu hadisi sharifga binoan, yangi tug‘ilgan farzandning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytish mandubdir. Yangi tug‘ilgan bolaning qulog‘iga kirgan birinchi narsa Allohning zikri bo‘lishi qanday ham yaxshi. Albatta, bu ulug‘ narsaning o‘ziga yarasha barakasi bo‘ladi. Rivoyatlardan birida: «Kimning bolasi tug‘ilsa-yu, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytsa, unga Ummu Sibyon zarar etkaza olmas», deyilgan. Ummu Sibyon – bolalarga ziyon etkazadigan jin toifasidir. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:39 | Savol-javoblar | 167 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar