G‘iybatga sherik bo‘lmaymanmi?

Assalomu alaykum! Men bilan birga bir xonada ishlaydigan ayollar mendan ancha katta. Ular ko‘p g‘iybat qilishadi, ularga gapirolmayman, aql o‘rgatyapti deyishadi. Xonadan ham chiqib ketolmayman, shu xonada ishlayman va gaplarini eshitishga majburman. Ularga qo‘shilmasam ham g‘iybatlarini eshitaman, lekin indamayman. Men ham ular qatori teng gunohkor bo‘lamanmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! G‘IYBATNING SABABLARI VA UNI DAVOLASh G‘iybatning sabablari juda ko‘p, ulardan ba’zisini esga olamiz: 1. Achchig‘ini to‘kib solish. Bir odam boshqasining achchig‘ini chiqargan bo‘lsa, achchig‘i chiqqan uni g‘iybat qilish ila undan o‘ch olishga harakat qiladi. 2. Tengdoshlar va hamsuhbatlarga sherik bo‘lish, ularning gapini qo‘llab-quvvatlash. Tanish-bilish yoki ulfatlar birovning g‘iybatini qilayotgan bo‘lsa, yoqish va yaxshi ko‘rinish niyatida ularga qo‘shiladi. Buni o‘zicha odamgarchilik deb o‘ylaydi. Aslida gunohga sherik bo‘lgan bo‘ladi. 3. O‘z obro‘sini ko‘tarish uchun birovni ayblash. Misol uchun, «Falonchi johil, fahmi yo‘q», deb, o‘zini ilmli va o‘tkir fahmli qilib ko‘rsatishga urinadi. 4. Hasad. Odamlar bir kishini maqtayotganlari uchun hasad qiladi va uni g‘iybat qilib, obro‘sini to‘kish payidan bo‘ladi. 5. O‘yin-kulgi va hazil. Odamlarni kuldirish va davrani qizitish maqsadida boshqalarning kamchiligi va aybini aytib, g‘iybat qilinadi. Ba’zilar bu ishni o‘ziga kasb qilib olgan ham bo‘ladi. G‘IYBATNING DAVOSI Avvalo g‘iybatchi qiladigan g‘iybati tufayli Alloh taoloning g‘azabiga duchor bo‘lishini bilib qo‘yishi kerak. Shuningdek, uning savoblari g‘iybat qilingan odamga olib berilishini, agar savobi bo‘lmasa, narigi odamning gunohlari unga olib berilishini ham bilib qo‘ysin. G‘iybat payti bo‘lib qolsa, o‘zining ayblarini o‘ylasin va ularni tuzatishga kirishsin. O‘zining ayblari bo‘la turib, boshqalarni ayblashdan uyalsin. Agar o‘zini ayblardan xoli bilsa, o‘shanga shukr qilish ila mashg‘ul bo‘lsin. O‘zini o‘zi eng yomon ayb – g‘iybatchilik ila ifloslamasin. O‘zini birov g‘iybat qilishini istamaganidek, o‘zi ham o‘zgalarni g‘iybat qilishni istamasin. G‘iybatga bois bo‘lgan sababga nazar solsin va o‘sha sababni yo‘q qilishga harakat qilsin. Dardning davosi uni keltirib chiqargan sababni yo‘q qilish ila bo‘ladi. ("Ruhiy tarbiya" kitobidan). Siz imkon boricha ularni turli vositalardan foydalanib bo‘lsada g‘iybatdan qaytaring. Hech bo‘lmasa boshqa mavzularga tortib, ularni chalg‘iting. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:54 | Savol-javoblar | 158 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar