Qabr qisishi

Assalomu alaykum! Alloh taolo «Fussilat» surasida shunday marhamat qiladi: » Albatta Parvardugorimiz Allohdir deb, so‘ngra yolg‘iz Allohga toat ibodat qilishda to‘g‘ri ustuvor bo‘lgan zotlarning oldilariga o‘lim paytida farishtalar kelib derlar: qo‘rqmanglar va g‘amgin bo‘lmanglar, sizlarga va’da qilingan «jannat» xushxabari bilan shodlaninglar. Bizlar hayoti dunyoda ham oxiratda ham sizlarning do‘stlaringizdirmiz.
Bilamizki, Qur’on va Hadis bir biriga zid emas. Lekin Imom Ahmaddan keltirilgan rivoyatda:
— Payg‘ambarimiz Muhammad Sallallohu Alayhi Vassalam shunday deydilar:
«qabirning bir qisib qo‘yib yuborishi bor. Agar mana shu qisib qo‘yib yuborishlikdan kimdur qutilib qolishi kerak bo‘lganda Sad ibn Muoz qutilib qolgan bo‘lar edi» deyilgan.
Savol: mana shu hadis qanchalik sahih? Albatta buni eshitib g‘amgin bo‘lmay bo‘ladimi. Mana shu hadisga o‘xshagan boshqa hadislarni eshitib o‘qiganmiz. Javob uchun rahmat .
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: هَذَا الَّذِي تَحَرَّكَ لَهُ الْعَرْشُ، وَفُتِحَتْ لَهُ أَبْوَابُ السَّمَاءِ، وَشَهِدَهُ سَبْعُونَ أَلْفًا مِنَ الْمَلَائِكَةِ لَقَدْ ضُمَّ ضَمَّةً، ثُمَّ فُرِّجَ عَنْهُ. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ هُنَا وَالشَّيْخَانِ فِي الْفَضَائِلِ Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mana bu uning uchun Arsh harakatga kelgan, unga osmonning eshiklari ochilgan, unga etmish ming farishta hozir bo‘lgan odamdir. Batahqiq, u ham bir marta siqildi. So‘ngra u qo‘yib yuborildi», dedilar». Bu joyda Nasaiy va ikki Shayx «Faziylatlar» bobida rivoyat qilganlar. Sharh: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisdagi gaplarni ansoriylarning Avs qabilasi boshlig‘i, ulug‘ sahobiy Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu haqida aytganlar. Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu vafot etib, ruhlari ko‘tarilganida u kishining hurmatlaridan Arshi A’lo harakatga kelgan, osmon eshiklari ochilgan ekan. U kishining o‘limlari va janozalariga etmish ming farishta hozir bo‘lgan ekan. Lekin shunchalik ulug‘ maqomga ega bo‘lishlariga qaramay, qabrga qo‘yilganlarida u kishi ham qabr tomonidan bir marta siqilgan, keyin qo‘yib yuborilgan ekanlar. Imom Ahmad keltirgan rivoyatda: «Albatta, qabrning bir bosishi bor. Agar o‘sha bosishdan biror kishi najot topadigan bo‘lsa, Sa’d topar edi», deyilgan. Ushbu qabrning siqishidan faqat Payg‘ambar alayhissalomlar va balog‘atga etmagan bolalargina chetda qolar ekanlar. Chunki bu ikki toifada umuman hech qanday gunoh bo‘lmaydi. Qolganlar esa bunga albatta duchor bo‘lar ekan. Gunohi ozlarni qabr siqishi ozroq, ko‘plarniki esa ko‘proq bo‘lar ekan. Shuning uchun iloji boricha gunohdan uzoqda bo‘lishga harakat qilish lozim. Shariatimizda qaysi ish gunoh deyilsa, albatta o‘shaning yaqiniga bormaslik kerak. Ey Biru Bor, har bir narsaga qodir Alloh! Sening O‘zingdan bizni qabr azobidan saqlashingni so‘raymiz! ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 09:54 | Savol-javoblar | 183 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar