Alloh taolo makonlardan pok bo‘lgan Zotmi?

Assalomu alaykum! Muhtaram ustozlar, bir masalada siz azizlarga murojaat qilishimga ijozat bergaysizlar.Ma’lumki, Alloh taolo makonlardan pok bo‘lgan Zotdir. Jumladan osmon ham Allohning mahluqidir. Ammo, ba’zi insonlar bu haqli qavllarga raddiya ma’nosida quyidagi hadisi sharifni keltirishar ekan: Abu Hanifa rahmatullohi alayh Atodan rivoyat qiladilar. Sahobai kiromlardan bir necha kishi unga quyidagilarni so‘zlaganini aytdi.Abdulloh ibn Ravohaning qo‘ylarini boquvchi bir cho‘pon ayol bor edi. Abdulloh cho‘pon ayolga suruv ichidagi bir qo‘yga alohida qarashini tayinladi. Cho‘pon ayol qo‘yni semirguncha boqdi. Cho‘pon ayol boshqa qo‘ylar bilan ovora bo‘lib qolganda, bo‘ri kelib u qo‘yni olib qochdi va o‘ldirdi. Abdulloh kelib u qo‘yni ko‘rmadi. Cho‘pon ayol voqeani Abdullohga aytgach, u cho‘pon ayolga tarsaki tushirdi. Keyin bu ishiga pushaymon bo‘lib, uni Rasulullohga sollallohu alayhi vasallam aytdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu voqeani jiddiy hisoblab: «Mo‘mina ayolning yuziga urdingmi?» dedilar.Ravoha: «U zanjiya ilmi yo‘q ayol», dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayolga odam yuborib uni chaqirtirdilar. Undan:- Alloh qaerda? — deb so‘radilar. Osmonda, — deb javob berdi ayol.  Men kimman?- Siz Allohning rasulisiz, — javob berdi ayol.Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): «U mo‘minadir, uni ozod et», dedilar. Abu Hanifa rohimahullohning Musnad kitobidan.Mazkur hadisi sharifni sharxlab bersangiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Mulk” surasida marhamat qiladi : أَأَمِنتُم مَّن فِي السَّمَاء أَن يَخْسِفَ بِكُمُ الأَرْضَ فَإِذَا هِيَ تَمُورُ۝ 16. Osmondagi Zot sizlarni iztirobda harakatlanib turgan erga yuttirib yuborishidan omonda bo‘ldingizmi? «Osmondagi Zot»dan murod Alloh taolo, lekin bu «Alloh taolo osmonda» degani emas. Chunki Alloh taolo makonga muhtoj emasdir. U makon va zamondan ustun Zotdir. Boshqa bir oyatda : الرَّحْمَنُ عَلَى الْعَرْشِ اسْتَوَى۝ 5. Rohman Arshga istivo qildi. Rohman sifatining sohibi Alloh Arshga istivo qildi. Arshga istivo qilishining esa o‘xshashi yo‘q, misli yo‘q, shakli ham yo‘q. U Zotning Arshga istivo qilishi O‘ziga xos. Bu haqda o‘tgan suralarda batafsil so‘z yuritganmiz. (“Toha” surasi). (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Yuqoridagi oyati karimalardagi “Fis samaa”, “Alal arsh” so‘zlari mutashobih hisoblanadi. Ya’ni so‘zning lug‘aviy ma’nosi ma’lum, kayfiyati esa noma’lum. Imom Molik rahmatullohi alayh : “Istevo noma’lum emas, kayfiyatni aqllab bo‘lmaydi. Unga iymon keltirish vojib, u haqda so‘rash bid’atdir” deganlar. Solih salaf ulamolarimiz “Alloh taoloning bu haqidagi oyatlariga iymon keltiramiz va ilmini Allohning O‘ziga havola qilamiz” deganlar. Boshqa bir o‘rinda “Alloh makondan va past-tepa, old-orqa, o‘ng-chap taraflardan pok deb e’tiqod qilamiz” deganar. Ali roziyallohu anhu : “Allohdan o‘zga biror bir maxluqot (Arsh ham, kursi ham samo ham) yo‘q paytida ham Alloh taolo mavjud edi. Hozir ham o‘shandek” deganlar. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 10:23 | Savol-javoblar | 174 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar