Vitr namoz haqida

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar bizga bir masalada yordamilar kerak. Xufton namozini 3 rakatlik vitri haida yaqinda eshitib qoldikki, vitrni shomga o‘xshatib o‘qish bo‘magan ekan. Ya’ni tashahhuddan keyin 3-rakatga turib quloq qoqib qunut duosini o‘qishlik bo‘magan ekan. Iltimos shu haqida ma’lumot bersangizlar.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Boshqa mazhablarda shunday. Bizning hanafiy mazhabida ikkinchi rak’atdan keyin salom bermay, uchinchi rak’atda salom beriladi. Ikkisini ham o‘ziga yarasha sahih hadislardan dalillari bor. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ  صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: الْوِتْرُ رَكْعَةٌ مِنْ آخِرِ اللَّيْلِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ وَأَحْمَدُ Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: 
«Vitr kechaning oxirida bir rak’atdir», deganlar». 
Muslim, Nasaiy va Ahmad rivoyat qilganlar.
Sharh: Shofe’iy mazhabi ushbu rivoyatni hujjat qilib, vitr namozining uchinchi rak’atini alohida bir rak’at qilib olganlar.
Shuningdek, ushbu hadisdan vitr namozi kechaning oxirida o‘qilishi afzal ekanligi kelib chiqmoqda.عَنْ أَبِي أَيُّوبَ الْأَنْصَارِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: الْوِتْرُ حَقٌّ عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ، فَمَنْ أَحَبَّ أَنْ يُوتِرَ بِخَمْسٍ فَلْيَفْعَلْ، وَمَنْ أَحَبَّ أَنْ يُوتِرَ بِثَلَاثٍ فَلْيَفْعَلْ، وَمَنْ أَحَبَّ أَنْ يُوتِرَ بِوَاحِدَةٍ فَلْيَفْعَلْ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ Abu Ayyub al-Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: 
«Vitr har bir musulmon zimmasidagi haqdir. Kim besh rak’atli vitr qilmoqchi bo‘lsa, qilsin. Kim uch rak’atli vitr qilmoqchi bo‘lsa, qilsin. Kim bir rak’atli vitr qilmoqchi bo‘lsa, qilsin», dedilar». 
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifdagi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Vitr har bir musulmon zimmasidagi haqdir» deganlari vojib ma’nosidadir.
Shuning uchun ham ushbu hadisi sharif Hanafiy mazhabining eng kuchli dalillaridan biri hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vitr har bir musulmon zimmasidagi haq ekanligini ta’kidlash bilan birga, uni necha rak’at bo‘lishiga keng yo‘l ochib, bir, uch yoki besh rak’at bo‘lishi mumkinligini aytmoqdalar. Shulardan bir rak’atini Shofe’iy mazhabi, uch rak’atini Hanafiy mazhabi olgan. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 10:32 | Savol-javoblar | 157 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar