Ilk daf’a juma

Assalomu alaykum!  Ilk daf’a juma namozi qaerda o‘qilgan? Javobingizdan Alloh rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Islomdan avval juma kunini “Aruba kuni” deb nomlanar edi. Johiliyat zamonasida Ka’ab inb Luay o‘sha kuni kishilarni to‘plab, ularga xutba qilar edi. Islom kelgach musulmonlar Makkai mukarramada alohida masjid qurib, jumani o‘qiy oladigan holatda emasdilar. Shuning uchun juma farz qilingan emas. Madina munavvarada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijrat qilmaslaridan avval yahudiylar shanba, nasosrolar yakshanba kuni barchalari bir joyga jam bo‘lib, ibodat qilishar edi. Madinaning sardorlaridan biri As’ad ibn Zurora roziyallohu anhu haftaning bir kunida musulmonlarning barchasini to‘plab, Allohga zikr va shukur qilib namoz o‘qishni fikrini qildi va bu ishga juma kunini tanladi va birinchi bo‘lib, juma kunida musulmonlar bir joyga to‘planib ibodat qildilar. Bu birinchi juma edi. Shundan so‘ng Makkai mukarramadan Musa’ab ibn Umayr roziyallohu anhu nomiga kunning yarmidan so‘ng barcha to‘planib ikki rak’at namoz o‘qish borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning maktublari keldi. Shunday qilib johiliyatda eng birinchi bo‘lib Ka’ab inb Luay jumani joriy qilgan bo‘lsa, Islomda birinchi bo‘lib As’ad ibn Zurora roziyallohu anhu jumani qoim qilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijrat qilganlarida 14 kun Qubo degan joyda istiqomat qilganlar. Qubodan Madina taraf yo‘lga tushib, tuyaning ustida ekanliklarida Banu Solim qabilasida jumaning ahkomlari nozil bo‘ldi va ummatga juma farz qilindi. Birinchi bo‘lib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘sha joyda ado qilganlar. Shuning uchun hozirgi kunda Madinadagi o‘sha masjidni “Juma masjidi” deb nomlanadi. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Islomdagi birinchi jumadagi xutba va birinchi juma namozlari edi. (“Inomul boriy” Muhammad Taqiy Usmoniy). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:25 | Savol-javoblar | 148 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar