Afsus nadomat

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar! Bir odamni dilini qattiq og‘ritib (uni azobda qolishini bilib shu vaziyatga tushirib kamiga uni shunday qiyin holatda qoldirib, uni xursandchiligi, balki hatto o‘sha vaziyatda baxti, yaxshi ko‘rgan narsalarini zolimlarcha tortib olib) qo‘yib, o‘zi o‘sha paytda qilgan nohaqligu zulmini unutib qo‘ygan. O‘sha aziyat chekkan inson unga etkazilgan azobiga javob qaytarmay «Allohga topshirdim» deb qolgan bo‘lsa, azobda qoldirgan odam o‘shanda nima qilib qo‘yganini bilsa ham o‘zini o‘ylab, xudbinlik qilib, bunga e’tibor bermay, keyinchalik tushunib etganidan so‘ng qanday (nohaqlik qilganini) aybini qanday yuvsa bo‘ladi? U azobda qoldirgan insonni oldiga borolmaydi, qanday yuz bilan boraman deb qattiq afsusda. Uni hech qachon unga etkazilgan azobni unutmaganini va o‘zi uni shu vaziyatda qoldirib ketganini endi to‘liq anglab etdi. Gunohini va o‘sha inson oldidagi aybini yuvishni ilojisi bormi? Bunga nima kafforot bo‘la oladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh bandasining tavbasini qabul qilishni iroda qilsa, bandaning qalbiga qilgan gunohini noto‘g‘ri ekanligini, afsus-nadomat qilishini solib qo‘yadi. Bunday vaziyatni qo‘ldan chiqarmay shuncha vaqt shaytonning gapiga kirganini eslab, endi qayta kirmasligiga harakat qilish kerak. Oldiga borib kechirim so‘ray olmaslik g‘ururi ham shaytondandir. حَدَّثَنَا سُلَيْمَانُ بْنُ حَرْبٍ قَالَ: حَدَّثَنَا شُعْبَةُ، عَنْ وَاصِلٍ الْأَحْدَبِ، عَنِ الْمَعْرُورِ قَالَ: لَقِيتُ أَبَا ذَرٍّ بِالرَّبَذَةِ، وَعَلَيْهِ حُلَّةٌ، وَعَلَى غُلَامِهِ حُلَّةٌ، فَسَأَلْتُهُ عَنْ ذَلِكَ، فَقَالَ: إِنِّي سَابَبْتُ رَجُلًا، فَعَيَّرْتُهُ بِأُمِّهِ، فَقَالَ لِيِ النَّبِيُّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم: «يَا أَبَا ذَرٍّ، أَعَيَّرْتَهُ بِأُمِّهِ، إِنَّكَ امْرُؤٌ فِيكَ جَاهِلِيَّةٌ، إِخْوَانُكُمْ خَوَلُكُمْ، جَعَلَهُمُ اللهُ تَحْتَ أَيْدِيكُمْ، فَمَنْ كَانَ أَخُوهُ تَحْتَ يَدِهِ فَلْيُطْعِمْهُ مِمَّا يَأْكُلُ، وَلْيُلْبِسْهُ مِمَّا يَلْبَسُ، وَلَا تُكَلِّفُوهُمْ مَا يَغْلِبُهُمْ، فَإِنْ كَلَّفْتُمُوهُمْ فَأَعِينُوهُمْ». Ma’rurdan rivoyat qilinadi:«Rabazada* Abu Zarrni uchratdim. Uning egnida (bir bo‘lak) hulla, g‘ulomining egnida ham (bir bo‘lak) hulla* bor edi. Undan bu haqda so‘radim. Shunda u: «Men bir kishi bilan so‘kishib ketib, uni onasi bilan ayblagan edim, Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga: «Ey Abu Zarr, uni onasi bilan aybladingmi? Johiliyati bor kishi ekansan! Qullaringiz birodarlaringizdir. Alloh ularni qo‘l ostingizda qilib qo‘ygan. Demak, kimning birodari uning qo‘l ostida bo‘lsa, eganidan unga ham edirsin, kiyganidan unga ham kiydirsin. Ularga kuchi etmaydigan narsani yuklamang, bordiyu yuklasangiz, ularga yordam bering», dedilar». * Rabaza – Tabuk yaqinidagi joyning nomi. * Hulla – boshqa xalqlarda bir xil matodan tikilgan pidjak va shimdan iborat kiyimlar to‘plamini «kostyum» deyilgani kabi arablarda rido va izordan (ustki va pastki libosdan) iborat kiyim «hulla» deyiladi. (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Boshqa bir rivoyatda :“Abu Zarr roziyallohu anhu yig‘lab Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib o‘tirdilar va : “Ey Allohning rasuli men uchun Allohdan mag‘firat so‘rasangiz” dedi. So‘ng yig‘lagan holda masjiddan chiqdi. Bilol piyoda yurib kelayotgan edi Abu Zarr boshini Bilolning yo‘liga tashladi va chakkasini tuproqqa qo‘yib, “Allohga qasam ey Bilol to oyog‘ing bilan chakkamni tepalamaguningcha uni tuproqdan ko‘tarmayman. Sen karimsan, men xorman” dedi. Shunda Bilol yig‘lay boshladi, so‘ng unga yaqin kelib chakkasidan o‘pdi so‘ng ikkisi turib bir-birini quchoqladi va yig‘lashdi” deyilgan. Biz ham u zotning sunnatlarini qilishimiz kerak. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:26 | Savol-javoblar | 170 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar