Safarda o‘qiladigan namozlar

Assalomu alaykum! Safarda o‘qiladigan namozlar masalasida savol tug‘ilib qoldi. Shu masalaga oid adabiyotlarni o‘qib chiqdik shunga qaramay bir oz tushunmovchilik kelib chiqdi.
Savollar quyidagicha: Uzoq masofada joylashgan (150 km yoki 300km) sanoat ishlab chiqarish korxonalarida ishlaydigan xodimlarning ish tartibi quyidagicha; ikki hafta ishlashadi va ikki hafta uyda dam olishadi. Masalan chorshanba kuni ertalab soat 600 uydan ishga chiqib ketadi va ikki haftadan so‘ng yana chorshanba kuni soat 18:00 uyga kirib kelishadi. Yanada aniqroq misol keltirsak 12-oktyabrdan 26-oktyabrgacha ishda bo‘ladi jami 15 kun. Shunda namozlarni qasr qilib o‘qishadimi? Safar vaqti manzilga etib kelgandan so‘ng hisoblay boshlashadimi yoki uydan chiqqandan hisob boshlanadimi?  Hisob kunlari kun botishi bilan o‘zgaradimi  yoki soatlarda hisoblanadimi?
Shu holatdagi kishi namozlarni to‘liq o‘qishi kerak bo‘lsayu, lekin u safarda o‘qiladigan namozlar masalasini noto‘g‘ri tushunib namozlarni qasr qilib o‘qib kelgan bo‘lsa, namozi durust bo‘ladimi yoki qazo bo‘lgan kabi barcha namozlarni qaytadan o‘qiydimi?
Ikkita viloyatda uyi bor kishi ikki joyda ham muqim bo‘ladimi? Viloyatlar orasidagi masofa 500 km safar vaqti bir hafta. Bir uyda oilasi bilan doimiy yashaydi, biri uyga vaqti-vaqti bilan borib turadi. Qimatli vaqtlaringizni olayotganimiz uchun oldindan uzr so‘raymiz. Barcha savollar safarda o‘qiladigan namozlar bilan bog‘liq bo‘lgani uchun bir martaga yozib yuboriyapmiz. Olib borayotgan ishlaringizdan Alloh rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Safar vaqti manzildan chiqishi bilan boshlanadi. Qasr qilish o‘z turgan joyining shahar yoki qishlog‘ining chekkasidan boshlanadi. 15 kecha kunduz manzilga etib borgan vaqtidan boshlanadi. Siz aytgan kabi 2 hafta ishlovchi kishi to‘liq 15 kecha kunduz ish joyida bo‘lsa, namozlarini to‘liq o‘qiydi. Undan bir soat kam bo‘lsa ham qasr qilib o‘qiydi. To‘liq o‘qish o‘rniga namozlarini qasr qilganlar, o‘sha namozlarini qayta o‘qiydilar. Qasr o‘rniga to‘liq o‘qiganlar esa, sajdai uloni tark qilmagan bo‘lsa, namozlarini qayta o‘qishga hojat yo‘q. Ikki joyda ham muqim bo‘lib, namozlarini to‘liq o‘qiydi. Biridan boshqasiga borganda safarga chiqqanida yo‘lda qasr qilib o‘qiydi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:35 | Savol-javoblar | 161 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar