Xavoyi nafsga ibodat

Assalomu alaykum! Men ko‘proq boylik orttirishga intilaman. Albatta halol yo‘l bilan. Inson halol yo‘l bilan boylik orttirishga harakat qilsa, tadbirkorlik qilsa, qanday qilib pulini ko‘paytirishni o‘ylasa, havoyi nafsga ibodat qilgan bo‘lmaydimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Shariatimizda boy bo‘lish ayb emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Solih insonning haloldan moli bo‘lsa qanday ham yaxshi” deganlar. Qolaversa, dinning rivoji ham, oxiratga zaxira ham shu mol-dunyo sababidan bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham, sahoba roziyallohu anhumlarning boyliklari ham hozirgi boylarning boyliklarida bir necha barobar ko‘p bo‘lgan. 8 sahobaning ozod qilgan qullarini hisoblanganida 32.000 nafar kishiga etgan ekan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari 9 ta ayolning nafaqalarini bir yil oldindan berib qo‘yar edilar. Shariatimizda mol-dunyoni mazammati haqida kelgan hadislarning barchasi ibodatni qo‘yib, yoki mol-dunyoni haromdan topib, yoki haloldan topsada uni haromga sarflab, yoki zakoti va boshqa haqlarini ado qilmay yurgan kishilarga tegishlidir. Eng muhimi dunyoga muhabbat qilgan kishilarga tegishlidir. Mashoyixlar dunyoga muhabbat qilishning zararini zikr qilib : “Aslida mol-dunyoga muhabbat qilish ham zararli emas. Lekin inson vafot topayotgan vaqtida insonning xayoliga turli narsalar keladi. Insonning tabiatiga o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani olib qo‘yayotganda olib qo‘yayotganni yomon ko‘rish joylashtirilgan. Jon topshirayotgan paytda inson o‘zi muhabbat qilgan mol-dunyosidan ajralishi alamli kechadi va ajratayotgan Zotga nafrati uyg‘onadi. Ajratuvchi esa Alloh taolodir. Mo‘minning Allohga nafrat qilishi kufrdir” deganlar. Mol-dunyoga bo‘lgan muhabbatni undan tez-tez ajralib turish bilan kamaytiriladi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:44 | Savol-javoblar | 160 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar