Talofat uchun to‘lov

Assalamu alaykum! 12 yoshli ikki do‘st nizolashib, bir-birlariga bir-ikki musht ham tushirganlar.Birozdan so‘ng ulardan biri hushidan ketgan. Yigitcha 6-8 oy burun yiqilishi natijasida miya chayqalishidan davolangan edi. Shifokor bu hushdan ketishni, avvalgi miya chayqalishining qaytalanish belgisi deb baholagan. Bola bir hafta davomida davolanib,yana o‘qishga qaytdi.Etkazilgan ziyon evaziga to‘lov lozimligini eshitgandim.  «Kifoya»dan qaradim, to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, bu «Diya» deb ataladi. Shu e’tibordan bizni holat qanday baholanadi? Qandaydir to‘lov lozim bo‘ladimi? Savolim o‘rinsiz bo‘lsa avvaldan uzr so‘rayman. Bu haqida ilm bizda yo‘q. Ziyon biz tomondan etgani sabab, omonat, taqvo hissi yuzasidan so‘rashga to‘g‘ri keldi. O‘qiganimdan, hatto behosdan etkazilgan talofatga ham, to‘lov lozim bo‘lar ekan deb tushundim. Shu sabab, bolalar orasida o‘tgan nizo sabablarini, qay biridan boshlanganini yozib o‘tirmadim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Fuqaholarimiz “Yuzga va badanning boshqa joylariga urilganda, uruvchidan yuz va urgan joylarga urib qasos olib bo‘lmaydi. Shariatning hukmi bunda hokimning ta’zir belgilashidir. Nimani ma’qul ko‘rsa, shuni qiladi” deganlar. Hozirgi kunda ta’zirni belgilaydigan kishi yo‘q. Shuning uchun jabrlanuvchi tarafni xursand qilandigan biror ishni qilganingiz afzal. Imom Muhammad rahmatullohi alayh : "Bunday suratda dori-darman va tabibning ujrasi jabr etkazganning zimmasiga bo‘ladi" deganlar.  Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:49 | Savol-javoblar | 150 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar