Qur’on tilovatidagi chegara

Assalomu alaykum! Qur’on karimni oxang bilan o‘qishda qanchalik chegarada turish kerak? Biz taraflarida o‘zbek xalq maqomiga o‘xshab tilovat qilish paydo bo‘lib qoldi.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bu borada eng asosiy mezon tajvid qoidalariga xalal etmaslik va Qur’onga nomunosib ohang bo‘lmasligidir. Qur’onni arab ohangida o‘qish, hech yo‘q shunga monand o‘qish lozim. Imom Tabaroniy Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: «Qur’onni arab ohangida, savtida o‘qinglar. Ahli kitoblarning va fisq ahlining ohangidan hazir bo‘linglar. Zero, mendan keyin shunday bir qavm keladiki, ular Qur’onni qo‘shiq, rahboniylik va navha kuyi kabi kuyga soladilar, biroq bu bo‘g‘izlaridan nariga o‘tmaydi. Ularning qalblari ham, ularning bu hollari yoqqan kishilarning qalblari ham fitnalangan bo‘ladi». Bu hadis biroz zaifroq bo‘lsa da, ulamolarimiz uning mazmuni aqlan ham, shar’an ham haqiqat ekanini ta’kidlaydilar. Demak, Qur’onni g‘ayridinlarning o‘z muqaddas kitoblarini o‘qishdagi ohangiga solish, yoki ashulachilarinng kuyiga solish, yoxud navhachi – yig‘ichi ayollarning xirgoyilaridek o‘qish mutlaqo joiz emas. Bular misol tariqasida aytilganini ham unutmaslik kerak. Har bir xalqning o‘ziga xos musiqiy ohangi, yo‘nalishi bo‘ladi. Odatda bu o‘sha xalqning uzoq yillik dunyoqarashi, madanyati, hayot tarzi va boshqa jihatlari ta’sirida yuzaga keladi va shu xalq tiliga hamohang, monand holda shakllanadi. Tabiiyki, bir xalqning so‘zi boshqa xalq ohangida kuylansa, ko‘p jihatdan beo‘xshov chiqadi. Bunda yo ohang buziladi, yoki so‘zlarning tarovatiga xalal etadi. Qur’oni Karim fasih arab tilida nozil bo‘lgan. Binobarin, uning uchun eng munosib ohang sof arab ohangi bo‘lishida shubha yo‘q. Qur’oni Karimning iboralari, nazmidagi xususiyatlari ham aynan arab ohangida to‘la namoyon bo‘ladi. Boshqa ohanglar uning ushbu jihatini ochib bera olmaydi, aksincha, unga putur etkazib qo‘yadi. Faraz qilaylik, agar har bir xalqqa Qur’onni o‘z ohangiga solishga ruxsat berilsa, nima bo‘ladi? Agar fors forscha, turk turkcha, xitoy xitoycha, hind hindcha, ingliz inglizcha ohangda o‘qiydigan bo‘lsa, Qur’onning kalimalari, nazmi, uslubidan asar ham qolmaydi. Buni anglash uchun katta aql yoki chuqur ilm kerak emas, ozgina farosat bo‘lsa bas. Ba’zi xalqlardagi ayrim ohanglar arab ohangiga yaqin bo‘lishi, shu sababli Qur’oni Karimga munosib kelishi mumkin, shuningdek, o‘sha xalq vakillari o‘z ohangini unga moslashi ham mumkin. Ayrim qorilarimizning qiroatlari bunga misol bo‘la oladi. Ammo baribir mezon o‘sha arab ohangi bo‘lib qolaveradi. Shu bilan birga, arab ohangida o‘qish degani qaysidir bir arab qoriga aynan taqlid qilib o‘qish degani ham emas. Balki bu umumiy arab tiliga, arab musiqiy tabiatiga xos bo‘lgan ohang yo‘sinlariga rioya qilish deganidir. Zotan, birovga aynan taqlid qilish har qaysi sohada ham ma’qul ko‘rilavermaydi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:58 | Savol-javoblar | 146 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar