Oxiratda najot topish

Assalomu alaykum! Oxiratda najot topishim uchun bitta eng maqbul amalni ayting. O‘shani mahkam ushlay, zora qiyomat kuni najot topsam.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Imom Buxoriy, Imom Muslim va Nasaiy rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyilgan: عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَجُلًا أَتَى النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: دُلَّنِي عَلَى عَمَلٍ إِذَا عَمِلْتُهُ دَخَلْتُ الْجَنَّةَ، قَالَ: تَعْبُدُ اللهَ لَا تُشْرِكُ بِهِ شَيْئًا، وَتُقِيمُ الصَّلَاةَ الْمَكْتُوبَةَ، وَتُؤَدِّي الزَّكَاةَ الْمَفْرُوضَةَ، وَتَصُومُ رَمَضَانَ. قَالَ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَا أَزِيدُ عَلَى هَذَا، فَلَمَّا وَلَّى قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَرَّهُ أَنْ يَنْظُرَ إِلَى رَجُلٍ مِنْ أَهْلِ الْجَنَّةِ فَلْيَنْظُرْ إِلَى هَذَا Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Meni shunday amalga yo‘llangki, uni qilsam, jannatga kiray», dedi. U zot:
«Allohga ibodat qilasan va Unga hech narsani shirk keltirmaysan. Farz namozni qoim qilasan. Farz qilingan zakotni ado etasan. Ramazon
(ro‘zasi)ni tutasan», dedilar.
«Jonim Uning qo‘lida bo‘lgan zot bilan qasamki, bundan ziyoda qilmayman», dedi.
U qaytgach, Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kimni ahli jannatdan bir odamga nazar solish xursand qilsa, bunga nazar solsin», dedilar».
Sharh: 
Ushbu hadisdagi so‘rovchi kim ekanligini bilishga uringan ulamolarimiz bu savol Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bir necha kishi tomonidan takror-takror berilganini aniqlaganlar.
Imom Buxoriyning rivoyatlarida «bir a’robiy» deyilgan. O‘sha a’robiyning ismi Sa’d ibn Ahram bo‘lib, keyinroq u Kufaga borib yashagan.
Bu hadisi sharifga o‘xshash hadislar iymon va namoz kitoblarida kelgan bo‘lib, maqomga va mavzuga qarab sharh etilgan edi.
Agar e’tibor beradigan bo‘lsak, ushbu toifa hadislar, ya’ni kishining jannatga kirishiga sabab bo‘ladigan amallar zikr qilingan hadislar bir-biridan farqli ekanligini mulohaza qilamiz. Ba’zilarida Islom arkonlari, farz amallar to‘liq zikr qilinadi. Ba’zilarida esa ayrim arkonlargina tilga olinib, qolganlari eslanmaydi. Buning bir qancha sabablari bor.
Avvalo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so‘rovchining holiga, u haqdagi ma’lumotlarga, oldingi suhbatlarga va boshqa omillarga qarab muomala qilganlar.
Misol uchun, ushbu toifadagi hadislarning birida iymon haqida gap yo‘q. Bu, iymoni yo‘q odam ham jannatga kiraveradi, degani emas. Undan oldin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan so‘rovchi o‘rtasida iymon haqida alohida suhbat bo‘lib o‘tgan,  shundan keyingina bu savol berilgan.
Shunga o‘xshab, biz hozir o‘rganayotgan hadisda haj zikr qilinmagan. Lekin bu, jannatga kiritadigan amallar ichida haj yo‘q, degani emas. Ushbu savol berilgan vaqtda hali haj ibodati farz bo‘lmaganligi uchun Payg‘ambar alayhissalom uni zikr qilmaganlar.
Eng muhim omil hadisni rivoyat qiluvchilarga borib taqaladi. Har bir roviy o‘zi eshitgan va yodlab qolgan narsani rivoyat qiladi. Vaziyatga qarab, hadisning holat taqozo qilgan qismini aytib, boshqasini ayt­magan bo‘ladi.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Bilmagan kishi uchun din ishlari haqida so‘rab, o‘rganishning vojibligi.
2. Jannatga kiritadigan amallar haqida bilmagan kishi biladigan odamdan so‘rab, o‘rganishi lozimligi.
3. Allohga ibodat qilish, Unga hech narsani shirk keltirmaslik jannatga kiritadigan amallardan biri ekanligi.
4. Farz namozlarini to‘liq o‘qish jannatga kiritadigan amallardan ekanligi.
5. Farz zakotni ado etish jannatga kiritadigan amallardan ekanligi.
6. Ramazon ro‘zasini tutish jannatga kiritadigan amallar sirasiga kirishi.
7. Islomdagi farz amallarga ziyoda qo‘shmay, amal qilgan odamning albatta jannatga kirishi. Bu amallarda kamchilikka yo‘l qo‘yilishi aksincha natijaga sabab bo‘ladi. Farz qilingan amallarga qo‘shimcha nafl ibodatlar qilish esa insonni jannatdagi oliy martabalarga erishishga muvaffaq qiladi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

2 Avgust 2022, 22:02 | Savol-javoblar | 144 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar