Tijoratga pul berish

Assalomu alaykum! Men tijorat uchun do‘stimga pul bersam, tijoratdan olingan foydani qay tarzda halol taqsimlash mumkin? Iltimos to‘liqroq tushuntirib bersangizlar. Javob uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Buning ikki surati bor. Pul berishda ikkinchi tomon bilan sherik bo‘lishingiz mumkin. Yoki muzoraba yo‘lini tutishingiz mumkin. Ikkisida ham foydani foizlarda tayin qilib olishingiz shart. Masalan “foydaning 50 foiz seniki, 50 foizi meniki” kabi. 50/50 bo‘lishi shart emas. 30/70 yoki 60/40 va hokazo bo‘lishi ham mumkin. Zarar ko‘rilganda esa pul beruvchi zarar ko‘rib, mehnat qilgan xizmatiga kuyib qoladi. “Foyda zarar teng sherik” degan narsa ketmaydi. Shunday shart qo‘yilgan bo‘lsa ham bu shart e’tiborga olinmaydi va pul bergan puliga ziyon qilaveradi. Agar pulning hammasiga kuyishni xohlamasa, mehnat qiluvchiga kelishilgan foydani beradigan hissasicha dastmoyani qarz qilib bersin. Masalan 10.000 puli bo‘lsa, foydani 50/50 bo‘lishamiz deb kelishishsa, “undan ko‘ra 5.000 senga qarz beraman, o‘sha 5.000ni foydasi senga, qolgan 5000 meni tarafimdan bo‘lib, foydasini berasan. Ziyon ko‘rsak sen 5000dan men 5000dan ziyon ko‘rgan bo‘lamiz” deydi. Bu ham 50/50 bo‘lishi shart emas. Kelishuvga qarab bo‘laveradi. Shunda pul tikuvchi hamma puliga kuymaydi. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 11:58 | Savol-javoblar | 138 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar