Tezlikni oshirish

Assalomu alaykum! Mutasaddi organlar tomonidan ko‘p aholi istiqomat qiladigan joylarda piyodalar va haydovchilarning xavfsizligi uchun ma’lum tezlik me’yorlari o‘rnatiladi. Shahar ichida avtoulovlarni boshqarish tezligi ba’zi joylarda 50km/s — 70 km/s va hokazoni tashkil etadi. Aytingchi, mashinani boshqarishda shu belgilangan tezlikdan oshirish gunoh emasmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Fuqaholarimiz “Tartib intizom uchun yo‘lga qo‘yilgan qoidalarga amal qilish kerak” deyishadi. Hatto tezlikni oshirmaslik kerak bo‘lgan o‘rinda tezlikni oshirib halokatga uchrasa, Alloh taolo quyidagi oyati ostiga kirishini ham ta’kidlaganlar. وَأَنفِقُواْ فِي سَبِيلِ اللّهِ وَلاَ تُلْقُواْ بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ وَأَحْسِنُوَاْ إِنَّ اللّهَ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ۝ 195. Va Allohning yo‘lida nafaqa qiling. O‘zingizni halokatga tashlamang. Yaxshilik qiling, albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadir. “Baqara” surasi 195-oyat. Ushbu oyatining tafasirida Ustozimiz quyidagilarni yozganlar : Bu oyati karimada Alloh taolo musulmonlarni O‘zining yo‘lida pul-mol nafaqa qilishga amr qilmoqda. «Va Allohning yo‘lida nafaqa qiling». Bunga savob va xayrli ishlar uchun nafaqa qilish kiradi. «O‘zingizni halokatga tashlamang» jumlasida bir necha xil ma’no bor. Biri: «Allohning yo‘lida nafaqa qilmay, o‘zingizni halokatga duchor qilmang», ya’ni «Baxilligingiz halokatga sabab bo‘lmasin», degani. Yana bir ma’nosi: «O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Bir kishi o‘zining o‘limiga o‘zi sabab bo‘lsa, «o‘zini o‘zi o‘ldirdi», – deyiladi. Shunga o‘xshagan bo‘lmasin», degani. Imom Olusiy: «Ushbu oyatdan o‘limga sabab bo‘ladigan narsaga bormaslik chiqadi», – deganlar. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:07 | Savol-javoblar | 144 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar