Sotib olish orqali o‘yinda ishtirok etish

Assalomu alaykum! Turli xil o‘yinlar, masalan, biror ichimlik yoki egulik sotib olish orqali biror bir o‘yinda ishtirok etish va undan yutib olgan narsalar harommi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Shariatimizda bir tomon maxsus bir joiz ish uchun mukofot belgilashi joiz. Masalan kim Qur’on o‘qishda ilg‘or bo‘lsa unga mukofot tayinlash mumkin. Supermarket, yoqilg‘i quyish shohobchalari va oshxona kabi  tijoriy mahallar xaridorlarni jalb qilish va ularni ko‘proq narsalarni sotib olishlariga qiziqtirish maqsadida yutuqlar tikishlari uch xil suratda bo‘ladi.
1). Xaridor yutuqqa ega bo‘lish uchun  kuponni  o‘zini sotib olishi. Kupondan boshqa narsa sotib olmaydi. Buning hukmi mutloq haromdir. Qur’oni karimda zikr qilingan maysir (qimor) shudir. Qimorning ta’rifida fuqaholar “Ikki yoki undan ko‘p taraf o‘rtaga mablag‘ tashlab, ulardan birlari ziyon ko‘rishidir” deganlar. Bu suratda bir necha ming kishi pul tikib faqat ba’zilar yutuqqa ega bo‘ladi, qolganlari ziyon ko‘rishadi.  Karta o‘yinlari, sportda o‘yinchilarga tikilayotgan pullar, xo‘roz urishtirishdagi pul yutuqlari shunga kiradi.
2). Xaridor biror narsani(benzin yoki kerakli xomashyolarni) o‘sha o‘yinga sherik bo‘lish va mashina yoki shu kabi yutuqqa ega bo‘lish  uchun sotib olishi. Bu ham joiz emas. Xaridorning o‘yinga sherik bo‘lish uchungina sotib olganini  uch holatda bilish mumkin.
 A). Ehtiyoji bo‘lmagan yoki sheriklari olmoqchi bo‘lgan narsalarni ham o‘z nomiga olishi. Bu yutuqqa ega bo‘lish uchun qilingan hiyla hisoblanadi. Bu joiz emas.
B). Sotib olgan narsasini bozor narxiga ziyoda bo‘lgan narxga olishi. Chunki bunda sovrin qo‘ygan taraf sovrin pulini ham narsaning narxiga qo‘shib qo‘ygan bo‘ladi. Bu esa  yuqorida aytib o‘tgan qimorga pul tikib birisining foydasiga bo‘lgan kabi bo‘ladi. Oluvchi ham bilaturib sotib olishi qimorga kirish uchun olganiga dalolat qiladi. Bu harom. Bunga kuponga ega bo‘lish uchun o‘z narxiga arzimaydigan narsalarni sotib olish ham kiradi.
V). Shariat harom qilgan narsalarni ham sotib olishi. Chunki bunda oluvchi faqat kuponga ega bo‘lish uchungina olgani ochiq oydin bo‘ladi.
 O‘z ehtiyojiga kerakli bo‘lganini olsa,   o‘ziga savdo qilsa,   ehtiyojiga keraklicha   va odatda olganichasini  va shariatda halol bo‘lganini  sotib olsa joiz.
3). Doimiy mijozi bo‘lgani uchun narxidan o‘tib berishlar ham joiz. Vallohu a’lam!

2 May 2022, 16:41 | Savol-javoblar | 156 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar