Basmalasiz so‘yilgan go‘sht

Assalomu alaykum! Noo‘rin savol berayotgan bo‘lsam oldindan uzr. Allohdan Sizlardan rozi bo‘lsin. Hech qaerdan kengroq ma’lumot topalmaganim uchun bu savolni Sizlarga berayapman. Barchamiz bilamizki Basmalasiz so‘yilgan hayvon go‘shti haromdir. Nima uchun bunday? Sababi nima? Izlashdan ham topolmadim. Iltimos kengroq tushuntirib bersangizlar yoki linki bo‘lsa tashlab bersangizlar. Ba’zida tanishlarim ham buning sababini so‘rashadi. Ularga ham etqizmoqchiman. Din yo‘lidagi xizmatlaringizdan Alloh ajrini ko‘paytirib bersin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “An’om” surasi 121-oyatida marhamat qiladi : وَلاَ تَأْكُلُواْ مِمَّا لَمْ يُذْكَرِ اسْمُ اللّهِ عَلَيْهِ وَإِنَّهُ لَفِسْقٌ وَإِنَّ الشَّيَاطِينَ لَيُوحُونَ إِلَى أَوْلِيَآئِهِمْ لِيُجَادِلُوكُمْ وَإِنْ أَطَعْتُمُوهُمْ إِنَّكُمْ لَمُشْرِكُونَ۝ Ustida Allohning ismi zikr qilinmagan narsalarni emanglar. Shubhasiz, u fisqdir. Albatta, shaytonlar o‘z do‘stlariga sizlar bilan tortishishni vasvasa qilurlar. Agar ularga itoat qilsangiz, albatta, sizlar ham mushriklar bo‘lursizlar. Ulamolarimiz ushbu oyatning tafsirida «Agar musulmon kishi hayvonni so‘yayotib, Allohning ismini zikr qilishni unutib qo‘ysa, so‘ygan go‘shti halol», deganlar. Ammo bilib turib, qasddan zikr qilmasa, unday go‘sht harom bo‘ladi. «Ustida Allohning ismi zikr qilinmagan narsalarni emanglar». Shuningdek, avval o‘tgan oyatlarning hukmiga binoan, ahli kitoblarning so‘yishi ham haloldir. Boshqalarini esa eyish mutlaqo mumkin emas. «Shubhasiz, u fisqdir». Ya’ni Allohning nomi zikr qilinmay so‘yilgan hayvonning go‘shtini eyish fisq, ya’ni dinning amridan chiqishdir. «Albatta, shaytonlar o‘z do‘stlariga sizlar bilan tortishishni vasvasa qilurlar». Shaytonning do‘stlari bo‘lmish kofir va mushriklar imkonlari boricha sizlar bilan tortishadilar. Turli masalalarda, jumladan, Allohning nomi zikr etilmay so‘yilgan hayvonlarning go‘shti haqida ham tortishadilar. Sizlar ularning gaplariga, tortishuvlariga hech e’tibor bermasligingiz kerak. «Agar ularga itoat qilsangiz, albatta, sizlar ham mushriklar bo‘lursizlar». Allohning gapini uqmay, o‘zganing gapiga yurgan odam mushrik bo‘lmay, kim mushrik bo‘lsin?! Allohning amrini tutmay, boshqaning amrini tutgan kishi mushrik bo‘lmay, kim mushrik bo‘lsin?! Hatto hayvonlarni so‘yishda Allohdan boshqaning amrini tutish ham shirk hisoblanadi. Kofir bo‘lish esa umuman boshqa kulfat. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:28 | Savol-javoblar | 148 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar