Yordam ma’nosi

Assalomu alaykum! Chet elga ishlashga borgan vatandoshlarimiz taqdir taqazosi bilan vafot topsalar, mayyitni vataniga jo‘natish va kasalxona harajatlari uchun katta miqdorda pul sarf bo‘ladi. Shunga qilingan moddiy yordamni qanday maqsadda qilish yaxshiroq? Sadaqami, ehsonmi yoki beg‘araz yordam? Savob umid qilsa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Kishi qaerda vafot topsa uni o‘sha joyga dafn qilinadi. Dunyoning har bir joyida qaysidir zamonlarda o‘tgan mo‘minlarning jasadlari bor. Mayyitni shahar yoki qishloq tashqarisidagi qabristongacha olib borishga ruxsat beriladi. Undan uzog‘iga olib borishdan shariat qattiq qaytaradi. Xususan hozirgi kunlarimizda sodir bo‘lib turgan boshqa mamlakatdan o‘z mamlakatiga jasadni olib borish umuman joiz emas. Bunda shariatning juda ko‘p qaytariqlarini buzgan bo‘ladi. 1). Shariat mayyitni tezlik bilan dafn qilishga buyurgan. Bunda esa bir necha kunga kechiktirish bor. 2). Mayyitni muzxonaga qo‘yib, unga azob berish bor. Bu esa qattiq gunoh hisoblanadi. 3). Ko‘p holatlarda mayyit yo‘lda uzoq qolib, hidlanib, jasad chiriy boshlab, unga janoza o‘qilmaydigan holatga kelib qolishi bor. Bu ish qodir bo‘la turib, farzni tark qilishdir. Mayyitga janoza o‘qish farzi kifoyadir. Bunday jasadga esa janoza o‘qilmaydi. O‘qilgan taqdirda ham o‘quvchilar gunohkor bo‘lishadi. 4). Mayyitni vataniga jo‘natish uchun qilinadigan sarf-harajatning barchasi isrof bo‘lib, shariat isrofni harom qilgan. Bu holatda hissa qo‘shganlar savob olish o‘rniga gunohkor bo‘lib qoladilar. Shuning uchun bu kabi shariat qaytargan ishlarni bir nechasiga qo‘l urgandan ko‘ra, vafot topishi bilan eng yaqin bo‘lgan musulmonlar qabristoniga ko‘mish kerak. Odatda kishilar mayyitni vataniga olib kelishdan goh-gohida uning qabrini ziyorat qilishni  maqsad qiladilar xolos. Qabrlarni ziyorat qilish mustahab amaldir. Shu bir mustahabni deb bir necha harom ishlarga qo‘l urilgan bo‘ladi. Bu jaholatdan boshqa narsa emas. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:41 | Savol-javoblar | 150 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar