Xato aytilgan azon

Assalomu alaykum! Muazzin azonning harflarini noto‘g‘ri talaffuz etsa: ھni ح ،خ ni خ deb, hamda e’robda xato qilsa, bu azonning hukmi qanday bo‘ladi? Oldindan rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Unday azonni qaytadan aytish kerak bo‘ladi. Insonlarni ismlarining ba’zi harflarini o‘zgartirib aytsangiz boshqacharoq lahjada “mening ismim falonchi” deb to‘g‘rilab qo‘yishadi. Ya’ni ismini buzib aytilganidan g‘azabi kelganini izhor qiladi. Holbuki uning ismini o‘zgartirib aytishda na e’tiqodga va na ism egasiga zarar bor. Ammo Alloh taoloning ismlarini o‘zgartirib, buzib aytishda kufrning ham ehtimoli bordir. 1- “Allohu akbar”  lafzida xoh unutib, xoh qasddan Allohning “A”sini hamda akbarning “A”sini mad qilib “Aaallohu” yoki “Aaakbar” desa gunohkor bo‘ladi. Chunki unda ma’no “Alloh ulug‘mi? Hecham unday emas” degandek bo‘lib qoladi. Agar namozga kirishayotganda shunday cho‘zib aytsa, ulamolarning nazdlarida namozga kirgan hisoblanmaydi. 2- "akbar" lafzining “B” bilan “R” harflari orasiga mad kiritib “Akbar” o‘rniga “Akbaar” deb “A”ni cho‘zib o‘qisa, ham gunohkor bo‘ladi. Agar namozga kirishayotganda shunday cho‘zib aytsa, sahih qavlga binoan namozga kirgan bo‘lmaydi. Chunki unda ham ma’no o‘zgaradi. “Muniya”ning sharhi “Kabiriy”da “Akbar”ning o‘rniga “Akbaar” deb o‘qisa namozga kirgan bo‘lmaydi. Agar namoz orasida shunday desa namozi buziladi. Chunki “Akbaar” shaytonning ismlaridan biridir. Bir qavlda u “kabar” so‘zining ko‘pligi bo‘lib, do‘mbara ma’nosini anglatadi. Ba’zi ulamolar “namozga kirgan bo‘ladi va namozi buzilmaydi. Chunki u ishbo’dir” deganlar. Lekin birinchi gap sahihdir. Shuning uchun bunday qilgan kishi namozini qaytadan o‘qishi vojib bo‘ladi. (Fatavoi Rahimiya). 3- “Allohu akbar”  lafzida “Alloh” so‘zining “h”sini tushirib qoldirmaslik. 4- "Alloh" lafzining lomida madni xazf qilmaslik. Ya’ni “l” bilan “h”ning orasidagi “o”ni ikki harakat cho‘zib o‘qish kerak. Ya’ni  “Allooh” deyish kerak. 5- "Alloh" lafzining “h” va “akbar” lafzining “r”sini ishbo’ qilib o‘qimaslik kerak. Ya’ni “Alloohuuv akbaruu”, yoki  “Alloohuuv akbar” qilib. Aksar namozxonlar “akbar” lafzida ishbo’ qilmasalarda, sajdaga ketish yoki undan qaytishda “Alloohuuv” deb “Alloh” lafzidan keyin “u” va “v”ni ziyoda qiladilar. Bunda ham lug‘at jihatidan xato qilingan bo‘ladi. Ulamolarning ba’zilari “bu suratda ham namoz buziladi” deganlar. Lekin namoz buzilmasligi sahihdir. Vallohu a’lam! https://fiqh.uz/index.php/ibodat/namoz/

-azon-va-takbir

26 May 2022, 12:44 | Savol-javoblar | 169 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar