Jannat tirikmi?

Assalomu alaykum! Ustozlar jannat tirik jonzotmi? “Furqon” surasi 12-oyatida kofirlarni uzoq joydan qurganida degan.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ha tirik. Har bir narsaning tirik va hayot kechirishi turlicha bo‘ladi. Alloh taolo “Isro” surasida marhamat qiladi: تُسَبِّحُ لَهُ السَّمَاوَاتُ السَّبْعُ وَالأَرْضُ وَمَن فِيهِنَّ وَإِن مِّن شَيْءٍ إِلاَّ يُسَبِّحُ بِحَمْدَهِ وَلَكِن لاَّ تَفْقَهُونَ تَسْبِيحَهُمْ إِنَّهُ كَانَ حَلِيمًا غَفُورًا۝ 44.  Uni etti osmonu er va ulardagi zotlar poklab yod eturlar. Uni hamdi ila poklab yod etmagan hech bir narsa yo‘q. Lekin ularning tasbehini anglamaysizlar. Albatta, U o‘ta halimdir, o‘ta mag‘firatlidir. Arab tilida tasbeh aytish «Allohni poklab yod etish» degan ma’noni anglatadi. Ushbu oyati karima butun borliq, barcha mavjudot Alloh taoloni aybu nuqsondan poklab, tasbeh aytishini ta’kidlamoqda. «Uni etti osmonu er va ulardagi kimsalar poklab yod eturlar». Alloh taologa etti osmon ham tasbeh aytadi. Er ham tasbeh aytadi. O‘sha etti osmonu erdagi kimsalar ham tasbeh aytadilar, poklab yod etadilar. «Uni hamdi ila poklab yod etmagan hech bir narsa yo‘q». Borliqdagi hamma narsa Allohga hamdu sano va tasbeh aytadi. Ularning har biri o‘ziga xos uslub va o‘z tili ila aytadi. «Lekin ularning tasbehini anglamaysizlar». Ey insonlar, sizlar g‘aflatda bo‘lganingiz uchun, e’tiborsiz bo‘lganingiz uchun borliqdagi mavjudotlarning Alloh taologa hamdu sano va tasbeh aytishlarini anglamaysizlar. «Albatta, U o‘ta halimdir, o‘ta mag‘firatlidir». Halimligidan butun mavjudot Uni poklab yod etib turganda, ojiz inson shirk keltirsa ham, uni darhol azoblamaydi, qo‘yib qo‘yadi. Sermag‘firatligidan shuncha beodoblik va gunoh qilsalar ham, tavba etgan bandalarini mag‘firat qilaveradi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 13:32 | Savol-javoblar | 164 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar