Umr yo‘ldoshi tanlash

Assalomu alaykum! Hurmatli uztozlar, yaqinda bir do‘stim, “Biz peshonamizga kim yozilgan bo‘lsa shu inson bilan turmush quramiz” degan mazmundagi so‘zlarni aytdi. Lekin men “bizda doim tanlash imkoniyati bo‘ladi” deb hisoblar edim. Uztozlar, biz turmush o‘rtog‘imizni o‘zimiz tanlaymizmi? Yoki Alloh taolo biz uchun allaqachon tanlab qo‘yganmi? Javobingiz uchun oldindan Rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Alloh taolo “Nur” surasida marhamat qiladi : الْخَبِيثَاتُ لِلْخَبِيثِينَ وَالْخَبِيثُونَ لِلْخَبِيثَاتِ وَالطَّيِّبَاتُ لِلطَّيِّبِينَ وَالطَّيِّبُونَ لِلطَّيِّبَاتِ أُوْلَئِكَ مُبَرَّؤُونَ مِمَّا يَقُولُونَ لَهُم مَّغْفِرَةٌ وَرِزْقٌ كَرِيمٌ۝ 26. Nopok xotinlar nopok erkaklar uchundir. Nopok erkaklar nopok xotinlar uchundir. Pokiza ayollar pokiza erkaklar uchundir. Pokiza erkaklar pokiza ayollar uchundir. Ana o‘shalar u(bo‘htonchi)lar aytayotgan narsalardan poklangandirlar. Ularga mag‘firat va karamli rizq bordir. Ushbu oyati karimada Alloh taolo islomiy jamiyat hayotidagi muhim bir asosni bayon qilmoqda. U ham bo‘lsa, nopok qalblar o‘zlariga o‘xshagan nopoklar bilan topishishi, o‘z navbatida, pok qalblar o‘zidek pokiza qalblar bilan topishib birlashishidir. Asli nopok insondan doimo nopoklik sodir bo‘ladi. U o‘ziga o‘xshagan nopoklarni yoqtiradi, ular bilan topishadi, doim birga bo‘ladi. Lekin pok kishilarga qo‘shila olmaydi. Shuningdek, pok odam ham doimo poklik bilan yashaydi. Pok kishilarni qidiradi, topadi, birga bo‘ladi. Er-xotin bo‘lishda ham shu. Pok xotinga pok er, nopok xotinga nopok. Agar nopok bilan pok birlashib qolsa, bu hamdamlik uzoqqa bormaydi. Chunki pok bilan nopokning birga bo‘lishlari amri mahol. Shunday ekan, Alloh pok qilib yaratgan, payg‘ambarlikka tanlagan zot – Muhammad sollallohu alayhi vasallam Oishai Siddiqani hamma ayollaridan ko‘ra yaxshi ko‘rishlari u ayolning nihoyatda pokligi sababidan emasmi?! Oisha onamizda zarracha nopoklik bo‘lganida, u muhtarama zotni Allohning Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunchalar yaxshi ko‘rishlari mumkinmidi?! Ana o‘sha pok er va ayollar bo‘htonchilar ularga qo‘yayotgan ayblardan pokdirlar. «Ularga mag‘firat va karamli rizq bordir». Ularga bu dunyoda mag‘firat – gunohlarini kechish va u dunyoda go‘zal rizq – jannat bordir. Shu bilan ifk hodisasi – musulmonlar jamoasini katta musibatga solgan hodisa haqidagi oyatlar nihoyasiga etdi. Bu hodisa Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘zlarini, u zotning oilalarini, bu oilaning pokligini Allohning O‘zi saqlashini isbot etdi. «Nur» surasining boshidan to shu erigacha jamiyatda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan buzg‘unchiliklar, zino, zinoda ayblash, beayb odamlar haqida buzuqi mish-mishlar tarqatish xususida, ularning jazosi, oqibati haqida so‘z ketdi. Endigi oyatlarda esa o‘sha buzg‘unchiliklarning oldini olish, Islom jamiyatida bu kabi ishlarning yuz berishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari bayon etiladi. (“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 12:53 | Savol-javoblar | 171 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar