Hanafiy mazhabi haqida

Assalomu alaykum! Ko‘pchilik mazhabsizlar o‘zlarining mazhab ushlamaslik sabablari qilib, mazhablarda sunnat va hadisda yo‘q amallarni qilishganliklari uchun deb ko‘rsatishadi. Masalan shulardan biri hanafiy mazhabida vafot etgan odamga Qur’on o‘qib savobini bag‘ishlash. Bu amal xech bir hadisda kelmagan, sahobalar ham qilmagan, lekin hanafiylar aqlni naqldan ustun qo‘yib, payg‘ambarimiz salovot aytinglar menga boradi degan gapini ushlab, salovot aytgan Qur’on qanday etmaydi deb amal qilishadi deydi. Hanafiy mazhabi shu amalni qaysi dalil asosida qilish joiz deb topgan? Shu haqida xabar bersangizlar.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Arab alifbosida sher(yirtqich hayvon), shir(sut) bir xilda yoziladi. Ma’nosidagi farq esa barchaga ayon. O‘tgan fuqaholar bilan hozirgi ilm ahlining ilmi orasidagi farq shu daraja kattadir. Hatto Abu Hanifa rahmatullohi alayh tobe’inlardan bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tobe’inlar haqida “Asr(ahl)ning eng yaxshisi mening asr(ahl)larim, undan keyin ulardan keyingilar. Keyin ulardan keyingilar” deb bashorat berganlar. Hozirgi asr ilm ahllari tafsir borasida ham, hadis borasida ham, ijtihod borasida ham, taqvo va zuhd borasida ham, ibodat borasida ham o‘zlarini ularga tenglashtirishlari “shir”ni “sher”ga tenglashtirish bilan barobardir. Bu ularning ilmdan emas, balki ilmning hididan ham bebahra ekanligidandir. Sanoqli 10-15 kitobni o‘qib, sanoqli lug‘atlarni yodlab olib, o‘zini “ilmli” deb bilish, ulamolarning ustidan muhokama qilish, bu ilmsizlikdir. Dunyo kutubxonalaridagi barcha kitoblarni o‘qib, yodlab, mabodo hamma kitoblar yonib ketsa, qaytadan hofizasidan yozdirib berish darajasiga etgan ilm ahllari ham Abu Hanifa rahmatullohi alayh ilm, amal, taqvoda kamyob odamlardan ekanligini tan olishgan. Hadislarda moliyaviy va badaniy qilingan ibodatlarning savobini o‘zgalarga bag‘ishlansa etishi kelgan. Ota-ona tarafidan haj qilish haqidagi hadislar bunga dalildir. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:14 | Savol-javoblar | 234 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar