Hayit namozidan keyin

Assalomu alaykum! Ustozlar, biz tomonlarda Ramazon va Qurbon hayiti namozidan so‘ng qabristonga va vafot etgan insonlarnikiga ziyoratga borishadi. Shu amallar shariatimizda bormi? Javobingiz uchun oldindan rahmat. Alloh taolo qilayotgan xayrli ishlaringizni ajr savobini ko‘paytirib bersin. Omiin
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Hayit kunlarini azaga aylantirib olish. Ikki iyd kunlari mo‘min-musulmonlarning eng ulug‘ bayramlari hisoblanadi. Diniy manba’larimizda bu kunlarni xursandchilik, shodlik ruhida, bayram kayfiyatida o‘tkazilishi kerakligi ta’kidlangan. Ammo hayit kunlari fotihaxonlik qilish, Hayit kunlarini azaga aylantirib olish mutloq joiz emas. Bugungi kunda bu odat musiybat ahillariga ham ko‘plab qiynchiliklar tug‘dirayotgani hech kimga sir emas. Ba’zan bu narsa azadorlarning yarasini yangilash, mashaqqatlari ustiga yana mashaqqat tug‘dirish bo‘layotganining ham guvohi bo‘lmoqdamiz. Shuning uchun ham ulamolarimiz uch kundan keyin ta’ziya bildirish uzoqdagi kishilar uchundir. Boshqalarning mazkur muddatdan keyin ta’ziya bildirishi musiybatni yangilash bo‘ladi, bu esa musiybat ahliga og‘ir keladi, ko‘zlangan maqsadga zid ish bo‘ladi, deb aytganlar. To‘g‘ri, musiybatga uchragan ayrim ko‘ngil yaqin kishilarni hayit munosabati bilan yo‘qlash mumkin. Ammo bu ham aza tutish kayfiyatida qilinmaydi. Ehtimol, ana shunday ko‘ngilovlash shaklida yo‘lga qo‘yilgan ish keyinchalik fotihaxonlikka aylanib ketgandir. Shu bois, hayit kunlarini azaga aylantirib olish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ushbu ko‘rsatmalardan ham ma’lum bo‘ladiki, musulmonlarning bayram nishonlashi o‘ziga xos tarzda bo‘ladi. Avvalo ular ushbu kunlarga etkazganining shukronasi ma’nosida Alloh taologa bandalik izhor qilishadi – jamoat bo‘lib, hammalari bir bo‘lib namoz o‘qishadi, Alloh taologa iltijolar qilishadi, bergan ne’matlari uchun U Zotga hadu shukrlar aytishadi. Keyin bir-birlarini hayit bilan qutlab, ziyoratlar qilishadi. Beva-bechoralar, bemorlar holidan xabar olishadi, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar bilan o‘zaro bordi-keldilar qilishadi. O‘yin-kulgilarini ham axloq-odob doirasida, Alloh taologa osiy bo‘lmagan holda olib borishadi. Ana shundoq qilib, hayit kunlarini faqat yaxshilik bilan, ezgu amallar bilan o‘tkazishadi. Shuning uchun, ularning bayramlarida turli tartibsizliklar, har xil noxushliklar yuz bermaydi, balki holatlari yanada go‘zallashadi. Zotan, mo‘min bandaning hayiti – Allohga bog‘liqligi go‘zal bo‘lgan kunidir. Vallohu a’lam!

26 May 2022, 13:22 | Savol-javoblar | 154 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar