Namozda zamsura

Assalomu alaykum! Faqat bir dona oyat zamsura qilish joizmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bir sura yoki uch oyatni zam qilish. «Zam qilish» degani «ortidan qo‘shish» degan ma’noni bildiradi. Bu ibora namozda Fotiha surasi qiroatining ortidan yana bir sura yoki ba’zi oyatlarni o‘qishga ishlatiladi. Bu namozdagi vojib amallardan biridir. Zam sura qilish vojibligiga dalil: عَنْ أَبِي قَتَادَةَ رضي الله عنه قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ  صلي الله عليه وسلم يَقْرَأُ فِي الرَّكْعَتَيْنِ الْأُولَيَيْنِ مِنْ صَلَاةِ الظُّهْرِ بِفَاتِحَةِ الْكِتَابِ، وَسُورَتَيْنِ، يُطَوِّلُ فِي الْأُولَى وَيُقَصِّرُ فِي الثَّانِيَةِ، وَيُسْمِعُ الْآيَةَ أَحْيَانًا، وَفِي الْعَصْرِ مِثْلَ ذَلِكَ، وَكَانَ يُطَوِّلُ فِي الرَّكْعَةِ الْأُولَى مِنْ صَلَاةِ الصُّبْحِ وَيُقَصِّرُ فِي الثَّانِيَةِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا التِّرْمِذِيَّ Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam peshin namozining birinchi ikki rak’atida «Fotihatul Kitob» va ikki surani o‘qir edilar: birinchi rak’atni uzun qilib, ikkinchisini qisqa qilar edilar. Gohida oyatni eshittirib qo‘yardilar. Asr namozida ham shunday qilar edilar. Bomdod namozining birinchi rak’atini uzun, ikkinchisini qisqa o‘qir edilar». Beshovlaridan faqat Termiziy rivoyat qilmagan. عَنْ أَبِي سَعِيدٍ  رضي الله عنه قَالَ: أُمِرْنَا أَنْ نَقْرَأَ بِفَاتِحَةِ الْكِتَابِ وَمَا تَيَسَّرَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Biz Fotihani va muyassar bo‘lganichani qiroat qilishga amr qilingan edik». Imom Abu Dovud rivoyat qilgan. وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه: أَنَّ النَّبِيَّ صلي الله عليه وسلم أَمَرَهُ أَنْ يَخْرُجَ فَيُنَادِيَ: لَا صَلَاةَ إلَّا بِقِرَاءَةِ فَاتِحَةِ الْكِتَابِ فَمَا زَادَ. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَأَبُو دَاوُدَ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga (odamlar oldiga) chiqishni hamda «Kitobning «Fotiha»si va yana ziyoda qiroat bo‘lmasa, namoz yo‘q!» deb jar chaqirishni amr qildilar». Ahmad va Abu Dovud rivoyat qilishgan.("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 14:04 | Savol-javoblar | 145 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar