Ahli kitoblar dasturxoni

Assalomu alaykum! Ustozlar sizdan bir holatga oydinlik kiritishingizni so‘rayman: Mahallamizda bir ahli ilmni (mahallada imom) rus millatiga mansub qo‘shnisi qo‘y so‘yib chaqiribdi. U kishi qo‘ni-qo‘shnilar bilan birga kirib taomlangan, xonadon egasi ziyofat oxirida Qur’on o‘qib, duo qilishini so‘rabdilar. Domla Qur’on o‘qib, «Rabbanag‘fir lanaa vali ixvaaninallaziiynaa…» duosini o‘qib, o‘sha manzilda o‘tgan musulmonlar haqqiga, ahli baytning ishlariga (ammo xonadondan o‘tganlarga savob bag‘ishlamagan) baraka so‘rab duo qilganlar. Bu voqeadan keyin ba’zilar o‘sha kishini “noto‘g‘ri ish qildi” deb tanqid qilishdi. Shu sabab u kishi menga «siz shayx Hazratlarining shogirdlaridan so‘rab bering, men internetni bilmayman» dedilar. Shu holatlarda nima qilishi kerak edi? Bizning mahallada rus va koreetslar bor, bu kabi holatlar yana takrorlanishi mumkin. Javob uchun rahmat. Ilmlaringiz ziyoda bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Qo‘yni musulmon kishi so‘ygan bo‘lsa, uning go‘shti va undan tayyorlangan taom ham halol bo‘ladi. O‘zga din vakillarining taomlaridan eyish joiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa din vakillari tayyorlagan taomlarni eganlar. Domla ularni hidoyat topishlarini so‘rab qilgan duolari ham joiz. Mabodo shunga o‘xshash holat yana takrorlansa, ziyofat egasidan shu shartlarga amal qilishini talab qilish kerak. Ya’ni so‘ygan hayvonini musulmon so‘yishi, uyda so‘ydiradimi yoki bozordagi musulmon qassobdan olib keladimi farqi yo‘q. Chunki Alloh taolo “An’om” surasi 121-oyatida marhamat qiladi: وَلاَ تَأْكُلُواْ مِمَّا لَمْ يُذْكَرِ اسْمُ اللّهِ عَلَيْهِ وَإِنَّهُ لَفِسْقٌ وَإِنَّ الشَّيَاطِينَ لَيُوحُونَ إِلَى أَوْلِيَآئِهِمْ لِيُجَادِلُوكُمْ وَإِنْ أَطَعْتُمُوهُمْ إِنَّكُمْ لَمُشْرِكُونَ Ustida Allohning ismi zikr qilinmagan narsalarni emanglar. Shubhasiz, u fisqdir. Albatta, shaytonlar o‘z do‘stlariga sizlar bilan tortishishni vasvasa qilurlar. Agar ularga itoat qilsangiz, albatta, sizlar ham mushriklar bo‘lursizlar. Tayyorlagan taomlariga o‘zlari eyishga odatlangan, lekin shariatimizda harom qilingan narsalarni qo‘shmasligi kerak. Alloh taolo “Baqara” surasi 173-oyatida: إِنَّمَا حَرَّمَ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةَ وَالدَّمَ وَلَحْمَ الْخِنزِيرِ وَمَا أُهِلَّ بِهِ لِغَيْرِ اللّهِ فَمَنِ اضْطُرَّ غَيْرَ بَاغٍ وَلاَ عَادٍ فَلا إِثْمَ عَلَيْهِ إِنَّ اللّهَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ Albatta, U Zot sizlarga faqat o‘limtikni, qonni, cho‘ch¬qa go‘shtini va Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan narsalarni harom qil¬di. Kimki maza talab qiluvchi va haddan oshuvchi bo‘lmagan holda majbur bo‘lib qolsa, unga gunoh yo‘q. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir. Duo qilishda Alloh taolodan ularga hidoyat berishi so‘rab duo qilishi, kufrda o‘tganligi aniq bo‘lganlarga istig‘for aytmasligi kerak bo‘ladi. Alloh taolo “Tavba” surasi 113-oyatida: مَا كَانَ لِلنَّبِيِّ وَالَّذِينَ آمَنُواْ أَن يَسْتَغْفِرُواْ لِلْمُشْرِكِينَ وَلَوْ كَانُواْ أُوْلِي قُرْبَى مِن بَعْدِ مَا تَبَيَّنَ لَهُمْ أَنَّهُمْ أَصْحَابُ الْجَحِيمِ Nabiyga va mo‘minlarga mushriklar uchun, agar yaqin qarindoshlari bo‘lsa ham, ular olov sohiblari ekani ayon bo‘lganidan keyin mag‘firat so‘rashlari durust emasdir.(“Tafsiri Hilol” kitobidan). Vallohu a’lam!

26 May 2022, 14:30 | Savol-javoblar | 160 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar