Namozda uxlab qolish

Assalomu alaykum! Men bomdod bilan xufton namozlarini o‘qiyotgan vaqtimda ko‘zim yumilib mudrab ketayapman. Qancha harakat qilsam ham shu holatga tushayapman, kitoblar o‘qiyapman, maruzalar eshitayapman. Ammo shu holat davom etayapti. Nima qilsam bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu muammoning echimi – boshqalari kabi – ikki jihatdan iboratdir: Ilmiy jihat va amaliy jihat.
Ilmiy jihat: U ham ikki qismdir.
Birinchi qism: Musulmon kimsa Alloh ta’oloning nazdida bomdod namozining qadri qanchalar ulug‘ ekanligini bilishi kerak.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
“Kimki bomdod namozini jamoat bilan ado etsa, butun kecha namoz o‘qigan kimsa kabidir” (Imom Ahmad rivoyati).
“Munofiqga eng mashaqqatli bo‘lgan namoz: xufton va bomdod namozidir. Agar u ikkisida nimalar borligini bilganida edi, sudralib bo‘lsada kelgan bo‘lar edi” (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).
Ikkinchi qism: Musulmon kimsa bomdod namozini o‘z vaqtida ado qilmaslik naqadar og‘ir va xatarli ekanligini bilishi kerak.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan sahih hadisda, “biz xufton va bomdod namozida (jamoatda) ko‘rinmagan kimsa haqida yomon gumonda bo‘lar edik (ya’ni, uni munofiq deb yomon gumon qilar edik)” deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyati).
Yomon gumonda bo‘lishlik faqat shu ikki namozga kelmagan kimsa haqida edi. Chunki, bu ikki namozni muhofaza etishlik, kishining iymoni va sodiqligining o‘lchovidir. Bu o‘lchov yana uning ixlosini ham o‘lchaydi. Chunki, bu ikki namozdan boshqa namozlarda (peshin, asr, shomda) insonning zarur ishi borligi yoki uyg‘oqligi sababli biror muammo yo‘q edi.
Bomdod va xufton namozini muhofaza etish uchun hech kim kuch sarflamaydi, faqatgina qat’iyatli va sadoqatli bo‘lsa bo‘ldi. Bunga ham yaxshilik umid qilinadi.
Yana bomdod namozini o‘z vaqtida ado etmaslikning xatariga ishora qiluvchi hadisi shariflardan biri ushbu hadisdir. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kimki bomdod namozini ado etsa, u Alloh ta’oloning himoyasidadir. Alloh ta’olo himoyasi uchun sizdan biror narsa so‘ramaydi. Kimki Alloh ta’oloning himoyasidan chiqishni xohlasa, unga erishadi. So‘ngra Alloh ta’olo uni yuztuban jahannamga uloqtiradi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu borada amaliy bosqichlardan ham foydalanish lozim.
1. Erta uxlashlik. Sahih hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam xuftondan oldin uxlashlikni va xuftondan keyin gaplashib o‘tirishlikni yoqtirmas edilar deyilgan. Musulmon kimsaga xuftondan oldin uxlashi to‘g‘ri kelmaydi. Bu borada guvoh bo‘lingan narsa shuki, xufton namozidan oldin (xufton namozini o‘qimasdan) uxlaganlar, ko‘pincha butun kechalarini holdan toygan va g‘am-qayg‘uli holda hamda xasta kabi holda o‘tkazadilar.
2. Uxlashdan oldin tahoratli bo‘lish va zikrlarni o‘qishga harakat qilishlik. Chunki, bular bomdod namoziga turishga yordamchi bo‘ladi.
3. Bomdod namoziga turishga qat’iyatli bo‘lish va niyatida sodiq holda uxlashlik.
4. Uyg‘ongan zahoti Alloh ta’oloni zikr qilishlik. Ba’zi insonlar uyg‘onadilar, so‘ngra yana biroz uxlaydilar. Shu bilan batamom uxlab qoladilar. Ammo Alloh ta’oloni ilk turgandayoq zikr qilishga harakat qilsa, shaytonning unga bog‘lagan tugunlaridan birini echgan bo‘ladi. Bu uni turishga undaydi. Tahorat olganida maqsadiga etib, shaytondan uzoqlashgan bo‘ladi. Namoz o‘qiganda esa, shaytonni uyaltirgan va tarozusi og‘ir bosgan bo‘ladi. Shu tarzda o‘zini yaxshi his qilib, faol va g‘ayratli bo‘ladi.
5. Jiringlovchi asboblarni qo‘llashlik. Uyg‘otgich soatni munosib joyga qo‘yishlik. Ba’zi insonlar uni boshi tepasiga qo‘yadi, jiringlaganda uni tezda o‘chirib, yana uyquga ketadilar. Bunday odati bor kimsa, sezib uyg‘onishi uchun soatni biroz uzoqroq joyga qo‘ysin.
6. Uyqudan oldin ko‘p emaslik. Ko‘p eyishlik uyquning sabablaridan biridir. Ko‘p egan ko‘p charchaydi, ko‘p charchagan ko‘p uxlaydi. Bunday holatda ko‘p zarar etadi. Inson kechki taomiga engilroq narsa eyishga harakat qilishi kerak.
7. Uxlaganda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam uxlaganlari shaklda uxlashlik. Shundayki, o‘ng tarafga yonboshlab, o‘ng yonog‘ini o‘ng qo‘lining ichiga qo‘yib uxlashlik. Bunday uxlashlik bomdodga uyg‘onishlikni osonlashtiradi. Eng xayirli holat Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning holatlaridir. Bundan boshqa shakllarda uxlashlik, bomdodga turishlikni qiyinlashtiradi.
8. Eng so‘ngisi, Alloh ta’olo uchun ixlosli bo‘lishlik. Bu insonning bomdodga turishi uchun eng yaxshi sababdir. Bu butun sabab va vasilalardan eng avvalda keladi. Agar vijdonni uyg‘otgan va qalbni alangalatgan ixlos bo‘lsa, bu inshaa Alloh uning jamoat ila bomdod namoziga uyg‘onishi uchun kafildir. Hatto, bomdod namozidan bir qancha daqiqalar oldin uxlagan bo‘lsa ham. Vallohu a’lam!

8 May 2022, 12:30 | Savol-javoblar | 195 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar