Ayolning nafaqasi

Hurmatli shayx hazratlari!Hozirda er xotin o‘rtasidagi ko‘pgina muammolar,ajralishlarning sababi moliyaviy munosabatlardagi bilimsizlik oqibatida bulyapti desak adashmagan bulamiz.Ayollarning aksariyati erining berayotgan nafaqasiga qoniqmaymi yoki boshqa sabablarga ko‘ra har xil ishlar bilan shug‘ullanmoqda,o‘z navbatida ko‘plab er kishilar ham ayolining nafaqasi hususida ma‘lumotga ega emaslar.Iltimos hotinning erdagi moliyaviy xuquqlaridan hisoblanmish "nafaqa" haqida kengroq ma‘lumot bersangiz.Mahr haqida siz hazratning yordamingiz ila ko‘pgina ilmga ega bo‘ldik,alloh sizdan rozi bo‘lsin!Agar bu savolga javob berilgan bulsa iltomos linkini ko‘rsatib yuborsangiz!Olloh ishlaringizga xayru baraka bersin!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Xotinning nafaqasi erga vojibdir.Nikohdan so‘ng xotinning nafaqasi erga vojib bo‘ladi. «Nafaqa» so‘zi «yaxshilikka mablag‘ chiqarish» ma’nosini anglatadi. Shariatda esa, o‘z qaramog‘idagi shaxsni etarli kiyim, taom va maskan bilan ta’minlashdir. Nafaqaning erga vojib bo‘lishi Qur’on, sunnat, ijmo’ va aql ila sobit bo‘lgan.Qur’ondan dalillar:Alloh taolo «Taloq» surasida marhamat qiladi:«Rizqi keng kengligidan nafaqa qilsin. Kimning rizqi tor bo‘lsa, unga Alloh berganidan nafaqa qilsin. Alloh har bir nafsni O‘zi berganidan ortiqchaga taklif qilmas. Alloh qiyinchilikdan so‘ng tezda osonlikni berur», - (7-oyat).Alloh taolo «Baqara» surasida marhamat qiladi:«Ularni yaxshilab edirib, kiyintirish otaning zimmasidadir», - (233-oyat).Alloh taolo «Taloq» surasida marhamat qiladi:«U(ayol)larga imkoningiz boricha, o‘zingiz yashab turgan joydan joy bering», - (6-oyat).Sunnatda kelgan dalillar:Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashuv hajida dedilar:«Bas, ayollar haqida Allohdan qo‘rqinglar! Chunki, siz ularni Allohning omonati ila olgansizlar. Ularning farjlarini Allohning kalimasi ila halol qilib olgansizlar. Sizlar uchun ularning zimmasida siz yomon ko‘rgan biror kishiga to‘shaklaringizni bostirmaslik majburiyati bor. Agar o‘shani qilsalar, ularni achitmaydigan qilib uringlar. Ular uchun sizning zimmangizda ma’ruf yo‘l bilan rizqlari va kiyimlarining majburiyati bor».Muslim, Abu Dovud va Molik rivoyat qilishgan.Hakim ibn Muoviya Qushayriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Yo Rasululloh, bizning birimizda xotinining nima haqqi bor?» – dedim.«Qachon taomlansang, uni ham taomlantirasan. Qachon kiyim kiysang, uni ham kiyintirasan. Yuzga urmaysan, qattiq so‘kmaysan va uydan boshqa joyda hijron qilmaysan», – dedilar u zot».Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilishgan.Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:«Hind binti Utba:«Yo Rasululloh, Abu Sufyon o‘ta baxil odam, menga va bolamga kifoya qiladigan narsani bermaydi. Magar, unga bildirmay olsamgina bo‘lur», – dedi. «O‘zingga va bolangga etarlisini to‘g‘rilikcha ol», – dedilar u zot.Ikki Shayx rivoyat qilishgan.Barcha ulamolar ayollarning nafaqasi erlariga vojib bo‘lishiga ittifoq qilganlar.Ayol kishi erning xizmatlarini qilganidan keyin, uning izmida bo‘lgandan keyin, albatta uning nafaqasi erga vojib bo‘ladi.Nafaqa haqida quyidagi masalalarni bilib olish va ularga ixlos bilan amal qilish oila va uning a’zolari uchun o‘ta muhimdir:1. Nafaqaning miqdori ikkisining holiga qarab bo‘ladi. Ikkisi boy bo‘lsa, boyniki, kambag‘al bo‘lsa, kambag‘alniki bo‘ladi. Er boy, xotin kambag‘al yoki aksincha bo‘lsa, ikki holning o‘rtasida bo‘ladi. Agar xotin otasining uyida bo‘lsa ham yoki erning uyida bemor bo‘lsa ham.Har bir oila o‘zining iqtisodiy holidan kelib chiqib xotinning nafaqasini belgilashi kerak. Erlar mumsiklik qilmasliklari, xotinlar haddan tashqari talabni kuchaytirmasliklari lozim.Hozirgi kunimizda ba’zi holatlarda xotinlarga nafaqa masalasida zulm bo‘layotgani haqida shikoyatlar ko‘p. Erkaklarning ko‘plari ayollarining nafaqa bilan ta’minlash borasidagi burchlarini sharaf bilan ado etayotganlari quvonchli holat. Ammo ba’zilar xotinini nafaqa bilan ta’minlamagani ham etmagandek, boshqalarning xotini ishlab pul topayotibdi, sen ham meni boq, deb televizor ko‘rib yotishibdi. Bu chidab bo‘lmas holdir. Faqih ulamolardan naql qilingan “Agar xotin otasining uyida bo‘lsa ham yoki erning uyida bemor bo‘lsa ham”, degan jumla ham bugungi kunimizda alohida e’tiborga loyiq bo‘lib qoldi. Ko‘pchilik xonadonlarda kelin bemor bo‘lib qolsa, otasinikiga olib borib qo‘yishni farz yoki vojib deb anglayotganlar ham yo‘q emas. Ota-ona, qarindoshlar yoki tanish bilishlar xotini bemor bo‘lgan erkakka, ayolining bemor bo‘libdi, otasinikiga olib bor, deyishni o‘zlariga faxr deb bilishadi. Yana kelin tuzalgan kunining o‘zidayoq uni qaytarib olib kelishga amr qilishdan xijolat ham bo‘lishmaydi. Chunki, bu odatga aylanib qoldi.Aslida, bu o‘zini bilgan har shaxs uchun or-nomus bo‘lishi kerak. Kelin otasinikidan bemor bo‘lib qolsa ham, er uni o‘z uyiga keltirib davolashi lozim.Erga xotini uchun vojib nafaqalar besh qismdir:a). Taom.Bunga oziq-ovqat, ichimlik va ovqatga qo‘shib eyiladigan narsalar (sirka, yog‘ va shunga o‘xshash) hamda ovqat pishirish uchun ketadigan barcha narsalar kiradi. Taomning miqdori etarli bo‘lishi kerak, mazkur miqdor erning boy-kambag‘alligiga qarab belgilanadi.b). Kiyim.Etarli darajada, bir sidra kiyim-bosh doimo bo‘lishi kerak. Hanafiy va Shofe’iy mazhablarida «Har olti oyda bir sidra yangi kiyim olib beriladi», deyilgan.v). Maskan.Er o‘z xotinini maskan bilan ta’minlashi vojib. Maskan erning moliyaviy imkoniyati darajasida bo‘ladi. Shu bilan birga, maskan to‘liq jihozlangan bo‘lishi shart. Unda yashash uchun kerakli har bir narsa bo‘lishi lozim.g). Agar xotin xizmatkor ishlatib yuradigan toifadan bo‘lsa, xizmatkor solib berish ham uning nafaqasiga kiradi.d). Tozalik asbob-anjomlari va uyning kerakli matohlari.2. Agar er moli bo‘la turib nafaqa bermasa, qozi uni qamashga hukm chiqaradi. Xotin talab qilsa, boshqa mulklari sotilib, uning nafaqasi beriladi. Er noilojlikdan nafaqa bera olmasa qamalmaydi. 3. O‘zboshimchalik bilan uyidan chiqib ketgan, qarz uchun hibsga olingan, kasalligi tufayli kuyovning uyiga keltirilmagan, kuch ila zo‘rlangan va erisiz haj qilgan ayolga nafaqa yo‘q. Agar eri bilan haj qilsa, u safar va kiraning emas, hazar-safarsih turganning nafaqasiga haqli.4. Boy erga xotin uchun bir xodimning nafaqasi ham vojib bo‘ladi. Sahih qavlga binoan, kambag‘al erga bu narsa vojib bo‘lmaydi.5. Erning nafaqadan ojizligi uchun oralari ajratilmaydi. Ayolga erning hisobidan qarz olish amr qilinadi.Er nafaqa berishga ojiz bo‘lsa ham xotinidan ajratilmasligining hujjati quyidagicha.Alloh taolo «Baqara» surasida marhamat qiladi:«Agar nochor bo‘lsa, boyiguncha intizor qiling» (280-oyat).Demak, nochor odamni kutish kerak. Nochorligi uchun boshqa chora ko‘rish durust emas.Alloh taolo “Nur” surasida marhamat qiladi:«Va o‘zingizdan oilasizlarni va qul va cho‘rilaringizdan solihlarini nikohlab qo‘ying, agar faqiyr bo‘lsalar, Alloh o‘z fazlidan ularni boy qilur. Alloh qamrovi keng va o‘ta bilimdon zotdir» (32-oyat).Bu erda faqirlik nikohga to‘siq bo‘la olmasligi ta’kidlanmoqda.6. Kimga kambag‘alligiga qarab nafaqa yuklangan bo‘lsa-yu, keyin boyisa, agar xotin talab qilsa, boyligiga mos nafaqa ila to‘latiladi.Aksincha, boyligida nafaqa belgilansa-yu, keyin kambag‘al bo‘lib qolsa, kambag‘alligiga qarab nafaqa qisqartiriladi.7. O‘tgan muddatning nafaqasi soqit bo‘ladi.Ma’lum muddat er nafaqa bermay yurgan bo‘lsa, keyin uni to‘lashi lozim bo‘lmaydi.8. Illo, qozi tayinlagan yoki ikkovlari bir narsaga kelishgan bo‘lsalar, o‘tgan muddatnikini ham berish vojib bo‘ladi. Bunda ikkovlari ham tirik bo‘lishi shart. Agar biri vafot etgan yoki ayolni nafaqani olishidan avval taloq qilgan bo‘lsa, tayinlangan narsa soqit bo‘ladi. Faqatgina, ayol qozining amri ila qarz olgan bo‘lsa, soqit bo‘lmaydi.9. Muddatidan oldin berilgan nafaqani, ikkovlaridan biri muddatdan oldin vafot etsa, qaytarib olinmaydi.Misol uchun, bir kishi xotinining bir yillik nafaqasini oldindan berib qo‘ydi. Ammo bir yil o‘tmasdan ikkovlaridan biri vafot etdi. Shunda nafaqa qaytarib olinmaydi.10. Xotinning maskani ham erning ahlidan biror kishi bo‘lmagan uyda bo‘lishi sharti ila erga vojib bo‘ladi. Hattoki, erning boshqa xotinidan bo‘lgan bolasi ham bo‘lmasligi kerak. Illo, ayol rozi bo‘lsa, mayli.Agar er xotinni hech kim yo‘q uyga joylagan bo‘lsa-yu, xotin er urayotgani va ozor berayotgani haqida qoziga shikoyat qilsa va o‘zini solih qavmlar orasida joylashtirishda yordam so‘rasa, qozi xotinning gapi to‘g‘riligiga amin bo‘lsa, erni zajr qiladi va xotinga tajovuz qilishdan qaytaradi. Agar odamlar er xotinga ozor bermasligini aytsalar, tek qo‘yadi. Agar atrofda ishonchli kishilar bo‘lmasa yoki erga tarafdor bo‘lsalar, qozi erga xotinni solih qavmlar orasiga ko‘chirishga amr qiladi.11. Erning hovlisidagi alohida qulfi bor uy ayolga kifoya qiladi.Ya’ni, bir hovlida boshqa uylar va kishilar bo‘lsa ham alohida yashashga lozim qulayliklari bor uy bo‘lsa, etadi.12. Er xotinning oldiga uning ota-onasini va boshqa erdan bo‘lgan bolasini kiritmaslikka haqli.Chunki, uy uniki va unda o‘zi xohlaganicha tasarruf qilish haqqiga ega.13. Xotinga istagan paytda nazar solishlaridan va gapirishlaridan man’ qilishga haqqi yo‘q.Chunki, silai rahmni kesishga hech kimning haqqi yo‘q.14. «Er haftada bir marta ayolni ota-onasining oldiga chiqishidan va ularni ayolning oldiga kirishlaridan man’ qila olmaydi» degan gap bor. Ota-onadan boshqa mahramlar yiliga bir marta. Va shunisi to‘g‘ri. Mahramlar ziyoratiga oid gaplar ichida «Mazkur muddat bir oydan oshmasligi lozim» degan va «bir haftadan oshmasligi lozim» degan ulamolar ham bor.15. Foyibning xotinining, bolasining va ota-onasining nafaqasi uning molidan faqat ularning haqi bo‘lgan jinsdan tayin qilinadi.Foyib–yo‘qolib qolgan odam. Uning molidan faqat xotini, bolasi va ota-onasining nafaqasini qozi belgilab beradi. Boshqa qarindoshlarning nafaqasi soqit bo‘ladi. «Ularning haqi bo‘lgan jinsdan» degani «ularga zarur bo‘lgan narsalardan» deganidir. «Mana buni sotib ishlatarsizlar», deb boshqa narsalarni berib bo‘lmaydi.16. Bunda mol omonatga qo‘yilgan, muzorabada qatnashgan bo‘lmasligi yoki qarzga olgan kishining huzurida bo‘lishi va u ehtirof qilishi shart. Shuningdek, nikohning ehtirofi ham bo‘lishi yoki qozi bularni bilishi lozim.Ya’ni, qozi mol, nikoh va nasabni bilsa nafaqa haqidagi hukmni chiqaraveradi. Chunki, qozining bilimi ham hujjat hisoblanadi va o‘z erida u bilan hukm chiqarish haqqiga ega.17. Qozi ayolga er uning nafaqasini bermagani haqida qasam ichiradi va undan kafil oladi. Ayolning qasam ichishi er g‘oyib bo‘lishidan oldin unga nafaqasini bergan bo‘lishi va ayol qozini aldayotgan bo‘lishi ehtimoli borligi uchun bo‘ladi. Kafil esa mabodo er kelib, ayolga nafaqasini kerakligicha qoldirib ketganini isbot qilib qolsa, to‘lab berishi uchun talab qilinadi.18. Foyibga nafaqani yuklash uchun hujjat keltirishni talab qilmaydi va ayolga er nomidan qarz olishni amr qiladi. Nikoh haqida hukm chiqarmaydi. Zufar «Nafaqa haqida hukm chiqaradi, nikoh haqida chiqarmaydi», degan. Bugungi kunda qozilar hojat uchun shunga amal qiladilar.Chunki, bunda odamlarga engillik bor.19. Raj’iy va boin taloq qilingan, ozod bo‘lgandagi va balog‘atga etgandagi kabi ma’siyatsiz xiyor tufayli yoki kufuh bo‘lmagani uchun ajrashgan ayolga nafaqa va maskan beriladi.Bu hukmga quyidagi dalillar mavjud:Alloh taolo «Taloq» surasida marhamat qiladi: «U(ayol)larga imkoningiz boricha o‘zingiz yashab turgan joydan joy bering» (6-oyat).Quyidagi hadisda ham shu ma’noda:Abu Ishoqdan rivoyat qilinadi:«Asvad ibn Yaziyd bilan katta masjidda o‘tirgan edim. Biz bilan Shahbiy ham birga edi. Shahbiy Fotima binti Qaysning hadisini aytib: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga maskan ham, nafaqa ham ham buyurmaganlar», – dedi. Shunda Asvad bir kaft mayda toshni olib unga otdi-da: «Sho‘ring qursin! Shunga o‘xshash gapni aytasanmi?! Umar: «Yod olgani yoki unutganini bilmaganimiz bir ayolning gapi deb Allohning kitobini va Nabiyimiz sollallohualayhi vasallamning sunnatini tark qilmaymiz. Undoq ayolga maskan ham, nafaqa ham beriladi. Alloh azza va jalla: «Ularni uylaridan chiqarmang va o‘zlari ham chiqmasinlar. Magar, ochiq-oydin fohisha ish keltirsalar», degan», – dedi».Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.20. Vafotdan va ridda hamda erning o‘g‘lini o‘pish kabi ma’siyat tufayli ajrashdan keyin idda saqlovchiga nafaqa berilmaydi. Chunki, vafotdan keyingi idda erning haqqi uchun emas, balki shariatning haqqi uchundir. Ma’siyat qilganda esa, ayb xotinda bo‘lgani uchundir. Aybdorga yaxshilik qilinmaydi.21. Uch taloq qilinganning murtad bo‘lishi nafaqani soqit qiladi, erning o‘g‘liga imkon berishi emas.Chunki, murtad bo‘lgan ayol tavba qilishi uchun qamaladi. Qamalgan ayolga nafaqa berilmaydi. Erining o‘g‘liga o‘ziga yaqinlashishga imkon berishda esa, bu holat yo‘q.

28 Aprel 2022, 15:32 | Savol-javoblar | 204 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar