Maksimal chora qanday?

Assalamu alaykum! Sir emaski oilada xotin yoki erning ibodatda sustkashligi haqida ko‘p eshitganmiz. Ayrim ayollar nazariy jihatdan toat-ibodatlarning mazmun-mohiyatini, bajarsa qanday ajr va savob, samara, hatto fazilati borligini, bajarmasa gunohi qanday ekani-yu, kasofati haqida etarlichi ma’lumoti bo‘lsada ibodatlarni bajarmayotgani haqida eshitib qolamiz. Bu masalada insonni junbushga keltiradigan Qur’on oyatlari ma’nolar tarjimasini ham bilishlari e’tiborli. Yuqoridagi ta’riflar ayrim erkaklarga ham so‘zsiz taalluqli. Savolim shunday: Er kishi barcha nazariyani yaxshi bilgan o‘z ayoli ibodat qilmayotganiga nisbatan qanday maksimal chora ko‘rishi mumkin? Ayollar erlariga nisbatanchi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ulamolarimiz : “Inson har bir ishni qilishdan avval niyatini chiroyli qilishi, olayotgan ilmini ibodat deb bilishi, olgan har bir ilmiga amal qilishni zarur deb bilib, amalsiz ilm befoyda ekanini his qilishi kerak” deganlar. Ilmni faqat ma’lumot yoki boshqalarning oldida uyalib qolmaslik yoki o‘zini ilmli ko‘rsatish uchun talab qilsa, xuddi quyidagi oyatda kelgan toifalarga o‘xshab qoladi. Alloh taolo “Jumu’a” surasi 5-oyatida marhamat qiladi :
5. Ustilariga Tavrot yuklatilgan, so‘ngra uni ko‘tarmaganlar ustiga kitob yuklangan eshakka o‘xsharlar. Allohning oyatlarini yolg‘onga chiqargan qavmning misoli qanday ham yomon! Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas.
Bu oyati karimadagi «Ustilariga Tavrot yuklatilgan»lar – yahudiylar. Alloh taolo ularga Muso alayhissalomni payg‘ambar qilib yuborib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun Tavrotni nozil qilgan edi. Lekin ular bu ilohiy kitobga amal qilmadilar. Undagi ilohiy ko‘rsatmalardan foydalanmadilar. Bu katta badbaxtlikdir. Shuning uchun ham Alloh taolo ularni ustiga kitob ortilgan eshakka o‘xshatmoqda.
«Ustilariga Tavrot yuklatilgan, so‘ngra uni ko‘tarmaganlar ustiga kitob yuklangan eshakka o‘xsharlar».
Eshak ustidagi kitobni ko‘tarib, charchasa charchaydi, ammo aslo bu kitobdagi ilm va ta’limotlardan foydalanmaydi. Bu oyat garchi yahudiylar haqida aytilgan bo‘lsa-da, u musulmonlarga ham tegishlidir. Ya’ni Alloh taolo musulmonlarga: «Sizlar ham yahudiylarga o‘xshab, Allohning Kitobiga amal qilmasangizlar, xuddi ularga o‘xshagan bo‘lasizlar», – demoqda.
Demak, Qur’onga amal qilinmasa, undagi ilohiy ta’limotlardan foydalanilmasa, musulmonlar ham ustiga kitob ortilgan eshakka o‘xshagan bo‘ladilar.
«Allohning oyatlarini yolg‘onga chiqargan qavmning misoli qanday ham yomon!»
Allohning oyatlarini yolg‘onga chiqarganlarni har qanday yomon narsaga o‘xshatsa ham bo‘laveradi.
«Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas».
Albatta, Alloh taolo zolim qavmlarni hidoyat qilmaydi. Chunki ular Alloh taoloning yo‘lidan yurmay, o‘zlariga o‘zlari zulm qildilar.("Tafsiri Hilol" kitobidan).
Shuning uchun har bir bilgan narsasiga qo‘ldan kelganicha amal qilishga o‘tish kerak. Shunda “Kim ilmiga amal qilsa, Alloh taolo unga bilmagan narsalarini ham bildiradi” degan gapga muvofiq bo‘ladi. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:10 | Savol-javoblar | 132 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar