Pichoq

Assalamu alaykum! Hurmatli ustozlar, ushbu savolni Chorsu bozorida pichoq sotadigan tanishim nomidan berayapman. Mol-qo‘y so‘yiladigan pichoq so‘rab kelgan bir haridor “pichoq ust qismida o‘yilgan chiziq ya’ni komasi bo‘lmasa, sopida gulband bo‘lmasa, so‘yilgan jonliq halol bo‘lmaydi. Jonliq so‘yishda magazinni pichog‘ini ishlatib bo‘lmaydi” dedi. Shu to‘g‘rimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! “Pichoq ust qismida o‘yilgan chiziq ya’ni komasi bo‘lmasa, sopida gulband bo‘lmasa, so‘yilgan jonliq halol bo‘lmaydi. Jonliq so‘yishda magazinni pichog‘ini ishlatib bo‘lmaydi” degan gap mutlaqo shariatimizda yo‘q. Bunday gaplarni aytuvchilar dinga qo‘shimcha kiritishdan ehtiyot bo‘lsinlar. SO‘YISh ASBOBIGA TEGIShLAR ShARTLAR Bular ikkitadir.
Kesuvchi yoki xoriqa  narsa bo‘lishi. Xoh u temir kabi metal bo‘lsin yoki asoning parchasi yoki oynaning bo‘lagi yoki qirrali tosh bo‘lsin farqi yo‘q. Shuningdek o‘tkir va o‘tmasligining ham farqi yo‘q. Kessa bo‘ldi. Rasululloh solallohu alayhi vasallam   عَنْ رَافِعِ بْنِ خَدِيجٍ، قُلْتُ: يَا رَسُولَ اللَّهِ، إِنَّا لاَقُو الْعَدُوِّ غَدًا، وَلَيْسَتْ مَعَنَا مُدًى، قَالَ : «أَعْجِلْ -أَوْ أَرْنِى- مَا أَنْهَرَ الدَّمَ، وَذُكِرَ اسْمُ اللَّهِ، فَكُلْ، لَيْسَ السِّنَّ وَالظُّفُرَ...». Rofe’ ibn Xodiyj roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Ey Allohning Rasuli, ertaga dushmanga duch kelurmiz va biz ila pichoq bo‘lmas?» dedim. U zot:
«Qon oqizgan va Allohning ismi zikr qilingan har bir narsani zudlik ila eyaver, faqat, tish va tirnoq bilan(so‘yilgan)ni emas...», dedilar ».
Xoriqa deb yoruvchi yoki yirtuvchi narsaga aytiladi. Xoriqa tig‘i bilan yorgan yoki yirtgan bo‘lishi shart. Agar qattiq zarb tufayli yorgan bo‘lsa, halol bo‘lmaydi.
Kesuvchi asbob so‘yuvchining og‘zidagi tishi yoki barmoqlardagi tirnog‘i bo‘lmasligi. Chunki hadisda man qilingan tirnoq va tishdan murod so‘yuvchining og‘zidagi tishi hamda barmoqlaridagi tirnog‘idir.   Shuniing uchun so‘yuvchidan boshqaning barmog‘ini ushlab tirnog‘i bilan so‘ysa yoki sug‘urib olingan tirnoq, tish bilan bilan so‘ysa, hayvon halol bo‘ladi. عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ، قَالَ: «كُلْ، مَا أَفْرَى الأَوْدَاجَ إِلاَّ سِنٌّ، أَوْ ظُفُرٌ». Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh solallohu alayhi vasallam: «Tomirni kesadigan narsa (ila so‘yilgan narsadan) egin. Faqat tish va tirnoq bundan mustasno», dedilar ».
Bu gaplar behuda gaplar bo‘lib, muhimi shariatimizda jonliq so‘yadigan pichoqning o‘tkir bo‘lishi, pichoqni hayvonga ko‘rsatib charxlamasligi, so‘yayotganda uni qiynamasligi shart qilingan. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:10 | Savol-javoblar | 166 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar