Bu qanday hukm?

Assalomu alaykum hurmatli Ustozlar. Sizlarning «Xotirani qanday mustahkamlash mumkin?» deb so‘ralgan savolga (11. 12. 2015 yil) «Nomahram ayollarga qancha kam qaralsa, shuncha xotira mustahkam bo‘ladi» degan javobingiz o‘qidim. To‘g‘risi o‘zim ham shundan doimo aziyat chekaman, xotiram unchalik yaxshi emas. Sizning ilmingiz yoki fatvoyingizga zarracha shubha qilmagan holda bir savol bermoqchi edim. Ushbu bergan tavsiyangiz diniy ko‘rsatmami, ya’ni biror hujjat asosida berilmoqdami yoki aziz Ustozlarimizning tajribalari o‘laroq odob yuzasidan berilmoqdami? Chunki men yashaydigan va faoliyat yuritadigan sohada istaymanmi yoki yo‘qmi nomahram ayollar ko‘p va men ular bilan doimiy muloqot qilishga majburman.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! “Addaau vaddavaa’” nomli kitobda : “Ko‘zni nomahram ayollardan tiyish kishiga haq bilan botilni ajratib oladigan farosatni hosil qiladi. Alloh taolo banda qanday amal qilsa, o‘sha amalning jinsidan bo‘lgan mukofotni beradi. Ko‘zini haromdan tiygan kishilarning qalbiga nur bag‘ishlaydi va unga ilm, iymon, ma’rifat va farosat eshigini ochadi. Yana ko‘z bilan qalbning o‘rtasida bog‘liqlik bor. Biri kesilgan narsadan boshqasi ham kesiladi. Ikkisi ham salomat yoki fasod bo‘lsa, boshqasi ham salomat yoki fasod bo‘ladi. Kishining qarashi fasodga uchrasa, qalbi ham fasodga uchraydi. Salomat qolishda ham shunday” deyilgan. عن حذيفة ، رضي الله عنه قال : قال رسول الله صلى الله عليه وآله وسلم : " النظرة سهم من سهام إبليس مسمومة فمن تركها من خوف الله أثابه جل وعز إيمانا يجد حلاوته في قلبه " . " هذا حديث صحيح الإسناد ولم يخرجاه . Xuzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi : "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : Nazar shaytonning zaharlangan o‘qlaridan bir o‘qdir. Kim Allohdan qo‘rqib uni tark etsa, Alloh taolo uning mukofotiga qalbida halovatini topadigan iymonni ato qiladi". Hokim rivoyati. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:21 | Savol-javoblar | 124 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar