Qarzdor insonning ehsoni

Assalomu alaykum! Bir inson to‘y qilib, el-yurtga osh berayapti, ammo katta qarzlari bor. Qarzini qaytarishni o‘rniga bor pulini shunday marosimlarga sarflab yuborayapti. Shu holda bunday oshlarga bizni taklif qilishgan bo‘lishsa, nima qilish kerak? Bormaslik kerakmi? 
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ustozimiz bir bo‘lgan voqeani hikoya qilib bergan edilar.
U kishining shogirdalaridan biri kelib, “Ustoz men uylanmoqchiman va to‘yimga ahli ilmlar va ko‘p ulamolarni taklif qilmoqchi edim” dedi. Shunda ustoz ma’qullab, ba’zi bir maslahatlarni berdilar. U maslahatga ko‘ra ancha harajat bo‘ladigan bo‘ldi. Shunda kelgan talabaning yonidagi sherigiga : “Siz bunga nima deysiz” dedilar. Shunda sherigi : “Men bu to‘yga qatnasha olmayman” dedi. Ustoz ranjigandek bo‘lib, “Shuncha kishi vaqt topib tashrif buyursayu, siz nega kelmaysiz” dedilar. Do‘sti aytdiki : “Bu kishining bir muncha qarzi bor, hozirgi maslahatga ko‘ra u qarzlar yanada ko‘payadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : «Boyning (zimmasidagi haqni) bermay yurishi zulmdir», deganlar. Qolaversa, gunohga rozi bo‘lish, gunohdir. Bu kishining zulmlariga rozi ham, sherik ham bo‘la olmayman” dedi. Ustoz uzoq o‘ylanib, avvalo qarzni to‘lashga so‘ng  to‘yni ixchamroq qilishga buyurdilar.
قاعدة: الرضا بالكفر كفر ,الرضا بالمعصية معصية
 والمعنى أن من أقر الكافر على كفره وصحح ما هو عليه من الكفر أو زعم بأن جميع الناس من يهود أو نصارى أو غيرهم من ملل الكفر سيدخلون الجنة كأهل التوحيد والإسلام؛ أو أحب الكافر لكفره فهو كافر قولًا واحدًا؛ والدليل على هذه القاعدة قوله تعالى:{ وَقَدْ نَزَّلَ عَلَيْكُمْ فِي الْكِتَابِ أَنْ إِذَا سَمِعْتُمْ آيَاتِ اللَّهِ يُكْفَرُ بِهَا وَيُسْتَهْزَأُ بِهَا فَلا تَقْعُدُوا مَعَهُمْ حَتَّى يَخُوضُوا فِي حَدِيثٍ غَيْرِهِ إِنَّكُمْ إِذاً مِثْلُهُمْ إِنَّ اللَّهَ جَامِعُ الْمُنَافِقِينَ وَالْكَافِرِينَ فِي جَهَنَّمَ جَمِيعاً }(النساء: 140).
وقال القرطبي في تفسيره "الجامع":{إنكم إذاً مثلهم}، من لم يجتنبهم فقد رضي فعلهم، والرضى بالكفر كفر، فكل من جلس في مجلس معصية ولم ينكر عليهم يكون معهم في الوزر سواء، فإن لم يقدر على النكير عليهم فينبغي أن يقوم عنهم حتى لا يكون من أهل هذه الآية ا- هـ.
Shariatimizda qoida bor : Kufrga rozi bo‘lish kufr, gunohga rozi bo‘lish gunoh. Buning ma’nosi : Kim kofirning kufriga rozi bo‘lsa va uning ishini to‘g‘ri deb bilsa, ular ham islom ahli kabi jannatga kiradi deb da’vo qilsa yoki kufrini yaxshi ko‘rsa, ulamolarning yakdil fikriga binoan kofir bo‘ladi. Bunga dalil Alloh taoloning “Niso” surasining 140-oyati.

Batahqiq, sizlarga Kitobda: «Allohning oyatlarini ularga kufr keltirilgan va ularni istehzo qilingan holda eshitganingizda, boshqa gapga o‘tmagunlaricha, ular bilan o‘tirmanglar», – deb nozil qildi. Albatta, u holda (agar o‘tirsangiz,) siz ham ular kabisiz. Albatta, Alloh munofiq va kofirlarning hammasini jahannamda jamlovchidir.(“Tafsiri Hilol” kitobidan).

Imom Qurtubiy “Al-Jomi’” tafsirlarida “siz ham ular kabisiz” oyatini tafsir qilib, : “Kim ulardan saqlanmasa, ularning ishiga rozi bo‘lgan bo‘ladi. Kufrga rozi bo‘lish kufrdir. Gunoh majlisida o‘tirgan kishi ularni gunohdan qaytarmas ekan, gunohda ular bilan barobardir. Kim qaytarishga qodir bo‘lmasa, bu oyat ahlidan bo‘lib qolmasligi uchun u erdan turib ketishi lozim bo‘ladi” deganlar.
Shayx Hazratlari “Qarz” kitobida quyidagilarni keltirganlar :
5. Qarzdor imkon bo‘lishi bilan qarzni uzishga o‘tishi zarur, aks holda zulm qilgan bo‘ladi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه، عَنِ النَّبِيِّ صلي الله عليه وسلم قَالَ: «مَطْلُ الْغَنِيِّ ظُلْمٌ». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Boyning (zimmasidagi haqni) bermay yurishi zulmdir», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Moddiy imkoni bor odam o‘z zimmasidagi moliyaviy burchni ado etmay yurishi zolimlikdir. U bu bilan haqdorlarga ham, o‘ziga ham zulm qiladi. Haqdorlar undan o‘z vaqtida haqlarini ololmay, zulmga uchraydilar. O‘zi esa bu ishi bilan gunohga botib, o‘ziga zulm qilgan bo‘ladi.
Imom Shofe’iyning hukmlari bo‘yicha, agar boy kishidan mazkur ish ikkinchi marta takror bo‘lsa, uning guvohligi qabul qilinmaydi. Ya’ni jamiyatdagi ishonchsiz kishilar qatoriga qo‘shilib qoladi.
Ushbu tushuncha unutilgani sababli jamiyatlarimizda boylar, imkoni bor odamlar birovning haqini bermay yurishi keng tarqalgan. Agar biror marta «Falonchi o‘z zimmasidagi haqni vaqtida ado etmagani uchun uni ishonchsiz kishi deb e’lon qilinsin», degan hukm chiqqanida edi, darhol hamma o‘zini o‘nglab olgan bo‘lar edi. Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirda ushbu shar’iy hukmga amal qilish ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilgan. Qarzini uzish imkoni bo‘la turib, topgan pulini turli hoyi-havaslarga ishlatib yurganlar oz emas.
وَلِلْبُخَارِيِّ وَأَحْمَدَ وَالنَّسَائِيِّ: «لَيُّ الْوَاجِدِ يُحِلُّ وَعِرْضَهُ وَعُقُوبَتَهُ».
Buxoriy, Ahmad va Nasoiy qilgan rivoyatda:
«Topganning bo‘yin tovlashi uning obro‘sini (to‘kishni) va uqubatini halol qiladi», deyilgan.
Aslida shariat bo‘yicha birovning obro‘sini to‘kish, azoblash harom. Ammo birovdan olgan qarzini imkoni bo‘laturib, bermay yurgan odamning obro‘sini to‘kish ham, azoblash ham halol bo‘lib qolar ekan.
Shuning uchun hukumat uning guvohligini qabul qilmaslik haqida qaror chiqaradi. Musulmonchilikda bu ish eng katta obro‘sizlik bo‘lib, unday odamni qamashga ham buyuriladi. Bu hol o‘zi uchun ham, boshqalar uchun ham eslatma, tanbeh bo‘ladi.(“Qarz” kitobidan). Vallohu a’lam.

26 May 2022, 15:38 | Savol-javoblar | 158 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar