Otam hijobga qarshi

Assalomu alaykum! 1). Hijobga kirmoqchi ekanligimni otamga aytganimda, otam: "hijobga kirsang, darvozani tashqaridan yopib, ket uydan, turmushga chiqganingda taqasan hijobingni, lekin hijobga kirsang meni uyimga kelma"- deydila, meni esa boshqa boradigan joyim yo‘q, hijobga kirmoqchiman, avratimni ko‘rsatib yurish noqulay menga, o‘zimniyam o‘zganiyam gunohga botirishni hoxlamiman. 2). Namozimga ham qarshilar hatto, hammasini tunda qazo qilib o‘qiysan deydila, ammo men yashirib o‘qiyman namozlarimni.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh otangizni hidoyat qilsin! Otangizni bunday deyishga haqqi yo‘q. Juda katta gunoh qilyapti. Siz hijob deb maxsus kiyim kiyishingiz shart emas. Avratlaringizni yopib yursangiz kifoya.  Namozni ham kanda qilmay o‘qing. Allohdan qo‘rqib O‘ziga taqvo qilsangiz, sizga O‘zi yo‘l ochib qo‘yadi. “Taloq” surasining 2-3 oyatlarida shunday deyilgan:«Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo‘lini ochib qo‘yadir. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur. Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U Zotning O‘zi kifoyadir. Albatta, Alloh O‘z ishini etkazuvchidir. Haqiqatan, Alloh har bir narsaga o‘lchov qilib qo‘ygandir.
Ya’ni kim Alloh taoloning buyurganini qilib, qaytarganidan qaytsa, bu dunyo va u dunyoning qiyinchiliklaridan chiqadigan yo‘lni Alloh taoloning O‘zi ko‘rsatib qo‘yadi. Taqvodor shaxsning mushkulini doimo Alloh taoloning O‘zi engil qilib turadi. Shu bilan birga, unga o‘zi o‘ylab xayoliga ham kelmagan tomondan rizqi ro‘z etkazib beradi. Odatda kishilar rizqi ro‘zim serob bo‘lsin, degan maqsadda taqvodan voz kechishadi. Bu esa aksincha natijaga olib keladi. Ushbu oyati karimaning ma’nosidan kelib chiqadigan qoidaga binoan, taqvodorlik qiyinchiliklarning osonlashishi va rizqning o‘ylamagan tarafdan kelishiga sabab bo‘ladi.
Yuqorida zikr etilgan ishlarda hiyla-nayrang ko‘p ishlatiladi. Hiyladan qo‘rqishning o‘zi yangi hiylaga olib boradi. Shuning uchun Qur’oni Karim musulmonlarni Allohga tavakkul qilishga undab, «Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, unga U Zotning O‘zi kifoya­dir. Albatta, Alloh O‘z ishini etkazuvchidir. Haqiqatan, Alloh har bir narsaga o‘lchov qilib qo‘ygandir», deydi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu «Qur’ondagi eng katta umidbaxsh oyat, ushbu «va man yattaqillaha yaj’al lahu maxrajan va yarzuqhu min haysu laa yahtasib» degan ekanlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisi sharifda Pay­g‘ambar alayhissalom: «Albatta, banda qilgan gunohi tufayli rizqdan mahrum bo‘ladi. Qadarni duodan o‘zga hech narsa rad qila olmaydi, umrni yaxshilikdan o‘zga hech narsa ziyod qila olmaydi», deganlar.
 «Kim Allohga tavakkul qilsa, unga U Zotning O‘zi kifoyadir», jumlasi tafsiriga ulamolarimiz quyidagi hadisni keltiradilar. Payg‘ambar alayhissalom Abdulloh ibn Mas’udga qilgan nasihatlarida, jumladan: «...Va bilki, agar ummatning barchasi yig‘ilib senga manfaat etkazmoqchi bo‘lsalar ham, Alloh sen uchun taqdir qilib qo‘ygan narsadan o‘zga hech bir narsa qila olmaydilar. Agar senga zarar etkazish uchun to‘plansalar ham, Alloh sen uchun taqdir qilib qo‘ygan narsadan o‘zga hech bir narsa qila olmaydilar», deganlar. («Tafsiri Hilol» kitobi). Vallohu a’lam!

10 May 2022, 12:29 | Savol-javoblar | 166 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar