Qiyomatga ishonmaydigan odam

Assalamu alaykum! Hurmatli ustozlar. Savollarimni javobsiz koldirmayotganlaringiz uchun sizlardan juda minnatdorman. Meni geografiya o‘qituvchim 45 yoshlardagi o‘zbek, erkak kishi. Men u bilan juda yaqinman. Lekin bilsam u qiyomatga ishonmas ekan. Ya’ni er 7 miliard yildan beri turibdi, bundan keyin ham turadi deydi. Allohning bor yoki yo‘qligini ham bilmas ekan. Bu kofirlikning alomati emasmi? Agar shunday bo‘lsa kofirlar bilan aloqa qilsa bo‘ladimi? Lekin inson sifatida u dunyoviy bilimi kuchli, yaxshi odam. Javobingiz uchun oldindan rahmat. Alloh sizlardan rozi bo‘lsin.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Iymon Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, Nabiylariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshi-yomoni, shirin-achchig‘i Alloh taolodan ekanligiga bo‘ladi.
Sharh: Bu erda nimalarga iymon keltirganda mo‘in bo‘lish mumkinligi bayon qilinmoqda. Ushbu narsalar dinning zaruratlari va asllaridir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga Jibroil alayhissalom a’robiy odam ko‘rinishida kelib, Islom, Iymon va Ehson, qiyomat kuni va uning alomatlari haqida savol berganida, u zot Iymon haqidagi savolga:
«Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, Rasullariga, oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing», deb javob berganlar.
Yuqorida zikr qilingan iymon keltirish kerak bo‘lgan narsalardan birortasi topilmasa, unday kishi mo‘min hisoblanmaydi. Kofirlar bilan muomala qilishga keladigan bo‘lsak, shariatimizda inson kim bo‘lishidan qathiy nazar uning zotidan nafratlanishga hech kimning haqqi yo‘q. Hattoki kofirning zotiga nisbatan yuzni burishtirib qarash ham shariatimizda harom qilingan. Mo‘min bo‘lmagan kishilarning sifatlariga masalan kofirning kufr sifatiga, fosiq-fojirning fisqi-fujur sifatiga norozilik bildiriladi. Lekin norozilik bildirish ham shariat ruxsat berganchalik chegarada bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda ularga qanday munosabatda bo‘lishni bayon qilib :
Robbingning yo‘liga hikmat va yaxshi mav’iza ila da’vat qil. Va ular ila go‘zal uslubda mujodala et. Albatta, Robbing O‘z yo‘lidan adashganlarni o‘ta biluvchi va hidoyat topuvchilarni ham o‘ta biluvchidir. deb marhamat qilgan. (Nahl 125. “Tafsiri Hilol”)
Ushbu oyatda Alloh taolo Islom da’vati, asoslari va uslublarini Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga va u kishi orqali yaxshilikka chorlovchi ummatlariga bayon qilib bermoqda.
Avvalo,
«Robbingning yo‘liga...»
Ya’ni da’vat Allohning yo‘liga bo‘lmog‘i kerak ekan. Ba’zi shaxslarga, guruhlarga, toifalarga emas, faqat xolis Allohning yo‘liga bo‘lishi kerak.
Ikkinchidan:
«...hikmat...»
Demak, da’vat hikmat bilan amalga oshirilishi kerak. Bunda da’vat qilinayotganlarning ijtimoiy, madaniy saviyasi va boshqa omillarni e’tiborga olib, og‘ir kelmaydigan yo‘sinda da’vat qilish lozim.
Uchinchidan:
«...va yaxshi mav’iza ila da’vat qil».
Shuningdek, da’vat yaxshi mav’iza orqali yo‘lga qo‘yilmog‘i kerak. Kishilarni qiziqtirish, rag‘batlantirish uchun chiroyli so‘z va gaplarni topib gapirish zarur bo‘ladi. Ularni nafratlantirmaslik lozim.
To‘rtinchidan:
«Va ular ila go‘zal uslubda mujodala et».
Har bir da’vatchi kishilar bilan go‘zal uslubda munozara qilishi kerak. Allohning yo‘liga da’vat, avvalo, fikriy harakatdir. Fikriy harakat bor joyda munozara bo‘lishi turgan gap. Islom da’vatchisi munozarani g‘oyatda go‘zal uslubda olib borishga tayyor bo‘lishi kerak. U raqibi bilan talashib, tortishib, baqir-chaqir, urush-janjal qilmasdan, raqibining ko‘ngliga yo‘l topib, unga qanoat hosil qildirib, o‘zi sezmagan holda Islomga moyil bo‘lib qoladigan darajada ustalik bilan munozara olib borishi lozim.
Beshinchidan:
«Albatta, Robbing O‘z yo‘lidan adashganlarni o‘ta biluvchi va hidoyat topuvchilarni ham o‘ta biluvchidir».
Ya’ni yaxshilikka chorlovchi o‘z vazifasi da’vat qilish ekanini, hidoyat va zalolat Allohga bog‘liqligini hech qachon unutmasligi kerak.
Islomga da’vatning asosiy qoidalari shulardan iborat. Gohida hikmat va yaxshi mav’iza ila Allohning yo‘liga chaqirayotgan yaxshilikka chorlovchilarga qarshi dushmanlik, tajovuzkorlik sodir bo‘lishi ham mumkin. Ulamolarimiz bunga misol qilib, agar bir yaqin do‘stingizni farzandlari boshqa din vakili bo‘lsa yoki fisqi-fujurga berilgan bo‘lsa, do‘stingiz xuzurida sizni ko‘rib va eshitib turgan holatida uning farzandlariga qanday munosabatda bo‘lasiz? Albatta ularni haqoratlamaysiz, imkon qadar do‘stingiz ko‘ngli og‘rimaydigan so‘zlarni topib ularga pand-nasihat qilishga harakat qilasiz. Do‘stingiz farzandlarini do‘stingizga bo‘lgan aloqadorligi Allohning bandalarini Allohga bo‘lgan aloqadorligichali bo‘lmaydi. Chunki ota farzandni dunyoga kelishiga sababchi bo‘lsa, Alloh bandalarni Yaratuvchisi hisoblanadi. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:11 | Savol-javoblar | 145 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar