Ayollar nayini bog‘latish

Assalomu alaykum! Ayollarga oxirgi farzandini tuqqandan so‘ng nayini bog‘latib tashlash gunohmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Vaalaykum assalom! Yana qayta tug‘olmaydigan darajada qilish shar’an joiz emas. Chunki bu Alloh bergan hilqatni o‘zgartirishga kiradi. Xilqatni o‘zgartirish gunohi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَعَنَ اللهُ الْوَاصِلَةَ وَالْمُسْتَوْصِلَةَ وَالْوَاشِمَةَ وَالْمُسْتَوْشِمَةَ  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh ulama qiluvchi ayolni ham, ulama qildiruvchi ayolni ham, vashm qiluvchi ayolni ham, vashm qildiruvchi ayolni ham la’natlasin», dedilar».
Sharh: 
«Ulama qiluvchi ayol» – ayollarga ulama soch yasab, ulab qo‘yadigan ayol.
«Ulama qildiruvchi ayol» – o‘zidagi bor tabiiy sochga qanoat qilmay, yasama soch ulatib olishga intilgan ayol.
Ushbu hadisi sharifning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan aytilishiga o‘sha paytda bo‘lib o‘tgan bir hodisa sabab bo‘lgan ekan. Bir ayol Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey Allohning Rasuli! Mening kelin bo‘layotgan qizim bor. Sochi qizamiqdan so‘ng aynib, titilib ketgan, ulama qilsam bo‘ladimi?» deb so‘ragan. Ana o‘shanda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisi sharifni aytganlar.
O‘sha paytda johiliyat ayollari har qachongidek o‘zlariga soxta jamol orttirish uchun turli hiyla-nayranglarni ishlatar edilar. Sochlarini o‘ta chiroyli qilib ko‘rsatib, ko‘pchilikning e’tiborini tortish uchun ulama sochlar qilishar edi. Ba’zi ayollar bu ishni o‘zlariga kasb qilib olgan edilar. Ba’zilari ayollarning sochlariga ulama qilib, daromad topar edilar. Sochiga ulama qildirmoqchi bo‘lgan ayollar ularning oldiga kelib, maqsadlarini aytsalar, soch ulab qo‘yar edilar. Shunday qilib, soxta go‘zallikka erishilar edi. Bu ishni qilgan ayol o‘zini ham, o‘zgani ham aldar edi.
Ayniqsa, ushbu hadisi sharifning aytilishiga sabab bo‘lgan hodisadagiga o‘xshab, kelin taraf kuyov tarafni aldashi ko‘proq bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.
Shuningdek, «vashm» – yasama xol ko‘yish ham avj olgan edi. Ayollar soxta chiroy ishtiyoqida o‘zlarining sog‘ badanlarini igna bilan teshtirib, qon chiqarib, jarohat o‘rniga surma yoki shunga o‘xshash biror modda sepib, yasama xol yoki turli belgilar qilar edilar. Avvalgi ishdagidek buni ham amalga oshiradigan usta ayollar bor edi. Kim soxta xol qo‘ydirmoqchi bo‘lsa, o‘shalarga murojaat qilardi.
Islom ushbu hadisi sharif ila bunday noma’qul ishlarni harom qildi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 17:21 | Savol-javoblar | 161 | Ayollarga oid masalalar
|
Boshqa savol-javoblar