Shu holatda qayta nikoh o‘qiladimi?

Assalomu alaykum! Avvalam bor judaham qattiq uzr surayman. Chunki qayta va qayta nikoh haqida savol yullamoqdaman. Izlash xizmatida judaham ko‘p holatni ko‘rdim va xulosa qildim lekin aynan shu xolatni uchratmadim uzr. Savol bir nikoh shunday bo‘lgan: bir oddiy nomozhon musulmon balog‘atga yetgan yigit yetarlicha guvohlar huzurida ikki yoshni nikohini o‘qigan. Nikoh jarayonida birinchi bo‘lib qizdan palonchi qizi palonchi palonchi ug‘li palonchiga xotinlikga rozimisiz deyilgan qiz rozi bo‘lgach yigitni ham tuliq ismini aytib qabul qilasizmi deyilgan yigit qabul qildim degan. Va shu bilan tugagan. Shu jarayon botil nikoh bo‘lmaganmi? Tug‘ri bo‘lganmi? Alloh hammalarizdan rozi bo‘lsin iltimos savolimga iloji bo‘lsa tezroq javob beringlar iltimos. Rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Nikoh tuguni iyjob va qabul ila bog‘lanadi. Ularning lafzi «Zavvajtu» – «O‘zimni senga nikohladim» va «Tazavvajtu» – «Nikohlandim» kabi o‘tgan zamon fe’li yoki «Zavvijnii» – «Meni nikohla», deganda «Nikohladim», deyish kabi buyruq va o‘tgan zamon fe’li ila ifoda etiladi. Ikki taraf buning ma’nosini bilmasalar ham, baribir. (Fors tilidagi) «dol»dan keyin mimsiz «dod» va «Faziruft» va «Fazirufti» (ya’ni topshirdi, qabul qildi), deyish bilan nikoh bog‘lanadi. Bu «Sotdim» – «Oldim» kabi.  Guvohlar oldida «Biz er-xotinmiz», deyishlari bilan nokoh bog‘lanmaydi. Nikoh aqdi nikoh, uylanish va bir narsani o‘sha vaqtning o‘zida mulk qilib berishni anglatish uchun ishlatiladigan lafzlar ila to‘g‘ri bo‘ladi. Ikkovlari bir-birining lafzini eshitmoqlari va ikki mukallaf musulmon hur erkak yoki bir hur erkak va ikki hur ayol hozir bo‘lib, birgalikda ikkisining lafzlarini eshitmoqlari shartdir. Nikoh ikki fosiqning huzurida ham to‘g‘ri bo‘ladi. Lekin ularning guvohligi asari da’vo paytida o‘tmaydi. Nikoh ikki tarafning ikki o‘g‘li yoki bir tarafning ikki o‘g‘li huzurida to‘g‘ri bo‘ladi. Ularning guvohligi o‘zining yaqini foydasiga qabul qilinmaydi. Nikoh ikki zimmiyning guvohligida to‘g‘ri bo‘ladi va ularning guvohligi musulmonning ziddiga o‘tmaydi. Agar vakil qiluvchining o‘zi hozir bo‘lsa, vakil guvoh bo‘la oladi. Shuningdek, balog‘atga etgan, boshqa odam unga valiy qilingan qiz hozir bo‘lsa, uning valiysi guvoh bo‘la oladi. Quyidagilar harom bo‘ladi: asli, far’i, yaqin aslining far’i, uzoq aslining sulbidan bo‘lgan qizi, xotinining onasi va jinsiy yaqinlik qilgan xotinining qizi, aslining va far’ining xotini. Shularning hammasi emikdoshlik orqali bo‘lganda ham. Shuningdek, o‘zi bilan zino qilgan, o‘zi ushlagan yoki uni ushlagan va ichki farjiga shahvat bilan nazar solingan ayolning far’i ham, asli ham harom bo‘ladi. To‘qqiz yoshdan kichik qizlar ishtaha tortadigan emas. Ikki ayoldan birini erkak deb faraz qilinganda unga ikkinchisi halol bo‘lmaydigan ayollardan birining nikohi va iddasi ikkinchisining nikohini va mulk yuzasidan yaqinlik qilishni harom qiladi. Shuningdek, ulardan biriga mulk yuzasidan jinsiy yaqinlik qilish ikkinchisiga ham mulk yuzasidan, ham nikoh orqali jinsiy yaqinlik qilishni harom qiladi. Nikohini emas. Agar biriga aqdi nikoh qilgan bo‘lsa, to boshqasini harom qilmaguncha unga yaqinlik qilmay turadi. Quyidagilarning nikohi durust bo‘ladi: kitobiya ayolning, hur ayolga uylanishga qodir bo‘la turib cho‘riga uylanish, ehromdagi ayol va erkakning, zinodan homila orttirganning, unga homilasini tuqquncha yaqinlik qilmay turiladi va nikohi harom bo‘lgan ayol bilan birgalikda nikoh qilinganning. Quyidagi nikohlar durust bo‘lmaydi: o‘z cho‘risini nikohiga olish, (qulning) o‘z bekasiga uylanishi, ahli kitob bo‘lmagan kofir ayolga, hur uchun to‘rtinchi, qul uchun ikkinchi ayolining iddasida yana uylanish, hur ayolning ustiga yoki uning iddasida cho‘rini olish, homilasining nasabi sobit bo‘lgan homiladorga uylanish, mut’a va muvaqqat nikohlar. Endi «Muxtasari Viqoya»da kelgan matnlarni sharh qilishga o‘taylik. Nikoh tuguni iyjob va qabul ila bog‘lanadi. «Iyjob» aqdi nikohda ishtirok etadigan ikki tomonning biridan shu masalada avval sodir bo‘ladigan narsa, «qabul» esa ikkinchi o‘rinda sodir bo‘lgan narsadir. Misol uchun, bir erkak ayol kishiga guvohlar huzurida: «Men seni nikohimga oldim», desa, mana shu so‘rashi «iyjob» bo‘ladi.  Ayol unga: «Rozi bo‘ldim», deb javob bersa, mana shu javobi «qabul» bo‘ladi. Yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin. Valiylar yoki vakillar orqali ham «iyjob-qabul» bo‘lishi mumkin. Hanafiy mazhabida faqat iyjob va qabulgina nikohning rukni hisoblanadi. Iyjob va qabulda kelin va kuyov tomonidan ishlatilgan iboralar abadiylikni va o‘tgan zamonni yoki buyruq va o‘tgan zamonni ifoda qilishi shart. Agar iyjob va qabulda kelin va kuyov tomonidan ishlatilgan iboralar so‘rov yoki kelasi zamonni ifoda qilsa, nikoh bog‘lanmaydi.    Vaqtinchalikni ifoda qilsa, ya’ni vaqtini tayin qilib, «Falon oyga, falon yilga nikohlandik», deyilsa bo‘lmaydi. Shuning uchun ham muvaqqat nikoh va mut’a nikohi harom bo‘ladi. Ularning lafzi «Zavvajtu» – «O‘zimni senga nikohladim» va «Tazavvajtu» – «Nikohlandim» kabi o‘tgan zamon fe’li yoki «Zavvijnii» – «Meni nikohla», deganda «Nikohladim», deyish kabi buyruq va o‘tgan zamon fe’li ila ifoda etiladi. Yoki bir taraf nikoh rag‘batini bildirganda ikkinchi taraf qabul qilganini izhor etsa ham bo‘ladi. Ikki taraf buning ma’nosini bilmasalar ham, baribir. Arab tilini bilmaydigan odamlar iyjob va qabul lafzlarini o‘z tillarida ifoda qilishlari mumkin. (Fors tilidagi) «dol»dan keyin mimsiz «dod» va «Faziruft» va «Fazirufti» (ya’ni topshirdi, qabul qildi), deyish bilan nikoh bog‘lanadi. Bu «Sotdim» – «Oldim» kabi.  Guvohlar oldida «Biz er-xotinmiz», deyishlari bilan nokoh bog‘lanmaydi. Nikoh aqdi nikoh, uylanish va bir narsani o‘sha vaqtning o‘zida mulk qilib berishni anglatish uchun ishlatiladigan lafzlar ila to‘g‘ri bo‘ladi. Nikoh va uylanish ma’nolari Qur’oni Karimda kelgani uchun mazkur ikki lafzni ishlatish afzaldir. Ammo «mulk», «hiba», «sadaqa» kabi o‘sha vaqtning o‘zida mulk qilib berishni anglatuvchi so‘zlar turli sabablarga ko‘ra ishlatilib qolsa ham nikoh durust bo‘laveradi. Odatda «nikoh» va «uylanish» lafzlari ishlatilishi hammaga ma’lum va mashhur. Aqd paytida mulk qilib berishni anglatmaydigan «ijara», «huzurlanish», «garov» kabi so‘zlar bilan aqdi nikoh sobit bo‘lmasligiga barcha fuqaholar ittifoq qilganlar. Ikkovlari bir-birining lafzini eshitmoqlari va ikki mukallaf musulmon hur erkak yoki bir hur erkak va ikki hur ayol hozir bo‘lib, birgalikda ikkisining lafzlarini eshitmoqlari shartdir. Kelin-kuyov bir-birlarining iyjob va qabul haqidagi lafzlarini eshitishlari shart, chunki ovozi eshitilmagan shaxs g‘oyib shaxs bilan barobardir. Shuningdek, kelin-kuyovning iyjob va qabul haqidagi lafzlarini hozir bo‘lgan guvohlar ham eshitishlari shart.  Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Valiysiz va ikki odil guvohsiz nikoh yo‘qdir», dedilar». Ahmad va Bayhaqiy rivoyat qilishgan. Valiy Hanafiy mazhabida nikohning shart va ruknlaridan biri bo‘lmasa ham, boshqa mazhablar uni nikohning ruknlaridan biri deganlar. Odatda, ota yoki uning o‘rniga qolgan shaxs valiy bo‘ladi. Valiylar tartibi – ota yo‘q bo‘lsa, bobo, tug‘ishgan aka-uka, ota bir aka-uka, ona bir aka-uka, amaki bo‘lib ketaveradi. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, odam tanlashni bilmaydigan, aldanib qoladigan kishi ham valiy bo‘lmaydi. Valiy nikohda o‘zining o‘rniga vakil tayin qilishi joizdir. Ushbu hadisda zikr qilingan narsalardan biri – ikki adolatli shohidsiz nikoh bo‘lmasligidir. Shohidsiz nikoh bo‘lmaydi. Ana o‘sha guvohlar ikki shaxsning halol-pok yo‘l – nikoh yo‘li bilan oilaviy turmush qurishganiga shohid bo‘ladilar. Boshqa kishilarga ham buni etkazadilar. Shuningdek, er-xotin orasida nikoh masalasida da’volashuv bo‘lib qolsa, qozining oldida guvohlik ham beradilar. Ushbu e’tiborlardan, nikoh guvohsiz bo‘lishi mumkin emas. Nikohda guvohlar ikki erkak, hanafiy mazhabida ikki erkak bo‘lmasa, bir erkak, ikki ayol kishi bo‘lsa ham bo‘laveradi. Faqat ayol kishilarning yolg‘iz o‘zlarining guvohligi kifoya qilmaydi. Guvohlarda quyidagi shartlar bo‘lishi lozim: 1. Aql. Majnun kishi guvoh hisoblanmaydi. 2. Balog‘atga etganlik. Yosh bola guvoh hisoblanmaydi. 3. Hur. Qul guvoh bo‘lmagan. 4. Musulmonlik. G‘ayrimusulmon kishi guvoh bo‘lmaydi. 5. Ikki guvoh ham nikohlanuvchi ikki tomonning gaplarini eshitishlari kerak. 6. Guvoh adolatli – dini mukammal bo‘lsa, yaxshi bo‘ladi. Bunday odam topilmasa, adolati surishtirilmagan, yolg‘onchiligi, fosiqligi ma’lum bo‘lmagan kishi ham bo‘laveradi. Hanafiy mazhabida bu masala boshqa mazhablarga qaraganda bir oz kengroq olingan. Nikoh ikki fosiqning huzurida ham to‘g‘ri bo‘ladi. Lekin ularning guvohligi asari da’vo paytida o‘tmaydi. Fosiq – shariatga xilof ish qiladigan odam. Boshqa mazhablarda fosiqning guvohligi o‘tmaydi. Ammo hanafiy mazhabida yuqorida zikr qilingan shart ila uning nikohdagi guvohligi qabul qilingan. Nikoh ikki tarafning ikki o‘g‘li yoki bir tarafning ikki o‘g‘li huzurida to‘g‘ri bo‘ladi. Misol uchun, ajrashib ketgan er-xotin o‘zlarining ikki o‘g‘li guvohligida yoki birlarining ikki o‘g‘li huzurida qayta yarashsalar ham to‘g‘ri bo‘laveradi. Ularning guvohligi o‘zining yaqini foydasiga qabul qilinmaydi. Misol uchun, erning ikki o‘g‘li guvohligida nikoh qilindi. Keyin er-xotin orasida nizo chiqib, qoziga murojaat qilindi. Ikki o‘g‘ilning guvohligi otaning foydasiga qabul qilinmaydi. Ammo erning xuddi o‘sha o‘g‘illarining guvohligi xotinning foydasiga qabul qilinadi. Chunki ular bilan xotinning orasida qarobat – yaqin qarindoshlik yo‘q. Nikoh ikki zimmiyning guvohligida to‘g‘ri bo‘ladi va ularning guvohligi musulmonning ziddiga o‘tmaydi. Zimmiy – Islom davlati soyasida yashayotgan g‘ayridin shaxsdir. Agar musulmon odam zimmiy ayolga uylanayotgan bo‘lsa, ikki zimmiy erkakning guvohligida qilingan nikoh to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo keyinchalik mazkur er-xotinning orasida nizo chiqib, ishlari mahkamada ko‘rilayotganda zimmiylarning musulmonning ziddiga bergan guvohligi qabul qilinmaydi. Agar vakil qiluvchining o‘zi hozir bo‘lsa, vakil guvoh bo‘la oladi. Shuningdek, balog‘atga etgan, boshqa odam unga valiy qilingan qiz hozir bo‘lsa, uning valiysi guvoh bo‘la oladi. Ammo vakil qiluvchi va valiy qiluvchi hozir bo‘lmasa, vakil ham, valiy ham guvoh bo‘la olmaydi. Chunki bu holatda ularning har biri aqdi nikohning bir tarafi bo‘ladi. Nikohdan o‘tuvchining o‘zi aqd paytida hozir bo‘lsa, uning o‘zi aqdning bevosita egasi bo‘ladi. Bu holda vakilning ham, valiyning ham guvoh bo‘lishlariga imkon tug‘iladi. "Kifoya" kitobidan. Vallohu a’lam.

26 May 2022, 16:40 | Savol-javoblar | 167 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar