O‘g‘irlik haqida

Assalomu alaykum! Men yosh vaqtlarimda shunday ishlar qilganman. Masalan: magazindan beso‘roq narsa olish, keyin ishlagan ishimni ortig‘i bilan yozib hisob-kitob qilganman. Hozirgi vaqtda ming pushaymondaman. Shu odamlarga rozi bo‘lishi uchun nima qilishim kerak. Olgan narsalarimning miqdorini, summasini aniq bilmayman. Javobingiz uchun oldindan rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Tahminan shuncha bo‘lsa kerak deb hisoblab berasiz. عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ : «مَنْ كَانَتْ لَهُ مَظْلَمَةٌ لِأَحَدٍ مِنْ عِرْضِهِ أَوْ شَيْءٍ فَلْيَتَحَلَّلْهُ مِنْهُ الْيَوْمَ قَبْلَ أَنْ لَا يَكُونَ دِينَارٌ وَلَا دِرْهَمٌ، إِنْ كَانَ لَهُ عَمَلٌ صَالِحٌ أُخِذَ مِنْهُ بِقَدْرِ مَظْلَمَتِهِ، وَإِنْ لَمْ تَكُنْ لَهُ حَسَنَاتٌ أُخِذَ مِنْ سَيِّئَاتِ صَاحِبِهِ فَحُمِلَ عَلَيْهِ». قَالَ أَبُو عَبْدِ اللهِ: قَالَ إِسْمَاعِيلُ بْنُ أَبِي أُوَيْسٍ: إِنَّمَا سُمِّيَ الْمَقْبُرِيَّ لِأَنَّهُ كَانَ نَزَلَ نَاحِيَةَ الْمَقَابِرِ. قَالَ أَبُو عَبْدِ اللهِ وَسَعِيدٌ الْمَقْبُرِيُّ: هُوَ مَوْلَى بَنِي لَيْثٍ، وَهُوَ سَعِيدُ بْنُ أَبِي سَعِيدٍ، وَاسْمُ أَبِي سَعِيدٍ كَيْسَانُ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Kim birovning sha’niga yoki biror narsasiga zulm qilgan bo‘lsa, uni bugun – dinor ham, dirham ham bo‘lmay qolishidan oldin – rozi qilib olsin. Agar solih amali bo‘lsa, undan qilgan zulmi miqdorida olinadi; yaxshiliklari bo‘lmasa, haq egasining yomonliklaridan olinib, bunga yuklatiladi».

Agar kishi birovning sha’niga tuhmat, ig‘vo yoki g‘iybat qilish orqali futur etkazsa, undan rozilik so‘rab qo‘yishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, agar ikki kishining o‘rtasida gap-so‘z o‘tgan bo‘lsa, ular ham bir-birlaridan rozi-rizolik so‘rashlari lozim. Xususan, birovga moddiy ziyon etkazgan kishi etkazilgan zararni to‘lash bilan uning egasini rozi qilishi darkor. Ammo ana shunday rozilik olayotgan kishi rozilik hisobga o‘tishi uchun bo‘lib o‘tgan nohaqlikning nima ekanini, miqdorini, ko‘lamini ochiq-oydin aytishi shartmi yoki shart emasmi, degan savolga ulamolar turlicha javob berganlar: ba’zilar shart, desa, boshqalar shart emas, deydi. Shuning uchun ham muallif sarlavhani savol bilan yakunlagan. Biroq, keltirilgan hadis ikkinchi guruhning fikrini quvvatlaydi. (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَتَدْرُونَ مَا الْمُفْلِسُ؟ قَالُوا: الْمُفْلِسُ فِينَا مَنْ لَا دِرْهَمَ لَهُ وَلَا مَتَاعَ، فَقَالَ: إِنَّ الْمُفْلِسَ مِنْ أُمَّتِي مَنْ يَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِصَلَاةٍ وَصِيَامٍ وَزَكَاةٍ، وَيَأْتِي قَدْ شَتَمَ هَذَا، وَقَذَفَ هَذَا، وَأَكَلَ مَالَ هَذَا، وَسَفَكَ دَمَ هَذَا، وَضَرَبَ هَذَا، فَيُعْطَى هَذَا مِنْ حَسَنَاتِهِ وَهَذَا مِنْ حَسَنَاتِهِ، فَإِنْ فَنِيَتْ حَسَنَاتُهُ قَبْلَ أَنْ يُقْضَى مَا عَلَيْهِ أُخِذَ مِنْ خَطَايَاهُمْ فَطُرِحَتْ عَلَيْهِ ثُمَّ طُرِحَ فِي النَّارِ Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kasodga uchragan kimligini bilasizlarmi?» dedilar.
«Bizning ichimizda kasodga uchragan dirhami ham, matohi ham yo‘q odam», deyishdi.
«Albatta, ummatimdan kasodga uchragani qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan kelgan, ammo buni so‘kkan, buni zinoda ayblagan, buning molini egan, buning qonini to‘kkan, buni urgan odamdir.
Bunga uning savoblaridan berilur, anavinga ham uning savoblaridan berilur. Agar uning zimmasidagi narsa tamom bo‘lmasdan avval savoblari tugab qolsa, ularning xatolaridan olinib, uning ustiga tashlanur. So‘ngra u do‘zaxga tashlanur», dedilar».
Sharh:
To‘liq ma’noda kasodga uchragan odam bu dunyoda odamlarga yomonlik qilgan kishi ekan. Ushbu hadisi sharifda o‘sha kasodga uchraganlarning eng yaxshisi haqida so‘z ketmoqda. Chunki u qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan kelgan bo‘ladi.
Ammo u bu kabi ibodatlar bilan kelgan bo‘lsa ham o‘sha dahshatli kunda og‘ir ahvolda qoladi. Chunki u bu dunyoda buni so‘kkan, buni zinoda ayblagan, buning molini egan, buning qonini to‘kkan, buni urgan odam bo‘lgan edi.
Shu erda kishini kasodga uchratadigan, uning ibodatlarini ham puchga chiqaradigan yomonliklardan ushbu hadisi sharifda zikr qilinganlarini sanab o‘taylik:
1. Birovni so‘kish.
2. Birovning obro‘sini to‘kish.
3. Birovning molini eyish.
4. Birovning qonini to‘kish.
5. Birovni urish.
Mana shu ishlarni qilgan odam qiyomat kuni kasodga uchrashi turgan gap. Avval o‘sha kasodga uchragan baxtsizning savoblari bo‘lsa, ularni olib, undan yomonlik ko‘rgan bechoralarga taqsimlab beriladi.
Keyin esa mazkur kasodga uchragan baxtsizning ustiga bu dunyoda uning yomonligidan zarar topgan bechoralarning gunohlari yuklanadi.
Oxirida o‘sha kasodga uchragan baxtsiz jahannamning qa’riga uloqtiriladi.
Ana, ko‘rdingizmi, birovni so‘kish, birovning obro‘sini to‘kish, birovning molini eyish, birovning qonini to‘kish va birovni urish qanday ham yomon ish! Bas, bularga o‘xshagan yomon ishlardan saqlanaylik. وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَتُؤَدَّنَّ الْحُقُوقُ إِلَى أَهْلِهَا يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُقَادَ لِلشَّاةِ الْجَلْحَاءِ مِنَ الشَّاةِ الْقَرْنَاءِ. رَوَاهُمَا مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, qiyomat kuni haqlarni o‘z ahliga ado qilursiz. Hattoki, shoxli qo‘ydan shoxsiz qo‘yga o‘ch olib beriladi», dedilar».
Ikkisini Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 20:06 | Savol-javoblar | 182 | Islam
|
Boshqa savol-javoblar