Payg‘ambarimiz tug‘ilgan yillarini anig‘i qaysi

Assalomu alaykum! Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni tug‘ilgan yillari "Payg‘ambarlar tarix" kitobida 570, "Ibodati islomiya" kitobida 571 berilgan. Qaysi biri to‘g‘ri?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan sana tarixchilar o‘rtasidagi munozarali mavzulardan biridir. Ba’zilari 569 va 577 yilni ko‘rsatishsa, boshqalar 571 yili Payg‘ambarimizning tug‘ilgan yillari deb isbotlashga urinishadi.
Misr rasadxonasining sobiq mudiri, falakiyot olimi Mahmud Falakiy Posho 1858 yili frantsuz tilida yozgan bir risolasida Rasuli akramning tug‘ilgan yillari haqida yangi ilmiy ma’lumotlar bergan edi13. Mahmud Falakiy bu risolasida shunday deydi: «Buxoriyning ma’lumot berishicha, hijratning o‘ninchi sanasi hazrat Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning kichik o‘g‘illari Ibrohim o‘lgan va o‘sha kuni quyosh tutilgan edi. U paytda Rasuli akram 63 yoshda bo‘lganlar. O‘ninchi hijriy yilda sodir bo‘lgan bu quyosh tutilishi hodisasi milodning 632 yili yanvar oyining 7-kuniga to‘g‘ri kelyapti. Ana shu sana asosida Rasuli akramning qamariy hisob bo‘yicha oltmish uch yillik hayotlari orqaga qarab hisoblanadigan bo‘lsa, tug‘ilgan yillari 571 yilning 13 apreli - rabi’ul avvalning 1-kuni bo‘ladi»14.
«Riyozul-Muxtor» nomli asarning muallifi G‘ozi Ahmad Muxtor Posho Mahmud Falakiyning fikrlariga bunday izoh beradi: «Yupiter burji bilan Saturn burji 571 yilning 30 martida Chayon burjida yig‘ilgan, Rasuli akram ham o‘sha yili tavallud topganlar. Biroq 13 aprel yakshanba kuniga to‘g‘ri keladi».
Hazrat Payg‘ambarimizning 63 yoshni to‘ldirib, rabi’ul-avvalning birinchi kuni vafot etganliklarini15 ko‘zda tutsak16, tavallud kunlari ham 63 yil oldin − rabi’ul avvalning birinchi kuni bo‘lishi lozim. Lekin rabi’ul avvalning birinchi kuni yakshanba kuniga to‘g‘ri kelgani uchun tug‘ilgan kunlari bir kun keyin (2-rabi’ul avval, dushanba) bo‘lganiga shubha yo‘q. Chunki vafotlari rabi’ul avvalning birinchi yakshanba kuni, tushdan keyin bo‘lgan edi. Tug‘ilishlari ham rabi’ul avvalning ikkinchi dushanba kuni tongida sodir bo‘lganiga ko‘ra, rabi’ul avvalning birinchi kuni tushdan keyingi o‘lim voqeasi bilan ikkinchi kuni tongga yaqin bo‘lgan tug‘ilish hodisasi orasidagi vaqtning qanchalar oz ekani o‘z-o‘zidan ko‘rinyapti.
«Oliy tarix» kitobi bunday deydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fil yilida, yakshanba kuni kechasi, bir rivoyatda rabi’ul avvalning 12-kechasi dunyoga tashrif buyurdilar».
Ahmad Rosim ushbu xulosaga keladi:«Aytilgan rivoyatlarning eng to‘g‘risi−Payg‘ambarimizning rabi’ul avval oyining 12-kechasi dunyoga kelganlarini bildiruvchi rivoyatdir. Islom dunyosi bu rivoyatni qabul qilgan, Usmonli xalifalari (podshohlari) tomonidan bu kechaning muborak «Mavludi Nabiy» kechasi sifatida qutlanishi buyurilgandir17. Shu bilan birga 12-rabi’ul-avvalning dushanba kuniga to‘g‘ri kelmaganini ham unutmaslik kerak.
Rasuli akramning tug‘ilishlariga oid quyidagi muhim izoh Umar Rizo Do‘g‘rul qalamiga mansubdir: «Hazrat Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tug‘ilgan yil, oy, kun haqidagi bu ixtiloflarning hikmatini anglamoq uchun Islomning ruhiga kirib borish, uni yaxshi tushunish lozim. Bu ixtiloflarning barchasiga barham berish mumkin edi, aslida. Chunki Payg‘ambarimiz davrlarida bu muhim va qimmatli hodisa butun tafsilotlari bilan aniq-tiniq yozilishi mumkin edi. Payg‘ambarimizning hayotlarini eng nozik nuqtalarigacha hassoslik bilan kuzatib borgan ashobi kirom uchun bundan oson ish yo‘q edi. Shunday ekan, bu oddiygina ish nimaga amalga oshirilmadi?
Musulmonchilikda qudsiyat faqatgina bir borliq ustiga to‘plangan. U ham bo‘lsa, Alloh taolodir. Boshqa hech bir borliqqa qudsiyat berishlik joiz emas. Shuning uchun Islomda «muqaddas xotira»tushunchasi yo‘q. Biron kun, biron odam yoxud xotirani muqaddaslashtirish butga sig‘inishning bir ko‘rinishidir. Musulmonlik esa butparastlikning azaliy va qat’iy dushmanidir.
Butga sig‘inish bilan Islom dini o‘zaro keskin muxolifda bo‘lgani uchun ilk musulmonlar avlodlariga «muqaddas kun», «muqaddas odam», «muqaddas xotira» degan biron-bir meros qoldirmaganlar. Ular avlodlarining Allohga bo‘lgan hurmat-e’tiqodlariga bu kabi narsalar bilan darz ketishini istashmagan.
Saodat asri musulmonlari o‘zlaridan keyin kelayotgan musulmonlarni butga sig‘inishning har qanday shaklidan muhofaza qilishgan, iymonni susaytiruvchi butun marosimlarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaganlar. Ilk musulmonlarning chuqur tafakkur bilan qilgan bu sa’y-harakatlari haqiqatan tahsinga loyiqdir. Keyingi davr musulmonlari esa Payg‘ambarning tug‘ilgan kunini muqaddaslashtirish orzuida «tadqiqotlar» boshlab yubordilar. Oqibatda bahs, ixtiloflar yuzaga keldi.
Hazrat Payg‘ambarning xotirini yod etishni istagan bir musulmon buning uchun aniq bir kunni tanlashi shart emas. Qiymat kun yo soatga emas, shaxsning har tomonlama komil va har tomonlama namuna bo‘lishiga bog‘liqdir. U Zotning shaxsiyatiga ko‘rsatiladigan hurmat-ehtiromni u yoki bu kunda marosim o‘tkazish bilan ado etib bo‘lmaydi. Bu narsa u Zoti muborakka eng samimiy rishtalar bilan bog‘lanish va uning ruhini yashatish orqali amalga oshirilishi mumkin.
Bu sababdan Saodat asri musulmonlari biz muborak deb bilgan kunlardan birortasini hisob-kitob qilmadilar, bunga ko‘p ahamiyat bermadilar ham. Ular bu muborak kunlar xayollarini chalg‘itib yoki ma’lum bir vaqtga bog‘lab qo‘yishini xohlamadilar, balki musulmonlarning u xotiralari doimo yashashini o‘rgatdilar. Bu nuqtani tushunmaganlar kun, yil, soat ustida bahs yuritib, tushunmovchiliklarning o‘rtaga chiqishiga sababchi bo‘ldilar. Bahs-munozaraning ichidan chiqolmay qoldilar. Haqiqatda esa musulmonlarning «muborak kunlar» degan bir tushunchani tan olmasligi uning eng ahamiyatli vasflaridan biridir. Chunki musulmon uchun muborak bo‘lmagan biror kun va biror soat yo‘q. Har kunini, har soatini musulmonchasiga, hazrat Payg‘ambar aytganlaridek va istaganlaridek o‘tkazgan inson orzu qilgan savob-barakotni topadi. Binobarin, o‘sha kun, o‘sha soat uning uchun qadrli, muborakdir.
So‘nggi yillar musulmonlarining ilohiy hayot tarzini bir qancha odatlarga bog‘lab, haqiqiy islomiy hayot tartibini emas, qandaydir urf-odat va marosimlarni tiriltirish maqsadida kunlarning hisobini qilishlari, bu yo‘ldagi sa’y-harakatlari foydasizdir»18.
Rasuli akram tug‘ilgan Fil sanasi «Fil voqeasi» sababli makkaliklar orasida taqvim boshi hisoblanardi. Xristianlik Rim imperatorligida rasmiy din sifatida qabul qilingandan keyin bu din Habashistongacha yoyilgan edi. Vizantiya imperatorlari ham Najron (Najron bilan Yaman orasida) va Adam taraflariga xristianlikni olib kirishgan edi. Yahudiylik esa Yamanga ximyariylar zamonida kirgan edi. Ximyariy davlati yiqilgandan so‘ng Yaman xristian Habash istilosiga duch keldi.
Habash qo‘shinining qo‘mondoni Abraha mutaassib bir xristian edi. Arab yarim oroliga xristianlikni yoyish maqsadida Yamanda, San’o shahrida chiroyli va hashamatli cherkov qurdirgan edi. U Ka’baga ziyorat uchun kelayotgan arablarni San’o cherkoviga burish uchun Ka’ba ziyoratini to‘xtatib qo‘ydi. Hijozlik ikki do‘st San’o cherkoviga kirdilar. Cherkov devorlaridagi rasmlarning ustidan chizib, qochib ketdilar.
Abraha bu ishning makkaliklar tomonidan qilinganini bildi va Makkani zabt etishga, Ka’bani yiqitishga qaror berdi. Ko‘p vaqt o‘tmay, Hijozga yurish boshladi.
Abraha har jangga «karomatli» deb bilgan «Mahmudiy» laqabli filida chiqardi. Uning qo‘shinlari Makka shahrini o‘rab oldi. O‘sha paytda Makkada Quraysh qabilasining boshida Payg‘ambarimizning bobolari Abdulmuttalib turardi.
Abdulmuttalib dushmanning bu dahshatli qo‘shini qarshisida o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Abraha Abdulmuttalibga bir elchi jo‘natdi. «Men siz bilan urushishga emas, Ka’bani yiqitishga keldim», dedi elchi uning nomidan.
Lekin ayni paytda Abraha qo‘shinlari makkaliklarning tuyalarini zo‘rlab olib ketishdi.
Abdulmuttalib ham to‘g‘ri Abrahaning oldiga borib: «Men ham Ka’bani buzmasliklaringni iltimos qilib emas, tuyalarimni qaytarib olishga keldim. Ka’baning Egasi uni asraydi!» deb tuyalarini olib, Makka aholisi bilan birga tog‘larga chiqib ketdi.
Biroq Qur’oni karimda zikr etilganidek, habashiylarning bu qo‘shini katta falokatga uchradi, «qurt-qumursqalar chaynab tashlagan somondek» (ilma-teshik) bo‘ldi. Hattoki ular oldinroq qo‘lga kiritgan makkaliklarning hayvon podalarini ham olib ketisholmadi19.
Talofatga uchragan Abraha qo‘shinining qiyin ahvolga tushib qolganini ko‘rib chekinishga majbur bo‘ldi. Bu voqeani Abdulmuttalib bir manzumasida juda chiroyli tushuntirib bergan edi.
Tarixda «Fil voqeasi» deb tilga olinadigan bu muhim hodisadan 54 kundan keyin hazrat Muhammad alayhissalom Makkaning sharqida − Hoshim o‘g‘illari mahallasida, dadalaridan meros bo‘lib qolgan o‘z uylarida sahar payti dunyoga keldilar.
Ko‘plab tarixiy yodnomalarda Payg‘ambarimiz tug‘ilgan kechasi bir necha ajoyib-g‘aroyib hodisalar ro‘y bergani yoziladi. Jumladan, o‘sha kecha Ka’ba ichidagi butlar yuztuban holda tushib singani; Madoyin shahrida Kisraning (Eron hukmdorining) saroyi to‘satdan silkingani va o‘n to‘rt ustuni yiqilgani; Istaxrabod shahridagi otashparastlar sig‘inayotgan katta gulxanlar o‘zidan-o‘zi so‘ngani; Sava ko‘li qurigani; Samova darasidagi suv toshgani; Eronning eng buyuk hukmdori Mobizon tushida bir suruv arab tuyalari va otlarining Dajla daryosini kechib Eron tuproqlariga tarqalganini ko‘rgani va shu kabi hodisalarning bo‘lgani qayd etilgan. Bu ma’lumotlar Tabaroniy, Bayhaqiy, Abu Nuaym, Ibn Asokirlarning asarlarida bor. Holbuki, Imom Buxoriy va Imom Muslim kabi muhaddislarimizda bunday rivoyatlar yo‘q. Bu borada «Asri Saodat» asarining muallifi Mavlono Shibliy bunday deydi: «Haqiqat shudirki, yiqilgan u saroy Kisraning saroyi emas, balki butun Eron saltanati, Vizantiya qudratiyu Xitoyning dovrug‘i edi. U so‘ngan gulxan majusiylarning ibodatxonalarida yongan olov emas, butun er yuzidagi kufr olovi edi. Qurigan Sava ko‘li emas, butparstlarning hokimiyati, zardushtiylarning quvvati, xristianlikning ustivorligi edi»20.
Izohlar
13.«Riyozul Muxtor». G‘ozi Ahmad Muxtor Posho.
14. «Asri saodat», 1-jild, 191-bet.
15. Oisha roziyallohu anhodan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning 63 yoshlarini to‘ldirib vafot etganlari rivoyat qilingan («Tajrid», 11-jild, 6-bet).
16. «Rasuli akram rabi’ul avvalning dushanba kuni quyosh zavoldan o‘tgach, botishdan avval vafot etdilar» («Tajrid» tarjimasi, 11 jild, 6-bet).
17.«Manoqibi Islom», 1-jild, 8-bet.
18. «Hazrat Muhammad Mustafo», 97-bet.
19.«(Ey Muhammad), Parvardigoringiz fil egalarini qanday (halok) qilganligini ko‘rmadingizmi? U Zot ularning (Ka’batullohni vayron qilish uchun qo‘llagan barcha) hiyla-nayranglarini barbod qilmadimi? U Zot ularning ustiga sopoldan bo‘lgan toshlarni otadigan to‘p-to‘p qushlarni yuborib, ularni qurt-qumursqalar tomonidan eb tashlangan somon kabi (ilma-teshik) qilib yubordi!» (Fil surasi ).
 20.«Asri saodat», 1-jild, 188-bet. Vallohu a’lam!

8 May 2022, 21:27 | Savol-javoblar | 576 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar